Fan-texnika | 14:49 / 31.08.2018
7351
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda robotlar o‘qituvchilar o‘rnini egallamoqda

Xitoydagi bog‘chalardan birida bolalarga murabbiy o‘rniga 60 santimetrli robot dars o‘tishni boshladi. Ta'lim sohasida yangi ish boshlagan “smart” o‘qituvchining ismi - Kiko (Keeko). 

U bolalarga qiziqarli hikoya, ertaklarni aytadi, turli yoshga mo‘ljallangan mashq va topshiriqlarni beradi. O‘quvchi savolga to‘g‘ri javob bersa, robot sensor ekranida qizil yurakchalar yonadi. Bundan tashqari, u uzluksiz videoyozuvni amalga oshiradi va savollarga javob beradi. 

Kiko bilan ishlagan bog‘cha murabbiysi: “Robot bilan ishlash juda maroqli. U odamlarga qaraganda o‘z hissiyotlarini muvozanatda ushlab tura oladi”, deya fikr bildirdi.

Kikoning narxi 10 ming yuan turadi. Bu xitoylik o‘qituvchining bir oylik o‘rtacha oyligi. 

Robotni ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotini boshqa Osiyo davlatlariga sotish niyatidalar. 

Robototexnika xalqaro federatsiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoy robotlardan foydalanish bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatdir. Mamlakat zavodlarida 340 ming android mehnat qiladi. Robotlar mahsulotlarni yetkazib berishadi, ko‘chada keksa insonlarga yordam berishadi, kasalliklarga tashxis qo‘yishadi. Xitoy hukumati sun'iy intellektga katta sarmoya kiritmoqdalar va hattoki yuqori texnologiyani rivojlantiradigan “2025 Xitoyda ishlab chiqarilgan” nomi ostida dastur yaratishdi.   

Mavzuga oid