O‘zbekiston | 13:06 / 31.08.2018
68035
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijlik ishbilarmonlar, davlat va jamoat arboblariga O‘zbekiston davlat mukofotlari topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 29 avgustdagi farmonlariga muvofiq mamlakatimiz bilan samarali hamkorlik qilib kelayotgan xorijlik ishbilarmonlar, Tojikistonning bir guruh davlat va jamoat arboblari Vatanimizning yuksak  mukofotlari bilan taqdirlangan edi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.

31 avgust kuni mamlakat tarixida birinchi marta chet elliklarga  O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. 

– Bugun ko‘pmillatli xalqimiz O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligini keng nishonlamoqda, – dedi prezident. – Ushbu shonli tarixiy sanani biz bilan birgalikda mamlakatimizning chet ellardagi ko‘p sonli do‘stlari va sheriklari – davlat va jamoat arboblari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, yirik xorijiy kompaniyalar va moliya institutlari vakillari bayram qilayotgani bizni quvontiradi.

Harakatlar strategiyasiga muvofiq O‘zbekiston faol va ochiq tashqi siyosat yuritmoqda. Rossiya, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya, Germaniya, Yaponiya, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalar jadal rivojlanmoqda. Jahonning yetakchi kompaniyalari, bank va konsorsiumlari, xalqaro biznes tuzilmalari mamlakatimiz bilan faol hamkorlik qilmoqda.

– Biz sheriklarimizning O‘zbekiston iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga, yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga, ijtimoiy va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qo‘shayotgan katta hissasini yuksak qadrlaymiz, – dedi davlat rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev taniqli hamyurtimiz, Rossiyaning «USM Holding» aksiyadorlik jamiyati ta'sischisi va rahbari Alisher Usmanovga «El-yurt hurmati» ordeni, Rossiyaning «LUKOYL» ochiq aksiyadorlik jamiyati prezidenti Vagit Alekperov hamda Germaniyaning «KNAUF» korxonalari guruhi ishtirokchilari Kengashi a'zosi Nikolaus Knaufga «Do‘stlik» ordenlarini topshirdi.

Shuningdek, Tojikiston Respublikasi bosh vaziri Qohir Rasulzoda, tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinga «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari topshirildi. O‘zbekiston bilan Tojikiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga katta hissa qo‘shgan madaniyat, fan va sog‘liqni saqlash sohalari vakillariga farmonga muvofiq orden va faxriy unvonlar berildi. 

– Bunday marosim mamlakatimiz tarixida birinchi marta o‘tkazildi. O‘ylaymanki, hamjihatligimiz, bag‘rikengligimiz ifodasi bo‘lgan bu tadbir an'anaga aylanib qoladi. O‘zaro manfaatli hamkorligimiz bundan buyon ham rivojlanib, samimiy do‘stligimiz va o‘zaro anglashuvimiz xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi, – deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Mukofotlanganlar yuksak e'tibori, xorijlik investorlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi. 

Mavzuga oid