Sport | 09:46 / 31.08.2018
7230
3 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari. Dzyudochilarning birortasi finalga chiqa olmadi. O‘zbekistonda 4ta bronza uchun imkoniyat bor

O‘zbekiston dzyudo jamoasi Osiyo o‘yinlarining navbatdagi vazn toifalarida ishtirok etishmoqda.

+78 kg vazn toifasida ishtirok etgan Rinata Ilmatova nimchorak finalda indoneziyalik Diva Vidarini mag‘lub etdi, ammo chorak finalda janubiy koreyalik Kim Minjyeongga yutqazib qo‘ydi. Shundan so‘ng bronza uchun bahslarga qo‘shilgan Ilmatova mo‘g‘ulistonlik Battulgaga imkoniyatni boy berdi.

O‘zbekiston jamoasining -90 kg vazn toifasidagi vakili Shahzodbek Sobirov nimchorak finalda BAA vakili Toma Sergiuni mag‘lub etdi. Lekin chorak finalda mo‘g‘ulistonlik Gantulga Altanbaganaga yutqazib qo‘ydi. Shundan so‘ng bronza medal uchun o‘tish bahslarida qatnashgan Sobirov livanlik Nasif Eliasni yengdi. Endi u bronza medal uchun yaponiyalik Mashu Baker bilan kurashadi.

-100 kg vazn toifasida Sherali Jo‘rayev ilk jangida nepallik raqibidan ustun keldi, ammo u ham chorak finalda mo‘g‘ulistonlik Lxagvasuren Otgonbatarga yengildi. Shundan so‘ng bronza medal uchun bahslarda ishtirok etgan Jo‘rayev turkmanistonlik Batir Xojamuxamedovni mag‘lub etdi. Endi u bronza medal uchun Birlashgan Arab Amirliklari vakili Ivan Remarenkoga qarshi gilamga chiqadi.

+100 kg vazn toifasidagi Bekmurod Oltiboyev ishtirokini chorak finaldan boshladi. Ammo u ilk jangdayoq yaponiyalik Takeshi Ojitaniga yutqazdi. Shundan so‘ng bronza medal uchun o‘tish bahsida gilamga chiqqan Oltiboyev xitoylik Yin Yongiyega qarshi gilamga chiqib, ippon bahosi bilan g‘alabaga erishdi. Endi u bronza medal uchun eronlik Javod Mahjud bilan bellashadi.

-78 kg vazn toifasida Indoneziyaga tashrif buyurgan Nodira Yo‘ldosheva esa ishtirokini chorak finalda boshladi. U ilk raqibi, qozog‘istonlik Zarina Raifovani mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.

Ammo u yarim finalda janubiy koreyalik Park Yujinga yutqazdi. Endi u bronza medal uchun tailandlik Ikumi Oyedaga qarshi gilamga chiqadi.

Medallar uchun janglar soat 16:00dan so‘ng (Toshkentda 14:00dan so‘ng) boshlanadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid