Jamiyat | 12:44 / 05.09.2018
73781
3 daqiqa o‘qiladi

IIBB yosh bolani oldiga o‘tkazib, boshqa haydovchini «terpila» deb atagan ayolni qidirmoqda

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda o‘z oldiga yosh bolani o‘tkazib qo‘yib, mashina haydab ketayotgan ayol tasvirlangan video tarqaldi.

Videodan ko‘rish mumkinki, mashina boshqaruvidagi ayol o‘z oldiga yosh bolani o‘tkazib qo‘yib, pista chaqib ketgan va po‘choqni oynadan tashlagan.

Haydovchining yosh bolani nega oldiga o‘tkazib qo‘ygani haqidagi savoliga ayol baqirgan va uni «terpila» deb atagan. Shu bilan birga, u o‘rta barmog‘ini ham ko‘rsatishga ulgurgan.

Poytaxt IIBBdan xabar berishlaricha, videoda tasvirlangan ayolga nisbatan choralar ko‘riladi. Hozirda Toshkent shahar IIBB YHXB ayolning shaxsini aniqlash bilan shug‘ullanmoqda.

«Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarni mototsiklning orqa o‘rindig‘i, yengil avtomobilning old o‘rindig‘ida bolalarni ushlab turuvchi maxsus vositalarsiz olib yurish taqiqlanadi. O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 128-moddasida odamlarni tashish qoidalariga rioya qilmaganlik uchun eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Biroq, bu ushbu qoidabuzarlik birinchi marta sodir etilsa ro‘y beradi. Xuddi qoidabuzarlik uch barobar yoki undan ortiq ma'muriy javobgarlik qo‘llanilganidan keyin bir yil mobaynida takroran sodir etilsa eng kam ish haqining to‘rt barobari miqdorida jarima yoki transport vositasini olti oyga boshqarish huquqidan mahrum qilishga olib keladi», - deyiladi IIBB xabarida.

Bundan tashqari, Yo‘l harakati qoidalari aniq belgilab qo‘yilganki, haydovchi xavfsizlik kamarini taqishi kerak. Haydovchilar tomonidan transport vositasini boshqarish chog‘ida xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya qilmaslik eng kam ish haqining beshdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 125-moddasi).

Mavzuga oid