Jahon | 17:00 / 05.09.2018
15293
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Idlibda keng ko‘lamli harbiy amaliyot o‘tkazganini tasdiqladi

© RIA Novosti / Dmitriy Vinogradov

4 sentabr kuni Rossiya harbiy-havo kuchlarining 4 samolyoti Suriyaning Idlib viloyati hududida joylashgan obektlarga qarata yuqori aniqlikdagi zarbalar bergan. Rossiya Mudofaa vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, zarbalar «Jabxat an-Nusra» guruhiga qarshi qaratilgandi.

Mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkovning ma'lum qilishicha, Rossiyaning Su-34 rusumli samolyotlari jangarilarning uchuvchisiz uchar qurilmalar ishlab chiqariluvchi sexlarini, shuningdek, portlovchi qurilmalar saqlanuvchi omborlarini o‘qqa tutgan.

Vazirlik xabarida qayd etilishicha, Idlibda amalga oshirilgan hujum tinch aholi vakillariga daxl qilmagan.

Bundan avvalroq rossiyaliklarning Idlibdagi hujumi haqida Syrian Observatory for Human Rights tashkiloti xabar bergandi.

Idlib — Suriyadagi qurolli muxolifat qo‘lida qolayotgan oxirgi yirik shahardir. Avgust oyi o‘rtalarida matbuotda Bashar Asad armiyasi Suriyaga keng ko‘lamli hujum boshlashga tayyorlanayotgani xabar qilingandi.

Bloomberg agentligi ma'lumotiga ko‘ra, AQSh agar Asad armiyasi Idlibda kimyoviy hujum uyushtirgudek bo‘lsa, Suriyaga raketalar yog‘dirilishi haqida Rossiyani ogohlantirgan. O‘z navbatida Rossiya Mudofaa vazirligi Idlibda AQSh hujumiga sharoit yaratilishi uchun boshqa kuchlar kimyoviy hujum uyushtirishi mumkinligini aytgandi.

4 sentabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Idlib viloyatida Rossiya va Eron qo‘shinlarining harbiy harakatlar boshlashi Suriya uchun jiddiy gumanitar halokatga aylanishi mumkinligini bildirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuz minglab kishilar halok bo‘lishi mumkin.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid