O‘zbekiston | 16:19 / 05.09.2018
7800
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda AQShning Markaziy Osiyodagi ilk magistrlik ta'lim loyihasi yo‘lga qo‘yildi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tashabbusi asosida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida AQShning Vebster universiteti bilan hamkorlikda TESL — “Ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘qitish” akademik dasturi bo‘yicha bir yillik magistratura yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur loyiha AQShning Markaziy Osiyodagi ilk magistrlik ta'lim loyihasi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyidagi AQShga davlat tashrifi chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi imzolangan shartnomaga muvofiq amalga oshirilmoqda. 

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi rahbariyati hamda Vebster universitetining vitse-prezidenti Piter Maxer ishtirokida hamkorlikda tashkil etilgan magistratura dasturi tantanali ravishda ochildi. 

Ilk marotaba yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikdagi dasturda ishtirok etish uchun nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning barcha davlatlaridan hujjat topshirgan talabgorlar orasidan 125 nafari tanlov asosida o‘qishga qabul qilindi.

Bir yillik magistraturada o‘qitish to‘liq Vebster universiteti o‘quv dasturlari asosida amalga oshirilib, mashg‘ulotlar Vebster universitetining malakali mutaxassislari bilan bir qatorda O‘zDJTUning maxsus tanlovdan o‘tgan professor-o‘qituvchilari tomonidan olib boriladi. 

Dastur doirasida o‘qishlarini muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilarga Vebster universitetining magistrlik diplomi beriladi.

Ma'lumot uchun, 2018 yil iyul oyida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Vebster universiteti o‘rtasida imzolangan kelishuvga asosan keyingi yildan Vebster universiteti O‘zbekistonda to‘laqonli faoliyat ko‘rsatadi. 

2019 yil yanvar oyidan boshlab mazkur universitet bilan hamkorlikda Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida MBA dasturi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. 

Mavzuga oid