Jamiyat | 18:46 / 07.09.2018
8200
3 daqiqa o‘qiladi

“Olot” chegara bojxona postida noqonuniy tovarlar to‘xtatib qolindi

Buxoro viloyati “Olot” chegara bojxona posti xodimlari katta miqdordagi tovar-moddiy boyliklarning qonunga xilof tarzda olib o‘tishga bo‘lgan urinishlarni bartaraf qilishdi. Bunda mazkur postga o‘rnatilgan zamonaviy mobil skaner qurilmasi bojxonachilarga beminnat asqotmoqda.

Bu haqida Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati
Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Xorijiy davlatdan kirib kelgan va chet el fuqarosi boshqaruvidagi yuk avtomashinasi to‘xtatilib, yirik hajmdagi yuk avtotransport vositalari uchun mo‘ljallangan inspektsion ko‘rik majmuasi orqali ko‘zdan kechirilganida, unga ortilgan yuklar bilan yuk-kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilgan ma'lumotlar o‘rtasida nomutanosiblik yuzaga keldi.

Bojxona ko‘rigida davomida ma'lum bo‘lishicha, avtomashinaga yuk kuzatuv hujjatlarida umuman ko‘rsatilmagan umumiy qiymati 2,3 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan 6,3 tonna og‘irlikdagi 16 ming 876 dona erkaklar jyemferi va sviterlari ortilgan ekan. Ushbu tovarlar hujjatlarda “erkaklar korjomasi” deya ko‘rsatilgan.

Agar hujjatlarga ishonilganida, ulardan ko‘rsatilgan erkaklar korjomasini erkin muomalaga chiqarish uchun tadbirkor 109 mln. so‘m atrofida bojxona to‘lovlarini to‘lar edi. Lekin, bojxona ko‘rigi natijasida aniqlangan erkaklar jyemferi va sviterlari uchun hisoblangan bojxona to‘lovlari 697 mln. so‘mdan ortar ekan.

Inspektsion ko‘rik majmuasi orqali rentgen nazoratidan o‘tkazilgan yana bir yuk avtomashinasining ekrandagi tasvirlari bojxonachilarni shubhalantirib qo‘ydi. Chunki, chet el fuqarosi boshqaruvidagi avtomashinaga yuklar zich tarzda, ayqash-uyqash qilib qalashtirib tashlangan edi-ki, bundan ko‘zlangan maqsad avtoskanerdan o‘tayotganda bojxonachilarni chalg‘itishga qaratilgan edi.

Shundan so‘ng, mazkur yuklar ham belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, yuk avtomashinasiga hujjatlarda ko‘rsatilganidan ortiqcha 181,2 mln. so‘mlik 1.5 tonna og‘irlikdagi salkam 147 ming dona ruchkalar ortilganligi fosh etildi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid