Jahon | 16:40 / 07.09.2018
18781
7 daqiqa o‘qiladi

Putin, Erdo‘g‘an va Ruhoniy Idlib taqdirini hal qilmoqda. Turkiya yalpi hujumga qarshi

Bugun, 7 sentabr kuni Tehrondagi sammitda Rossiya, Eron va Turkiya prezidentlari Suriyaning Idlib viloyatidagi qurolli mojaroni hal etishga harakat qilib ko‘rishadi. Bashar Asad armiyasi Rossiya va Eron ko‘magi bilan bu hududga bostirib kirishga hozirlanmoqda, Turkiya esa bunday harbiy amaliyot boshlanishiga qarshi chiqmoqda.

Ayni vaqtda Bashar Asad harbiylari Frotdan g‘arbda joylashgan, muxolifat nazoratida qolayotgan bu oxirgi viloyatga yaqinlashib kelmoqda. Hujum boshlanishi haqida ikki hafta muqaddam ilk xabarlar tarqalgandi. Lekin hozircha bu qonli amaliyot boshlanganicha yo‘q. Tahlilchilarning fikricha, bunga Turkiyaning pozitsiyasi sabab bo‘lmoqda.

Idlib Suriya shimoli-g‘arbida joylashgan va Turkiya bilan umumiy chegaralarga ega hisoblanadi. 2017 yil sentabrida Turkiya, Eron va Rossiya o‘rtasida tuzilgan kelishuvga ko‘ra, aynan Turkiya ushbu hududdagi xavfsizlik uchun kafil davlat etib tanlangan. O‘shanda Suriyaning boshqa hududlaridagi muxolifatchilar oilalari bilan birga shu hududga ko‘chirila boshlangandi.

2017 yilda belgilab olingan 4ta deeskalatsiya zonasidan 3tasida Bashar Asad armiyasi nazorat o‘rnatib bo‘ldi, endi Idlib muxolifat qo‘lida qolayotgan yagona viloyatdir.

Idlibga hujum g‘arb davlatlari hamda BMTning qarshiligiga ham duch kelgan. BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Stefan de Mistura ehtimoliy hujum ortidan hududda yirik gumanitar inqiroz yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Turkiya nimadan qo‘rqadi?
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li shu haftada Idlibga hujum mintaqada gumanitar vaziyatni beqarorlashtirishi mumkinligini aytib o‘tdi. U Turkiya Tehron sammitida bu hududda o‘t ochishni to‘xatish bo‘yicha erishilgan sulh buzilmasligiga erishish uchun harakat qilishini bildirdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya aviatsiyasining 4 sentabr kuni Idlibdagi hujumidan so‘ng Turkiya tomoni Rossiyaga bu hujum xato bo‘lganini uqtirgan.

Turkiya bu viloyatda vaziyat beqarorlashuvi ortidan o‘z hududiga yana yuz minglab qochqinlar kirib kelishidan xavfsiraydi. Ayni vaqtda Idlibda 3 millionga yaqin kishi istiqomat qiladi. Bundan tashqari, rasmiy Anqara chegara hududida joylashtirilgan va Suriya ozodlik armiyasi jangchilari bilan hamkorlikda kurdlarga qarshi hujumlar uchun tashkil etilgan platsdarmlari xavfsizligi haqida ham qayg‘urmoqda.

«Muzokaralar stolida Turkiya diplomatik qudratini namoyish etishi va Idlibda tinchlik saqlab qolinishiga erishmog‘i lozim», degandi Chovusho‘g‘li Tehron sammiti arafasida.

«Anqara Idlibdagi amaliyot Turkiyaning Suriyada erishgan barcha natijalarini yo‘qqa chiqaradi deb hisoblaydi... Anqara terrorchi guruhlarni bu hududni tark etishga ko‘ndirishga urinib ko‘rishi mumkin», deyiladi Turkiyadagi «Vatan» nashrida e'lon qilingan materialda.

Idlibda Turkiyaning qanday kuchlari bor?
Shu yilning mayida Turkiya Idlib bo‘ylab, Asad armiyasi va muxolif kuchlar o‘rtasidagi hududda 12ta kuzatuv postlarini joylashtirdi.

Bu postlar qandaydir kuzatuv minoralari emas, ularning har biri zirhli avtomobillarga ega mexanizatsiyalashgan rotalarga ega.

«Bularning har biri kichik harbiy bazalardir», deydi harbiy ekspert Jonatan Markus.

Asad va uning ittifoqchilari nima istaydi?
Bashar Asad va uning harbiylari uchun hozirda ham siyosiy, ham harbiy nuqtai nazardan Frotning g‘arbiy qismidagi dushmanlarning oxirgi yirik uyasini yo‘q qilish muhim ahamiyatga ega hisoblanadi (Frotdan sharqdagi hududlar AQSh bilan ittifoqchi hisoblanadigan kurdlar nazoratida bo‘lib turibdi).

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va boshqa rasmiylar vositasida Idlibdagi jangarilarni yo‘q qilish uchun bu hududda harbiy amaliyot o‘tkazish lozimligi bo‘yicha pozitsiyasini ma'lum qilmoqda.

Idlibni kim nazorat qiladi?

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Idlibda ayni vaqtda turli guruhlarga mansub bo‘lgan 12 mingga yaqin jangari mavjud. 

Bunday guruhlarning eng yirigi «Hay'at Tahrir ash-Shom» hisoblanadi. Bu guruh «Jibhat an-Nusra» parchalangach, uning o‘rnida tashkil etilgandi. 

2017 yil yozida «Hay'at Tahrir ash-Shom» Idlibning katta qismida nazorat o‘rnatgandi.

Idlibda harakatlanuvchi yana bir guruh - shu yil boshida tashkil topgan «Hurras ad-Din» guruhidir. Tashqi kuzatuvlar fikricha, bu guruh «Al-Qoida»ning mahalliy filiali sifatida tashkil etilgan. 

Idlibdagi «Milliy ozodlik fronti» ham katta ta'sir kuchiga ega. Bu guruh radikal diniy kuchlar va Asad rejimiga qarshi boshqa mayda guruhlardan tarkib topgan. Bu guruhni Turkiya faol qo‘llab-quvvatlashi aytiladi.

Bu guruhlarning barchasi Bashar Asadga yon bermoqchi emas va oxiriga qadar Idlibni himoya qilishga ahd qilishgan.

Kimyoviy hujum ehtimoli
Avgust oyi oxirida Rossiya Mudofaa vazirligi Idlibda kimyoviy hujum uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma'lum qildi. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya kimyoviy moddalar «Oq kaskalilar» orqali Idlibga yetkazib berilganini aytdi.

6 sentabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi Suriyadagi muammolar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda AQShning BMTdagi doimiy vakili Nikki Xeyli agar Idlibda kimyoviy qurol qo‘llansa, amerikalik harbiylar bunga javob qaytarishidan ogohlantirdi.

«Bizda Asadga va Suriyada kimyoviy qurol ishlatishga urinadigan barcha tomonlar uchun xabar bor. Men keyingi 18 oy ichida Suriyada kimyoviy qurol qo‘llansa, AQSh javob qaytarishi haqida ikki marta va'da berdim. AQSh ma'muriyati ikki marta ham va'dani bajardi. Asad rejimiga, uni qo‘llaydigan rossiyalik va eronlik hamkorlariga AQSh jim turmasligidan umid qilmaslikni maslahat beraman», degandi u.

AQSh davlat kotibining Suriya masalasi bo‘yicha maxsus vakili Jyeyms Jyeffri ham Suriya hukumati Idlibda kimyoviy hujumga tayyorlik ko‘rayotganiga dalillar mavjudligini aytib o‘tdi.

«Har qanday shakldagi hujum Vashington tomonidan «vaziyatni beqarorlashtirishga urinish» sifatida baholanadi», deya qayd etdi u.

Mavzuga oid