Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shahrisabzda KOICA kasb-hunarga qayta o‘qitish va malaka oshirish o‘quv markazi ish boshladi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Shahrisabzda Koreya Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashib, KOICA kasb-hunarga qayta o‘qitish va malaka oshirish o‘quv markazini ko‘zdan kechirdi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari Kun.uz'ga shu haqida xabar berishdi.
Shahrisabz shahriga Koreya Respublikasi delegatsiyasi tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi Kvan Yong U, Koreya xalqaro hamkorlik agentligining bosh ofisi vitse-prezidenti Bek Seuk Xi xonim, agentlikning O‘zbekistondagi ofisi direktori Son Song Il janoblari va boshqalar tashrif buyurishdi. Delegatsiya vakillari Shahrisabzda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Nizomov bilan uchrashishdi.
Uchrashuv avvalida Aziz Abduhakimov ko‘p yillardan beri O‘zbekiston taraqqiyotiga katta hissa qo‘shib kelayotgan koreyalik hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholab, mehmonlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Shundan keyin Koreya delegatsiyasi vakillari ham so‘zga chiqib, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar rivojidan mamnun ekanliklarini bayon etishdi.
Tadbirning asosiy qismidan so‘ng delegatsiya a'zolari yirik kompleksning faoliyati bilan tanishish maqsadida zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan KOICA markazini ko‘zdan kechirishdi.
KOICA kasb-hunarga qayta o‘qitish va malakasini oshirish o‘quv markazi 240 nafar o‘quvchini qabul qilish imkoniyatiga ega, u 60 o‘rinli yotoqxona va shuncha o‘rinli oshxona bilan ta'minlangan.
Tadbir so‘ngida Aziz Abduhakimov Koreya Respublikasi delegatsiyasi vakillariga zar choponlar taqdim etdi.