Jamiyat | 18:27 / 07.09.2018
5686
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Salomatlikni targ‘ib qilish kunlari boshlandi

Aholining tibbiy bilim va tafakkurini yuksaltirish, oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, har bir insonning o‘zi va yaqinlari salomatligi uchun mas'ulligini oshirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Salomatlikni targ‘ib qilish kunlari” o‘tkazilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Tashkil etilgan mazkur tadbir tibbiyot tizimida erishilayotgan yutuqlarni xalqimizga keng targ‘ib etish barobarida, zamonaviy tibbiy imkoniyatlardan odamlarning bahramandligini oshirishda ham muhim qadam bo‘lmoqda. Ushbu tibbiy-ijtimoiy aksiya poytaxtimiz va viloyatlardagi madaniyat va istirohat bog‘larida o‘tkazilmoqda. Ya'ni, madaniyat maskanlariga hordiq chiqarish va sayr qilish maqsadida tashrif buyurgan odamlar bog‘larda tashkil etilgan tibbiyot pavilonlariga taklif etilib, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikka jalb etilyapti. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Tibbiyot ko‘riklarni o‘tkazish uchun poytaxtdagi respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot  markazlari va viloyatlardagi yetakchi tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassislari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari olimlari, malakali shifokorlar jalb etilgani xalqimiz uchun yana bir qulaylikdir. Xususan, aholi xirurgiya, nevrologiya, urologiya, kardiologiya, travmatologiya, pediatriya, akusher-ginekologiya, oftalmologiya kabi sohalarda ishlayotgan olimlar va yetuk mutaxassislar ko‘rigidan o‘tish imkoniga ega bo‘lmoqda. Tibbiy ko‘rikni xalqaro andozalar bo‘yicha tashkil etish uchun  pavilonlar  UTT, EKG kabi zamonaviy apparatlar va laboratoriya tahlil vositalari bilan jihozlangani e'tiborga molik.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Shuningdek, olimlar va malakali shifokorlardan tuzilgan ko‘chma  brigadalar chekka hududlarda istiqomat qiluvchi keksalar, nogironlar holidan xabar olib, ular xonadonlariga tashrif buyurmoqda. Tibbiy ko‘riklar natijasida statsionar davolanishga muhtoj deb topilganlarni tegishli tartibda tuman, shahar, viloyat va respublika tibbiyot muassasalarida sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Mavzuga oid