O‘zbekiston | 08:45 / 10.09.2018
9725
5 daqiqa o‘qiladi

Bolalarning oziq-ovqat mahsulotlariga yangi talablar qo‘yilishi mumkin

Foto: Pixabay

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida bolalar oziq-ovqatini ishlab chiqarish, import, reklama va realizatsiya qilishning yangi normalarini o‘z ichiga olgan qonun loyihasi muhokama qilina boshladi, deb yozmoqda Norma.

Ishlab chiqaruvchi va importchilarga talablar
 
O‘zbekiston hududida realizatsiya qilishga mo‘ljallangan bolalarning barcha oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan tartibda sertifikatlashtirilgan bo‘lishi kerakligini qonunda belgilash taklif etilmoqda.
 
Buning ustiga, Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislarining fikricha, tegishli mahsulotlarning barcha etiketkalarida quyidagi yozuvlar qayd etilishi lozim: «Muhim izoh: ona suti farzandingiz uchun eng yaxshi ozuqa sanaladi. Bolalar aralashmasidan foydalanib sun'iy ovqatlantirish haqida bir qarorga kelishdan oldin tibbiy xodim bilan maslahatlashing».
 
Etiketkalarda va oziq-ovqat formulalarini tavsiflashda «ona suti o‘rnini bosuvchi yoki analogi», «ona suti formulasiga yaqinlashtirilgan» va ona sutiga qiyoslovchi boshqa iboralardan foydalanishni taqiqlash taklif etilmoqda. Emizishdan voz kechishga moyil qiluvchi barcha matnlar taqiq ostiga tushishi mumkin.    
 
Loyiha etiketkalarda bolakaylarning fotosuratlari va boshqa rasmlar, shu jumladan so‘rg‘ichli butilkachalar joylashtirilishini, agar ularda bevosita mahsulotdan foydalanish yoki tayyorlash usullari tasvirlanmagan bo‘lsa, taqiqlovchi normalarni o‘z ichiga olgan.
 
Loyiha o‘zgartirishlarsiz qabul qilingan taqdirda butilkachalar va so‘rg‘ichlarning upakovkalarida bolani butilkachadagi so‘rg‘ichdan ko‘ra piyoladan ovqatlantirish maqsadga muvofiqroq ekanligi haqida tavsiyalar paydo bo‘ladi. Shirinlik qo‘shilgan suyuqliklar va ichimliklar, shu jumladan sutli aralashmalarni iste'mol qilish tishlarning yemirilishiga olib kelishi mumkinligi haqida etiketkalarda ogohlantirish majburiy tus olishi mumkin.  
 
Bo‘sh so‘rg‘ichlarning upakovkalarida «Ogohlantirish: bo‘sh so‘rg‘ichlardan foydalanish emizishga to‘sqinlik qilishi mumkin» yozuvini qayd etish majburiy bo‘lishi mumkin.

Bolalar ovqatini reklama qilish
 
Qonun loyihasida bolalar ovqatini reklama qilishga doir talablar mavjud. Xususan, quyidagilarni belgilash taklif etilmoqda:
 
• ona suti o‘rnini bosuvchilar har qanday shaklda reklama qilinishi – ularni reklama qilish maqsadida ko‘rgazmali sotish, maxsus namoyishlar tashkil etilishi, shuningdek emizikli bolalarga mo‘ljallangan sun'iy oziq-ovqat mahsulotlari pasaytirilgan narxlarda qisqa muddatli sotilishini taqiqlash;
• onalar uchun mo‘ljallangan adabiyotlarda ona suti o‘rnini bosuvchilar reklama qilinishini taqiqlash;
• emizikli bolalar uchun sun'iy oziq-ovqat mahsulotlari haqidagi axborotni faqat ilmiy maqolalarda joylashtirishga ruxsat berish. Ushbu axborot ilmiy va amaliy tavsif bilan cheklanishi hamda sun'iy ovqatlantirish emizish bilan teng yoki undan afzal ekanligi haqida tasavvur hosil qilmasligi lozim;
• ishlab chiqaruvchilar va tarqatuvchilarga ilmiy asoslangan tadqiqotlar doirasida tibbiyot xodimlariga axborot taqdim etishga ruxsat berish. Bunda axborot sun'iy ovqatlantirish emizish bilan teng yoki undan afzal ekanligi haqida tasavvur hosil qilmasligi lozim;
• reklamada ko‘krak suti bilan emizish afzal ekanligi haqida ko‘rsatma mavjud bo‘lishi shart.

Bolalarning oziq-ovqat mahsulotlarini realizatsiya qilish
 
Bolalarning oziq-ovqat mahsulotlarini barcha zarur sanitariya talablariga rioya etgan holda faqat ixtisoslashtirilgan do‘konlar, do‘konlarning bo‘limlari va dorixonalarda realizatsiya qilishga ruxsat beriladi. Bunda lozim darajada saqlash (harorat rejimiga rioya etish, sovitish uskunasi mavjudligi) sharoiti bo‘lmaganda sotishni taqiqlash taklif etilmoqda.
 
Tibbiyot muassasalarining, bolalar uylari bundan mustasno, emizikli bolalarni ovqatlantirishdan tijoriy manfaatga ega bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslardan xayr-ehson, arzon yoki bepul sun'iy oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilishini taqiqlash taklif etilmoqda.   
 
Loyiha rad etilishi, o‘zgartirilishi yoki unga qo‘shimcha kiritilishi mumkin.
 

Mavzuga oid