Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tokio olimpiadasida O‘zbekiston delegatsiyasi foydalanadigan ekipirovkalar brendi ma'lum bo‘ldi
Bugun, 10 sentabr kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi hamda Xitoyning «QIERTE Co. Ltd» kompaniyasi o‘rtasida 2018-2022 yillar uchun homiylik va hamkorlik bo‘yicha shartnoma imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu firma PRES-JOG brendi ostida sport ekipirovkalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Tadbirda MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov, xorijiy davlatlar bilan do‘stlik bo‘yicha Xitoy xalq uyushmasi bosh direktori Li Xin Yu, MOQ bosh kotibi Jasur Matchanov, «QIERTE Co. Ltd» boshqaruvi raisi Li Yu Qi, shuningdek Osiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar, turli federatsiyalar vakillari ishtirok etdi.

Ma'lum qilinishicha, 10-12 avgust kunlari Xitoyda ushbu brend ishlab chiqargan ekipirovkalar taqdimoti o‘tkazilgan bo‘lib, unda MOQ nomidan bosh kotib Jasur Matchanov ishtirok etgan. O‘rtadagi kelishuv natijasida Xitoy kompaniyasi Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlari va oktabr oyida Argentina mezbonlik qiladigan o‘smirlar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlari uchun O‘zbekiston delegatsiyasiga homiylik qilib, 450 dona sport ekipirovkalarini bepul taqdim etgan.


Marosimda so‘zga chiqqan MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov Jakarta-2018 turniridagi O‘zbekistonning muvaffaqiyatli ishtirokiga urg‘u berib, bunda yangi hamkorlarning ham hissasi borligini aytib o‘tdi. «Yangi liboslar sportchilarimiz uchun omadli keldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi», deya ta'kidladi Ahmadjonov.
Ma'lum qilinishicha, keyingi 4 yil davomida bo‘ladigan quyidagi musobaqalarda o‘zbekistonlik atletlar PRES-JOG ekipirovkalaridan foydalanishadi:
- Buenos-Ayres-2018 – o‘smirlar o‘rtasida Olimpiya o‘yinlari;
- Tokio-2020 – yozgi Olimpiya o‘yinlari;
- Pekin-2022 – qishki Olimpiya o‘yinlari;
- Hangchjou-2022 – yozgi Osiyo o‘yinlari.
Bundan tashqari, kelishuvga ko‘ra Xitoyning ushbu firmasi 2018 yilga qadar O‘zbekistonning turli yoshdagi futbol terma jamoalarini ham sport liboslari bilan ta'minlaydi. Bunda milliy terma istisno bo‘lib, asosiy jamoa kelgusi 2 yil davomida Adidas ekipirovkalaridan foydalanadi. Avvalroq O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Adidas bilan hamkorlik borasida shartnoma imzolaganini tashkilot 1-vitse prezidenti Umid Ahmadjonov Kun.uz`ga tasdiqlagan edi.
Marosimda Jakarta-2018 g‘olibi bo‘lish bilan bir qatorda turnir rekordini o‘rnatgan o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Ruslan Nuriddinov va 7 ta yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan yagona gimnastikachi Oksana Chusovitinaga xitoylik mehmonlar tomonidan 5 ming AQSh dollaridan pul mukofotlari ham topshirildi.

Jakarta-2018ning kumush medali sovrindori Chusovitina ayni paytda xorijda mashg‘ulotlar o‘tkazayotgani bois uning nomidan mukofotni O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi rasmiysi qabul qilib oldi.

Shuningdek, ikki tomon ham yangi hamkoriga esdalik sovg‘alarini taqdim etdi.


Tadbir yakunida ishtirokchilar jam holda esdalik uchun suratga tushishdi.


Mavzuga oid
19:51 / 12.02.2025
DXX raisi Bahodir Qurbonov nomzodi O‘FA prezidentligiga ilgari surildi
20:13 / 22.01.2025
Temur Kapadze O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi
19:43 / 21.01.2025
Abdusalom Azizov O‘FA rahbarligidan ketdi
21:04 / 29.11.2024