Jamiyat | 13:37 / 11.09.2018
41437
3 daqiqa o‘qiladi

Avtobus bekatida turgan mashina haydovchisi “Toshshahartransxizmat” xodimini “onasidan olib, onasiga soldi” (video)

Qonun ustuvorligi jamiyat hayotida adolatning, tartib-intizomning yuzaga kelishiga sababchi bo‘ladi. Qonunlarga bo‘lgan hurmat esa o‘z-o‘zidan vatanga daxldorlik tuyg‘usini shakllantiradi. Bu tushunchalarni mensimaslik, oyoq osti qilish va befarqlik, tabiiyki, jamiyatning qaysidir bo‘g‘inida xaos boshlanishiga olib keladi.

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida e'lon qilingan videorolikda ham ana shu xaosning alomatlarini sezish mumkin. Videoda avtobus bekatida to‘xtab turgan “Matiz” avtomashinasini ko‘rish mumkin. O‘zini “Toshshahartransxizmat” xodimi deb tanishtirgan ayol avtomashina haydovchisidan nega bekatda turganini, bu qonunga zid ekanligini, zudlik bilan chetga chiqib turishini so‘raydi. Bunga javoban “Matiz”ning egasi ayolni tinimsiz haqoratlay boshlaydi (haydovchining birorta gapi so‘kishsiz bo‘lmagani uchun ularni yoza olmadik). U hatto tashkilot xodimiga qo‘l ham ko‘taradi.

Bu orada “Spark” avtomobili ham kelib bekatda to‘xtamoqchi bo‘ladi, ammo videoga olinayotganini ko‘rib, to‘xtamay o‘tib ketadi. So‘kinishdan charchamagan “Matiz” haydovchisidan qochgan ayol navbatdagi avtobusga chiqib oladi. Shunda ham haydovchi ayolni taqib etib, yo‘lovchilarning oldida uni haqoratlaydi, qo‘llari bilan uyatsiz qiliqlar qiladi.

Yengil avtomobillarning avtobus bekatlarida turib olishlari odatiy manzaraga aylandi. Ammo bu qonunga zid-ku, buni hatto yosh bola ham biladi. Ammo haydovchilarga negadir hech kim hech narsa deya olmaydi. “Tirikchiligida” yoki “Och qornim tinch qulog‘im” qabilida befarq bo‘linadi. Qoida buzishiga qaramay davlat tashkiloti xodimini barchaning ichida so‘kib haqoratlash esa hech qaysi qolibga to‘g‘ri kelmaydi. Kelajakda bunday holatlarga barham berish va qonun ustuvorligini ta'minlash maqsadida tegishli mutasaddi tashkilotlar bu kabi qoidabuzarliklar bilan o‘z vaqtida shug‘ullanadi, deb umid qilib qolamiz.

Mavzuga oid