Fan-texnika | 22:55 / 11.09.2018
13262
2 daqiqa o‘qiladi

Bugatti’ning ikkinchi modeli yo‘ltanlamas bo‘lishi mumkinligi ma'lum qilindi  

Bugatti modellar qatorida Chiron’dan ancha farq qiladigan ikkinchi modeli paydo bo‘lishi mumkin. Marka rahbari Stefan Vinkelmannning fikricha, kompaniya hozirda bunga tayyorlanmoqda. Ikkinchi model sedan emas, yo‘ltanlamas bo‘lishining ehtimoli katta.

Vinkelmanning ma'lum qilishicha, yangi modelni yaratish uchun qo‘shimcha sarmoyalar talab etiladi. Hozirda eng murakkabi bu mablag‘ topishdir, chunki Bugatti’ga egalik qiluvchi Volkswagen guruhi hozirda elektromobillar va haydovchisiz texnologiyalarni ishlab chiqarishga ko‘proq sarmoya ajratmoqda.

Shuningdek, Chiron oilasi ham kengayishi mumkin. Sport versiyasidan tashqari, yengillashtirilgan Superleggera, treklarga mo‘ljallangan Super Sport va usti ochiq Aperta versiyalari paydo bo‘ladi. 

Vinkelmann ko‘plab mijozlar 1927 yildagi Royale’ga o‘xshash katta sedanni ko‘rishni istashayotgani, biroq yo‘ltanlamas ishlab chiqarish moliyaviy nuqtai nazardan mantiqan to‘g‘riroq ekanligini tan olgan.

Mavzuga oid