O‘zbekiston | 18:12 / 12.09.2018
26509
2 daqiqa o‘qiladi

Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Davlat rahbarining samolyoti Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ngan.
 
Aleksandr Lukashenkoni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov, tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kutib olgan.

Toshkentda 13 sentabr kuni davlat rahbari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazadi. Muzokaralar tor shaklda va delegatsiyalar a'zolari ishtirokidagi kengaytirilgan shaklda bo‘lib o‘tadi. Kutilishicha, tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlik, ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish va O‘zbekistonda talabgir bo‘lgan texnika ishlab chiqarish bo‘yicha yig‘ish korxonalarini tashkil etish masalalarini muhokama qiladi.
 
Muzokaralarda sanoat, qishloq xo‘jaligi, gumanitar soha, turizmga oid qator yo‘nalishlardagi hamkorlikni mustahkamlashga e'tibor qaratiladi. Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishning samarali vositasi ekani haqida so‘z yuritiladi.

Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashishi rejalashtirilgan.
 
Muzokaralar yakunida turli sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Davlat rahbarlari "Amkodor-Agrotexmash" Belarus-O‘zbekiston korxonasi va Made in Belarus Belarus ishlab chiqaruvchilarining ko‘rgazmasiga tashrif buyurishi ham nazarda tutilgan.

Ushbu yuqori martabali mehmon tashrifini yoritish uchun O‘zbekistondagi mustaqil OAV vakillari jalb etilmagan. Mahalliy nashrlar odatga ko‘ra xorij manbalariga tayanishga majbur bo‘lmoqda.

Mavzuga oid