Jahon | 20:46 / 12.09.2018
38512
3 daqiqa o‘qiladi

Zolotov va Navalniy dueli uchun joy. Rosgvardiya rahbarining o‘g‘li va kuyoviga tegishli koshonalar (video)

Rossiya Milliy gvardiyasi rahbari Viktor Zolotovning o‘g‘li Roman Zolotov Moskva viloyati, Odintsovskiy tumani hududidagi boylar qishlog‘i bo‘lmish Barvixada qimmatbaho turarjoyga egalik qiladi. «Novaya gazeta» nashri ma'lumotiga ko‘ra, bu uyning narxi 700 million rublga baholanadi. Nashr Zolotovlar oilasining koshonasining dron orqali olingan tasvirlarini e'lon qildi.

Rolikdagi tasvirdan ko‘rish mumkinki, Zolotovning o‘g‘li xiyobon o‘rtasidagi hashamatli qasrda yashamoqda.

Foto: Novaya gazeta

Bu uyning yonidagi uylar ham hashamatda bir-biridan qolishmaydi. Shulardan biri Zolotovning kuyovi Yuriy Chechixinniki bo‘lib, 2 gektar maydondagi bu saroy bahosi 1,5 milliard rublga teng.

Foto: Novaya gazeta

Nashr ma'lumotiga ko‘ra, «milliarderlar qishlog‘i»dagi hovlini Zolotovning 23 yoshli o‘g‘li 2003 yilda olgandi. 700 ming kv m maydondagi bu uy 3 yil davomida qurilgan.

Foto: Novaya gazeta

Rolikda jurnalistlar bu uyni Zolotov va Navalniyning dueli uchun munosib joy deb atashgan.

11 sentabr kuni Rossiya Milliy gvardiyasi rahbari Viktor Zolotov Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi rahbari Aleksey Navalniyga videomurojaat yo‘llab, uni duelga chorladi. Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi avgust oyi oxirida Rosgvardiyani harbiylar uchun mahsulotlarni oshirilgan narxlarda sotib olishi bo‘yicha tadqiqotlarini e'lon qilgandi.

Bunga javoban Zolotov shunday dedi: «Men sizni jangga chaqiraman. Ringdami, tatamidami, sizga qayer qulay bo‘lsa, o‘sha joyga. Har qanday maydonda men sizni bir necha daqiqada shirali kotletga aylantirishga va'da beraman».

U Navalniyga murojaatida biznes bilan shug‘ullanib, boylik orttirganini aytadi. Ammo u aslida 30 yildan ortiq vaqt davomida faqat davlat organlarida ishlagan. 1990 yildan 2000 yilga qadar Rossiya Federatsiyasi davlat qo‘riqlov xizmatida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan Zolotov 2000-2013 yillar davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning xavfsizlik xizmati boshlig‘i bo‘lgan. U 2013 yildan boshlab Rossiya IIV ichki qo‘shinlari bosh qo‘mondoni o‘rinbosari bo‘ladi, 2014 yilning mayida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari - IIV ichki qo‘shinlari bosh qo‘mondoniga aylanadi. 2016 yilning aprelida esa Milliy gvardiya qo‘shinlari Federal xizmati direktori etib tayinlanadi. 

Mavzuga oid