O‘zbekiston | 20:30 / 13.09.2018
94639
2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Sultonov «O‘zbekneftgaz» rahbarligidan ketdi

«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi Alisher Sultonov lavozimni tark etgan. Bu ma'lumotni kompaniyadagi manbalar «Kun.uz»ga tasdiqlashdi.

Alisher Sultonov / Xalqaro press-klub

1999 yildan «O‘zbekneftegaz» tizimida ishlay boshlagan Alisher Sultonov 2015 yilning avgustida kompaniya raisiga aylangandi.

Endilikda, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Bahrom Ashrafxonov Sultonov o‘rniga «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi lavozimini egallagan.

Ashrafxonov 2016 yilning fevralidan buyon O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.

Bahrom Ashrafxonov / Sputnik

Bahrom Bahodirovich Ashrafxonov 1969 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1993 yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan, 1993-1994 yillarda Kentukki universitetida tahsil olgan, 1994 yildan 2000 yilgacha UzAIG sug‘urta kompaniyasida, keyinroq Moliya vazirligida turli lavozimlarda ishlagan, jumladan, 2005-2007 yillarda Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. 2007 yildan 2016 yilgacha, Akmal Kamalov o‘rniga O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi sifatida tayinlanguniga qadar Moliya vazirligi G‘aznachiligi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatgandi.

Eslatib o‘tamiz, Alisher Sultonov shu yilning 20 avgustida avtofalokatga uchrab, shifoxonaga yotqizilgandi.

Avvaliga uning ahvoli yaxshi ekani va tez orada ishga qaytishi haqida aytildi, keyinroq uning jarohati jiddiyligi, chap son suyagi chiqqani, chanoq kosachasida yopiq sinish, ko‘krak qafasining 7-10 qovurg‘alari yopiq singani, bosh tepa sohasi lat yegani ma'lum bo‘ldi.

Alisher Sultonov O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari - geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi rahbari ham hisoblanadi. Ayni vaqtda u bu lavozimni saqlab qolgani aytilmoqda.

Mavzuga oid