O‘zbekiston | 16:30 / 16.09.2018
57928
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «buxanka» non narxi noyabrda yana oshishi mumkin

O‘zbekistonda 15 sentabrdan qolipli non - «buxanka»ning narxi ko‘tarildi. 2014 yil kuzidan buyon narxi 650 so‘m bo‘lib kelgan non endi respublika bo‘ylab 650 so‘mdan 1200 so‘mgacha bo‘lgan narxlarda sotilmoqda.

«Xalq so‘zi Onlayn» nashri iste'moldagi eng muhim oziq-ovqat mahsuloti narxining keskin ko‘tarilishi bo‘yicha savollarga javob olish uchun Toshkent shahri aholisiga non va non mahsulotlari yetkazib berishga qaratilgan «Toshkentnon» ishlab chiqaruvchilar uyushmasiga murojaat qilgan.

«Hozirgi paytda uyushmamiz tomonidan kuniga o‘rtacha 500—550 tonna non va non mahsulotlari ishlab chiqarilib, aholi dasturxoniga yetkazib berilmoqda. Non narxining ko‘tarilishi esa, avvalo, ishlab chiqarish tannarxiga bog‘liq. Chunki shu kunga qadar birinchi navli unning 1 kilogrammini 930 so‘mdan sotib olardik. Shuning hisobiga bitta qolipli non ishlab chiqarib, to u savdo do‘koniga yetkazib berilguniga qadar tannarxi 591 so‘mga to‘g‘ri kelardi. Ayni paytda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 1000 so‘mni tashkil etmoqda. Sababi, unning bahosi ham ko‘tarilib, 1 kilogrammini 1400 so‘mdan xarid qilyapmiz. Bu Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 sentabrdagi 731-sonli qarori bilan belgilangan bo‘lib, narx-navo joriy yilning noyabridan yana oshishi mumkin», — deydi «Toshkentnon» uyushmasi bosh hisobchisi Ruslan Musretov.

Vazirlar Mahkamasining «Mamlakatimiz aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2018 yil 15 sentabrdan boshlab 1 kilogramm bug‘doy unining ulgurji narxi 1400 so‘m miqdorida belgilangan. Ushbu hujjatda mazkur narxni 1 noyabrgacha bekor qilish ham ko‘zda tutilgan. Negaki, endilikda qolipli non talab va taklif asosida shakllantiriladigan erkin bozor narxi bo‘yicha sotiladi.

Bu jarayonda aholining ijtimoiy himoya qilish, ayniqsa, nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta'minlangan oilalarning un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarini qoplash uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi (15 sentabr holatiga ko‘ra — 18,4 ming so‘m) miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi to‘lanadi. Bu yangilik amaliyotga shu yilning 1 oktabridan joriy etiladi.

Bundan tashqari, qarorda 14 yoshgacha farzandlari bo‘lgan oilalarga bolalar sonidan kelib chiqqan holda, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan belgilangan nafaqa to‘lanishi ham o‘z aksini topgan. Eng asosiysi, bozorda don va un narxlari keskin o‘zgarishining oldini olish bo‘yicha aniq vazifalar belgilanib, zarurat tug‘ilganda davlat zaxirasidan don chiqarilishi bog‘liq chora-tadbirlari ko‘rilishi ko‘zda tutilgan.

Ayrimlar narx-navoni joriy mavsumda g‘alla hosili mo‘ljaldagidan kam bo‘lgani oqibati bilan bog‘lamoqda. Bu qanchalik haqiqatga yaqin? Ushbu savolga javob olish uchun «Xalq so‘zi Onlayn» muxbirlari «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi mutasaddilariga murojaat qilgan.

«Bu kabi gap-so‘zlar asossiz. Chunki kompaniyamiz tizimidagi korxonalarda o‘tgan yildagidan kam bo‘lmagan miqdorda bug‘doy qabul qilindi. Ular sifatli saqlanib, peshma-pesh qayta ishlanmoqda. Mamlakatimiz aholisi ehtiyojiga yarasha bug‘doy jamg‘arilgan. Un yetkazib berishda uzilishlar ro‘y bermaydi», deydi Don va urug‘lik tayyorlash va saqlashni tashkil etish boshqarmasi mutaxassisi Akrom Ismoilov.

«Donni qayta ishlovchilar, non tayyorlash korxonalari ishchilari bilan suhbatlashar ekanmiz, ular unning narxi oxirgi marta 2014 yilda oshgani ta'kidlashmoqda. Oradan to‘rt yil o‘tib, bitta non bahosining bir litr gazlangan suv narxiga yaqinlashganini «normal holat» deya qabul qilishayotir. Yana ular amaliyotga erkin bozor narxi qo‘llanilishini ishlab chiqarish korxonalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, ishchi-xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi muhim qadam, deya baholashyapti», — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid