Jamiyat | 16:58 / 17.09.2018
37684
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat bojxona qo‘mitasi Toshkent xalqaro aeroportidagi mojaroli holat bo‘yicha munosabat bildirdi

2018 yil 9 sentabr kuni soat 01:10da “Toshkent” xalqaro aeroporti umumiy uchib kelish zalida “Istanbul-Toshkent” reysi bilan uchib kelgan yo‘lovchilar bagajlarini qabul qilib, bojxona nazoratidan o‘ta boshlaganlar. Ushbu jarayonda bir qator yo‘lovchilarda bojsiz olib kirish me'yorlaridan ortiqcha bo‘lgan tovarlar aniqlanib, bojxona ko‘rigi dalolatnomalari rasmiylashtirilgan.

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, yo‘lovchilarga tegishli yuklarning rasmiylashtirilayotganini ko‘rib turgan ayrim yo‘lovchilar esa bagajlarini qabul qilib olganlaridan so‘ng bojxona nazoratidan o‘tishni paysalga solishgan va zaldagi bagaj lentalari atrofida to‘planib olishgan.

“Ammo, ushbu xatti-harakatlari bilan o‘zlari kutgan natijaga erisha olishmagach, yo‘lovchilar bojxona xodimlarining qonuniy talablariga rioya qilmay, tartibsizliklar keltirib chiqarish va vaziyatni keskinlashtirish yo‘li bilan bo‘lsa-da, yuklarini bojxona nazoratisiz olib chiqishga urinishlar sodir etishgan va ushbu holatni o‘zlari tasvirga ham olishgan”, - deyiladi xabarda.

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi rahbariyati va mutasaddi xodimlarining yo‘lovchilar bilan olib borgan tushuntirish ishlaridan so‘ng uchib kelish zalida tartib o‘rnatilgan va yo‘lovchilar birma-bir qonun bilan belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilgan.

Natijada, tijorat maqsadida tovarlar olib kelgan shaxslarga nisbatan 29 ta bojxona ko‘rigi dalolatnomasi rasmiylashtirilib, bojsiz olib kirish me'yorlaridan ortiqcha jami 1174,7 kg og‘irlikdagi turli xil kiyim kechaklar va 225 gr. zargarlik buyumlari dalolatnoma tuzilib, bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish uchun vaqtincha saqlovga olingan.

Misol uchun, shu kuni “Istanbul-Toshkent” reysi bilan uchib kelgan fuqaro M.M. o‘zi bilan belgilangan me'yorlardan ortiqcha bo‘lgan 84 dona shim, 970 dona ayollar ro‘mollari, 12 dona bolalar sviteri hamda 62,5 gramm zargarlik buyumlarini bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlagan holda O‘zbekistonga olib kirishga uringan.

Ushbu voqeada amaldagi tartiblarga bo‘ysunmay, bojxona xodimlariga asossiz e'tiroz bildirgan fuqarolarning 29 nafari havo yo‘llari orqali ko‘p marotaba harakatlanuvchi yo‘lovchilarni tashkil qilgan. Xususan, 2018 yilning o‘tgan 8 oyi davomida ular Turkiyaga 9 marotabadan 32 marotabagacha borib kelishgan.

Amaldagi tartiblarga ko‘ra, xalqaro aeroportlar orqali kirib kelayotgan jismoniy shaxslar 2000 AQSh dollari miqdoridagi tovarlarni bojsiz olib kirishlari mumkin. Lekin, bu istalgan tovarni istalgan miqdorda olib kirish mumkinligini anglatmaydi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid