Sport | 18:26 / 17.09.2018
8490
2 daqiqa o‘qiladi

Yillar davomida osilib yotgan va panja ortidan qaralgan ishlar endi bo‘lmaydi - PFL

PFL endilikda Superliga va Pro-liga klublarining qarzdorlik masalasiga jiddiy e'tibor qaratadi.

«Yillar davomida futbol klublari mavsumni kamomad bilan yopib yurgan va buning oqibatida futbolchilar, murabbiylar o‘z pullarini undira olmagan. Qolaversa, futbolchilar va murabbiylarni himoya qiladigan tashkilotning o‘zi bo‘lmagan», - deya ta'kidlanadi liga rasmiy saytida.

Qayd etilishicha, 2018 yilni hech bir klub qarzdorlik bilan yopmasligi –PFL uchun muhim faktor. Yo‘qsa ular egallagan o‘rnidan qat'i nazar 2019 yilgi mavsum startida sanksiyalarga duch keladi.

Ma'lumki, muammoli vaziyatlarni birinchi navbatda PFL komissiyasi, undan keyingi apellyatsiyani O‘FA o‘rganib chiqadi. Futbol strukturasidagi muammolarga davlat organlari aralashgan holatda PFL mazkur ishga qaytmaydi. Nodavlat-notijorat tashkiloti maqomi jihatdan yuqori organ hisoblanuvchi sudlar qaroriga aralashmaydi.

Ta'kidlanishicha, PFL komissiyasi 2019 yilgi mavsum avvalida har bir klub futbolchilari bilan alohida uchrashadi hamda ularning huquqlari borasida, muammoli vaziyatlarni qanday hal qilishi kerakligi bo‘yicha tushuntirish beradi.

«Yillar davomida osilib yotgan va panja ortidan qaralgan ishlar endi bo‘lmaydi. Ya'ni futbol o‘z muammolarini o‘zi hal qila olganida ish davlat organlariga qadar yetib bormaydi», deya qayd etiladi rasmiy manbada.

Ma'lum qilinishicha, PFL ayni paytda FIFA andozasi asosida shartnoma tayyorlamoqda. Kelasi mavsumdan boshlab klublar shartnomalar tuzishda ushbu namunadan foydalanadi. Har bir shartnoma PFL komissiyasining jiddiy tekshiruvidan o‘tadi.

Mavzuga oid