O‘zbekiston | 09:15 / 17.09.2018
5733
3 daqiqa o‘qiladi

Tovarlarni TIF TN kodlari bo‘yicha tasniflash bilan sertifikatlangan ekspertlar shug‘ullanadi

Tashqi savdo vazirligi ekspert tashkilotlari tovarlarni TIF TN kodlari bo‘yicha tasniflash xizmatlarini ko‘rsatishi reglamentini ishlab chiqdi. Loyiha QHTBT portalida muhokama qilinmoqda.
 
Norma’ning yozishicha, amaldagi qonunchilikda ekspert tashkilotlari tovarlarni TIF TN kodlari bo‘yicha tasniflash xizmatlarini ko‘rsatishi tartibini belgilovchi normalar va uni tartibga solish mexanizmi mavjud emas. Tegishli nizomlarning tasdiqlanishi zarur huquqiy asos yaratadi.  
 
Ekspert tashkiloti deganda, mulkchilik shaklidan qat'i nazar, shtatida tovarlarni TIF TN kodlari bo‘yicha tasniflovchi va ekspert xulosasi beruvchi sertifikatlangan ekspert bo‘lgan yuridik shaxs tushuniladi.
 
Ekspertlarni malaka imtihonidan o‘tkazish va undan muvaffaqiyatli o‘tganlarida sertifikat berish tartibini belgilash taklif etilmoqda. Ushbu chora TIF TN tovar kichik yordamchi pozitsiyalariga nisbatan joriy etiladigan tarif va notarif tartibga solish normalari bir xil tasniflanishi va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta'minlashga imkon beradi.  
 
Ariza beruvchi ekspert xulosasini olish uchun ekspert tashkilotiga quyidagilarni taqdim etishi kerakligini belgilash rejalashtirilmoqda:

• belgilangan shakldagi ariza;
• import qilinayotgan tovarlarning tovarga ilova qilinadigan hujjatlari (temir yo‘l, avia yoki yukka tegishli yukxatlar, invoys, kontrakt yoki shartnoma);
• kelib tushgan (import qilinayotgan) tovarning o‘rab-joylangan va muhrlangan namunasi (nusxasi) (yirik hajmli tovarlar saqlash joyida o‘rganiladi);
• tovarlarni tasniflashda asosiy tasniflash mezonlari yetarli bo‘lmagan va mazkur hujjatlar mavjud bo‘lishi talab etiladigan hollarda texnologik jarayon tavsifi, akkreditatsiyalangan va (yoki) attestatsiyalangan laboratoriyalarning sinov natijalari, texnik tartibga solish sohasidagi milliy va (yoki) xalqaro normativ hujjatlar;
• ariza beruvchining xati bilan taqdim etilgan, TIF TN kodlari bo‘yicha tasniflash uchun zarur bo‘lgan prospekt, katalog, texnik pasport, qo‘llanma yoki tovar haqida axborot.
 
Ekspert tashkilotlarining vakillariga zarur hollarda bojxona nazorati ostida va tovarga nisbatan vakolatlarga ega bo‘lgan shaxs hozirligida, zarur bo‘lganda – mutaxassis ishtirokida tovarlardan namuna va nusxalar olish huquqini berish taklif etilmoqda.
 
Loyiha o‘zgartirishlarsiz tasdiqlansa, arizalarni ko‘rib chiqish, rasmiylashtirish va ariza beruvchiga ekspert xulosasi berish ariza beruvchi bilan kelishilgan muddatlarda, biroq ekspert tashkilotiga ariza kelib tushgan kundan boshlab 7 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi. O‘rganilishi lozim bo‘lgan tovarlar hajmi ko‘p bo‘lganda ushbu muddatni uzaytirish mumkin bo‘ladi.  
 
Loyiha rad etilishi, o‘zgartirilishi yoki unga qo‘shimcha kiritilishi mumkin.

Mavzuga oid