Jahon | 11:49 / 18.09.2018
2869
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh 2019 yilda 30 ming qochoqni qabul qiladi va 280 ming kishiga boshpana beradi

Foto: AP/Jacquelyn Martin

AQSh 2018 yilning 1 oktabrida boshlanadigan 2019 moliyaviy yilda 310 ming nafargacha qochoq va boshpana so‘rovchilarni qabul qilishni rejalashtirgan. Bu haqda AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo xabar qildi.

"Biz 30 ming nafargacha qochoqni qabul qilmoqchimiz hamda AQSh hududidan boshpana so‘ragan 280 mingdan ortiq murojaatni qanoatlantirmoqchimiz", - dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika hududida boshpana olish uchun 800 mingdan ortiq da'vogar ariza bergan.

2017 yil oktabrda AQSh prezidenti Donald Tramp 30 sentabr kuni yakuniga yetadigan 2018 moliyaviy yilda 45 mingdan ko‘p bo‘lmagan qochoqni qabul qilish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Shu tarzda qochoqlarni qabul qilish bo‘yicha kvota uchdan bir qismga kamaygandi.

USA Today gazetasining xabar berishicha, Donald Tramp prezidentligi davrida AQSh 29 mingdan ortiqroq qochoqni qabul qilgan bo‘lib, bu so‘nggi 15 yildagi eng past ko‘rsatkichdir.  Kichik Jorj Bush va Barak Obama prezidentligi davrida qochoqlarni qabul qilish bo‘yicha kvota yiliga 70 mingdan 80 minggacha bo‘lgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid