O‘zbekiston | 15:53 / 20.09.2018
6522
5 daqiqa o‘qiladi

Yanvar - avgust oylarida O‘zbekistonda nechta korxonaning faoliyati tugatilgani ma'lum bo‘ldi

2018 yilning yanvar-avgust oyida respublikada 38,1 mingtaga yaqin korxonalar va tashkilotlar yangi tashkil etildi, bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 mingtaga ko‘pdir, deb xabar bermoqda Davlat statistika qo‘mitasi.

Shuningdek, faoliyati tugatilgan korxona va tashkilotlarning soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29,0%ga kamaygan hamda ularning soni 4,6 mingtani tashkil etganligini kuzatish mumkin. 

Buning natijasida joriy yilning boshiga nisbatan faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar soni 26,1 mingta (9,1%)ga o‘sgan hamda ularning umumiy soni 312,7 mingtani tashkil etgan. 

Faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar va tashkilotlarning asosiy ulushi Toshkent shahrida (21,2%), Toshkent (9,6%), Farg‘ona (9,0%) va Andijon (8,6%) viloyatlarida kuzatilmoqda. 

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha jami faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlarning umumiy soniga nisbatan 22,0% savdoda, 17,3% sanoatda, 8,8% qurilishda, 7,5% qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida, 6,0% yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda, 4,1% tashish va saqlash, 2,2% axborot va aloqa, 2,1% sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va 30,0% boshqa faoliyat turlari hissasiga to‘gri keladi. 

2018 yil yanvar-avgust holatiga 38 132ta korxonalar va tashkilotlar yangi tashkil etilgan. Bu esa 2017 yilning shu davriga nisbatan qaraganda 24,8%ga ko‘pdir. Eng ko‘p yangi tashkil etilgan korxonalar va tashkilotlar Toshkent shahrida (8388ta), Toshkent (3744ta), Farg‘ona (3114ta) va Samarqand viloyatlarida (3126ta) tashkil etilgan. Eng kam Sirdaryo (1045ta), Navoiy (1473ta) hamda Xorazm (1544ta) viloyatlarida tashkil etilgan.

Agar iqtisodiy faoliyat turlari kesimida ko‘rilsa eng ko‘pi savdoda (7882ta), sanoatda (7416ta), qurilishda (4389ta) va qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida (4017ta) sohalarida tashkil etilgan. Eng kami esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarda (832ta), axborot va aloqada (852ta) hamda tashish va saqlashda (1313ta) tashkil etilganligi kuzatilmoqda. 

2018 yil 1 sentabr holatiga 255,1 ming tijorat shaklidagi korxonalar va tashkilotlar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, shundan xususiy korxonalar – 72,0 mingta, oilaviy korxonalar – 14,2 mingta, mas'uliyati cheklangan jamiyatlar – 161,6 mingta, va boshqalar 7,4 mingtani tashkil etadi.

2018 yil 1 sentabr holatiga faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 6708tani tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1402taga yoki 26,4%ga o‘sgan. Shuningdek Xorijiy kapital ishtirokidagi faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalardan 3636tasi qo‘shma korxonalar, 3072tasi esa xorijiy korxonalar hisoblanadi.

Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning asosiy qismi Toshkent shahar 4275ta (63,7%), Toshkent viloyati 751ta (11,2%) va Samarqand viloyatlari 361ta (5,4%) hissalariga to‘g‘ri keladi. Eng kam xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan korxonalar Xorazm viloyati 59ta (0,9%), Qashqadaryo viloyati 68ta (1,0%), Navoiy viloyati 83ta (1,2%) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi 99ta (1,5%) hissalariga to‘g‘ri keladi. Bu esa mazkur hududlarda xorijiy hamkorlar bilan ishlashni, investitsiyalar jalb etish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni yanada rivojlantirishni talab etadi.

2018 yilning yanvar-avgust oyida xorijiy kapital ishtirokidagi ro‘yxatdan o‘tgan yangi korxonalarning soni 1396tani tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 912taga ko‘paygan. Bunda, Rossiya Federatsiyasi rezidentlari kapitali ishtirokida – 262ta, Turkiya Respublikasi – 228ta, Xitoy Xalq Respublikasi - 203ta, Qozog‘iston Respublikasi – 151ta va Koreya Respublikasi – 113ta yangi korxona ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, 2018 yil davomida Afg‘oniston Islom Respublikasi, Hindiston Respublikasi, Germaniya Federativ Respublikasi, Ukraina, Ozarboyjon Respublikasi va boshqa davlatlar rezidentlari qo‘shma faoliyatga qiziqish bildirdilar. 

2018 yil 1 sentabr holatiga respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan kichik korxona va mikrofirmalarning soni 253,2 mingtani tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich 2017 yil 1 sentabr holatiga qaraganda 9,5%ga oshgan.

Mavzuga oid