Iqtisodiyot | 09:44 / 20.09.2018
21994
7 daqiqa o‘qiladi

Mahsulotni chetga eksport qilish bo‘yicha saboqlar: Tovar yetkazib berishning eng qulay usulini aniqlash

KUN.UZ tahririyati yurtimizdagi o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulot va xizmatlarni xorijiy davlatlarga eksport qilayotgan korxonalar va tadbirkorlarga yordam berish maqsadida yangi iqtisodiy loyihaga asos solganidan xabaringiz bor.

Eksport bo‘yicha mutaxassis, iqtisod fanlari nomzodi «Alimkhan Exim Group» tashqi savdo va konsalting kompaniyasi asoschisi Akmalxon Olimxonov bilan birgalikda mahsulotlar eksportiga bag‘ishlangan maxsus video lavhalarimiz berib borilmoqda.

Oldingi saboqlar:

Iqtisodiy saboqlarning navbatdagisida logistika mavzusini o‘rganib chiqamiz.

Logistika — eksportning muhim bir qismi. Chunki transport xarajatlari mahsulotning shartnoma narxiga sezilarli darajada ta'sir qiladi. Hatto mahsulotingiz yuqori sifati bo‘lganida ham uning narxi transport xarajatlarini inobatga olgan holda, raqobatdosh bo‘la olmasligi mumkin. Bu holatni eksporter yurtdoshlarimiz inobatga olishlari darkor, chunki ularning hamkorlari (agar Yevropa, Osiyo, Osiyo-Tinch Okean mintaqasi bo‘lsa) O‘zbekiston chegarasidan bir necha ming km uzoqlikda joylashgan.

Transport xarajatlarini minimal darajaga olib kelish uchun ko‘p narsani hisobga olishingiz kerak. Agar shartnoma bo‘yicha yukni yetkazish vazifasini olgan bo‘lsangiz transport-logistika kompaniyalari bilan yaxshi hamkorlik munosabatini o‘rnatishingiz lozim. Ular bilan eksport logistika detallarini maslahatlashingiz kerak. Shu bilan birga siz eksport yukini transportirovkasi bo‘yicha uning narxi, yetkazish vaqti va boshqa omillarning bir necha variantlarini aniqlash va muxokama qilishingiz kerak.

Transport xizmatlari va ekspeditorni tanlash

Transport-ekspeditorlik tashkilotlarining asosiy maqsadi yukni tashish paytida yuk yuboruvchi va yuk qabul qiluvchilar talabini sifatli va o‘z vaqtida ijro etishdir.

Ekspeditor — yuk yuboruvchi, yuk tashuvchi va yuk qabul qiluvchi o‘rtasida bog‘lovchi vosita hisoblanadi. Sotuvchi yoki xaridorning topshirig‘iga binoan quyidagi xizmatlarni amalga oshiradi:

  • yuk tashishning effektiv marshrutini tanlash;
  • munosib transport turini tanlash;
  • yuk tashuvchilar bilan tutashuvni kelishib olish;
  • transport vositalarining to‘xtab qolmaslik choralarini ko‘rish;
  • turli to‘lov va yig‘uvlarni amalga oshirish.

Yuqorida aytilgan xizmatlardan tashqari ekspeditor quyidagilarni bajaradi:

Tovarni yetkazish uchun o‘zingizga ekspeditor tanlab oling. Ularning to‘liq ro‘yxati bizning «Eksport Uzbekistan» (@export.uz) Telegram kanalimizda keltirilgan. Ularga o‘z mahsulotingiz vazni, gabariti, chiqib ketish va kirib kelish punktlarini yuzasidan axborot bering. Ulardan transport xarajatlarini so‘rang. Olingan axborotni tahlil qiling va boshqa transport kompaniyalari bilan taqqoslang. Kompaniyalar to‘g‘risidagi fikrlarni bilishga harakat qiling. Ularning bu sohadagi ish tajribasiga alohida e'tibor bering. Qilingan ishlar natijasida ko‘proq imtiyozga ega bo‘lgan ekspeditorni tanlang.

Marshrut va transport turlari

Yuk tashish marshrutini tanlash — bu eng muhim va mas'ul bosqichi hisoblanadi. Qulay marshrut va kerakli transport xilini to‘g‘ri tanlash yuk tashish narxi, ishonchliligi va muddatiga ishonchli natija beradi.

Qulay marshrutni tanlash yukning xususiyati, uning o‘lchami va belgilangan yo‘nalishga bog‘liq. Ekspeditor yo‘l marshrutini belgilashda quyidagi parametrlarga e'tibor berishi kerak: transport vositalarining texnik xarakteristikasi, yukning xususiyati, alohida tashish sharoitlari, xamma marshrut bosqichlarini nazorat qiladigan tashkilotlarni jamlash va h.k.

Misol uchun: shisha idishlarni qishda, meva-sabzavotlarni yozda, ochiq turdagi yarimvagonlarga yuklash yomg‘ir mavsumida va h.k.

Xalqaro yuk tashish tizimidagi transport vositalari quyidagilar:

Temir yo‘l transporti. Juda ko‘p imtiyozlarga, ya'ni katta hajmdagi yuk ko‘tarish qobiliyati, ishonchlilik va nisbatan katta tezlikka ega. Hozirgi paytda temir yo‘l orqali xilma-xil yuklar, asosan, ommaviy, ya'ni xom ashyo va qishloq xo‘jalik mahsulotlari tashilmoqda. Konteynerlarning ommalashtirilishi temir yo‘l raqobatini yanada kuchaytirdi.

Yuk tashish vaqti uning jo‘nash va yetib kelgan stansiyalari oralig‘idagi masofa orqali belgilanadi. Yuk yetib borgan zahoti temir yo‘l xaridorga xabar beradi va u qabul qilib olishi kerak. Vagonda yuk tashishning afzalliklari shundan iboratki, avtotransportga qaraganda ko‘proq yukni joylashtiradi. Normasi: vagonning kubaturasiga qarab 60–68 tonna. Temir yo‘lda yuk tashish marshruti cheklangan bo‘lib, yuk kelgan zahoti boshqa avtotransportga yuklanadi.

Avtomobil transporti. Transportning eng ommalashgan turi. Uning imtiyozlari: manevrga ega ekanligi, moslashuvchanligi, tezligi. Yuk tashishda tashqi savdo kompaniyalarini qoniqtiradigan transport — bu avtomobil transporti turidir. Avtomobil transporti orqali yuk tashilganda hisob uchun quyidagi faktorlar inobatga olinadi: yuklash vaqti, yo‘l vaqti (haydovchining dam olish vaqti ham nazarga olinadi), xalqaro chegaralardan o‘tish vaqti, geografik marshrut. Boshqa transport turlariga qaraganda yukni avtomobil transportida eshikdan eshikkacha yetkazish mumkin.

Havo transporti. Eng tez va shu bilan birga eng qimmat transport turi hisoblanadi. Havo transporti marshrutning uzoqligiga qarab avtomobil va temir yo‘l transporti bilan bemalol raqobatga ega turdir. Havo transporti orqali tez aynaydigan mahsulotlar va juda qimmat buyumlar va pochta tashiladi.

Dengiz transporti. Juda qadimiy transport turi. O‘zining imtiyoziga qarab juda arzon va dunyo yuk aylanmasining 60–70 foizini tashkil etadi. Katta tezlikka ehtiyoj bo‘lmagan yuklar dengiz transporti orqali tashiladi. Dengiz va okeanlardagi yuk tashishda suv transportiga raqobat umuman yo‘q.

Tashqi iqtisodiy aloqalarda transport turini tanlash iqtisodiy jihatdan katta ahamiyatga ega. Masalan dengizga chiqish yoki chiqmaslikda ushbu mamlakat kompaniyalari tomonidan transport turini tanlash uziga xos ta'sirga ega. O‘zbekistonning geografik joylashuvini nazarga oladigan bo‘lsak bu yerda dengiz transporti faoliyatini qat'iy belgilaydigan milliy hujjatlar yo‘qdir. Bizning eksporterlarimiz dengiz transportidan faqat multimodal yuk tashuvida foydalanishadi.

Har bir transport o‘lchami va sig‘imi haqidagi ma'lumot quyidagi Telegram kanalimizda berilgan. Ularning yordamida sizning maxsulotingiz bitaa vagonga yoki konteynerga yoki yuk mashinasiga qancha sig‘ishini bilib olishingiz mumkin.

Mavzuga oid