Sport | 13:30 / 23.09.2018
16809
10 daqiqa o‘qiladi

Ronaldu qizil kartochkani unutishga, «Barselona» birinchi o‘ringa qaytishga urinadi. Kun o‘yinlari anonsi

23 sentabr kuni Yevropada milliy chempionatlardagi tur uchrashuvlari davom etadi. «Tribuna» bugungi o‘yinlarning eng qiziqlari anonsini taqdim etadi.

«Vest Hem» – «Chelsi». 18:00
«Vilyarreal» – «Valensiya». 19:45
«Arsenal» – «Everton». 20:00
«Frozione» – «Yuventus». 23:30
«Barselona» – «Jirona». 23:45

Valensiya derbisi
«Valensiya» ham, «Vilyarreal» ham bu haftada yevrokuboklardagi ishtirokini yaxshi o‘tkaza olmadi. Bu ikki jamoa Ispaniya chempionatida ham «kuchli beshlik»dan yiroqda qolmoqda. «Vilyarreal»da vaziyat halokatli emas, jamoa o‘rtamiyonalar qatorida bormoqda, o‘tgan mavsumda «Barselona»ga asosiy raqobatchi bo‘lgan «Valensiya» esa turnir jadvalining quyi qismida joylashgan. Jamoa bu mavsum arafasida yaxshi transferlar amalga oshirdi, shu bilan birga jamoani bir qator yetakchilar tark etdi. Futbol ekspertlari Marselino jamoasi bu mavsumda ham sovrinlar uchun kurashishini prognoz qilishgandi. Ammo «ko‘rshapalaklar» 4 turdan keyin bir mag‘lubiyat va 3 durang qayd etgan holda 18-o‘rinda bormoqda.

Marselino tarkibda rotatsiyalar qilishga urinmoqda. U YeChLning ilk o‘yinida «Yuventus»ga qarshi rossiyalik legioner Denis Cherishevni o‘ynatmadi, bu esa Cherishev sobiq jamoasi «Vilerreal»ga qarshi o‘yinda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishini anglatadi. Murabbiy jamoa yig‘iniga oxirgi bo‘lib kelgan futbolchilarga (Cherishev, Gedesh, Batshuayi) ko‘proq o‘yin amaliyoti berishga urinmoqda. Belgiyalik hujumchi mashg‘ulotlar vaqtida juda chiroyli gol urdi va «Vilyarreal»ga qarshi o‘ynashga tayyorligini ko‘rsatdi.

Valensiya derbisi keyingi 5 yilda u qadar gollarga boy bo‘lmagan. Bu o‘yinlarda hech qachon bir tomon 3ta gol urmagan. O‘tgan mavsumda ikki davradagi o‘yin ham «Vilyarreal»ning minimal hisobdagi g‘alabalari bilan tugagandi. «Valensiya» bugun revansh olishga urinib ko‘radi.

Ronaldu YeChLdagi omadsizlikdan keyin qanday o‘ynaydi?

Yevropa chempionlar ligasi guruh bosqichining birinchi turida «Valensiya»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida Krishtianu Ronalduning shubhali tarzda qizil kartochka olishi turning asosiy voqeasi bo‘ldi. Portugaliyalik futbolchi bu vaziyatdan qattiq xafa bo‘ldi va ko‘z-yoshlarini tiya olmadi. «Frozione»ga qarshi o‘yinga u ruhan tayyor bo‘ladimi? U o‘yinga tushadimi? Balki, unga biroz dam berilar? Jamoa usiz ham kuchsiz raqibni yengar? «Yuve» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu savollarga javob qaytardi.

«Ronaldu - dunyoning Messi bilan tenglashtiriladigan kuchli futbolchisi. U bizning asosiy kuzirlarimizdan biri. Hozircha u faqat ikkita gol urgan, ammo u to‘xtab qolmaydi. Ronalduning vazifasi gollar urish. Undan ko‘p narsani kutamiz, Krishtianuning o‘zi ham o‘z oldiga yuqori marralarni qo‘ygan. U maydonga tushadi va gol urishni davom ettiradi. Men bunga ishonch bildiraman», degan Allegri.

Frozinoneda portugaliyalik yulduzni sabrsizlik bilan kutishmoqda. O‘yin uchun chiqarilgan barcha chiptalar sotib bo‘lingan. Mavsum starti kutilganidek kechmagan bo‘lsada, mitti jamoa muxlislari o‘z sevimlilari Ronalduni to‘xtatishini kutishmoqda. «Frozione» jamoasi bosh murabbiyi Moreno Longo futbolchilar bu o‘yinda bor kuchi bilan o‘ynashi haqida gapirdi: «O‘yindan oldin taslim bo‘lishga sabab yo‘q. A Seriya mavsumini o‘zimizni xuddi Chempionlar ligasida yoki jahon chempionatida o‘ynayotgandek o‘tkazishimiz zarur».

«Chelsi» «Liverpul»ni ta'qib etmoqda

«Chelsi» va «Vest Hem» turnir jadvalida bir-biridan juda uzoq joylashishgan. «Chelsi» 5 o‘yinda yuz foizlik natijani ko‘rsatib, peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, «Vest Hem» bu safar ham yomon boshladi – dastlabki to‘rt o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Lekin bu o‘yinga alohida e'tibor qaratish uchun bir qator sabablar bor.

Birinchidan, «Vest Hem» ijobiy kursga tushib olgandek, chunki «Everton» maydonidagi ishonchli g‘alaba e'tirofga loyiq. Bu o‘yinda jamoaning yangi xaridlari ham o‘zlarini ko‘rsatdi – Yarmolenko dubl qayd etgan bo‘lsa, «Latsio»dan sotib olingan braziliyalik Filipe Anderson jamoa tarkibida eng yaxshi baho olgan futbolchi bo‘ldi. Demak, «Vest Hem» o‘z o‘yinini topib bormoqda.

Ikkkinchidan, bu derbi. London derbilari o‘zining murosasizligi va kutilmagan natijalari bilan e'tibor tortib kelgan. Masalan, «Vest Hem» o‘z maydonida «Chelsi»ga qarshi o‘tkazilgan oxirgi 4 o‘yindan 3tasida g‘alaba qozongan. Axir bu mavsumlarning ikkitasida «Chelsi» chempion bo‘lgan, lekin bu ham «Vest Hem»ni shashtidan qaytara olmagan.

Payshanba oqshomida «Chelsi» Yevropa Ligasi doirasida Gretsiyaga safar qildi. Sarri ba'zi yetakchi futbolchilariga dam bergan bo‘lsa-da, umumiy holat yuzasidan «Vest Hem» jismonan tetikroq bo‘lishi va bu ham mezbonlarga ustunlik yaratishi mumkin. Xullas, qo‘shimcha shartlar go‘yoki «Chelsi»ning nihoyat ochko yo‘qotishidan dalolat qilmoqda. Ko‘ramiz, Mauritsio Sarri bu sinovdan o‘z shogirdlarini qanday olib chiqarkin?

«Arsenal» yetakchilarni ta'qib etmoqda
Unai Emeri «Arsenal» bosh murabbiyligiga kelganidan keyin jamoa birdan kuchayib ketgani yo‘q. Londonliklar 5ta o‘yindan keyin ayni vaqtda turnir jadvali peshqadami «Liverpul»dan 9 ochko kam jamg‘argan holda 9-o‘rinda joylashgan. Bugun «Everton»ga qarshi qarshi oltinchi o‘yinda g‘alabaga erishilsa, jamoa oltinchi o‘ringa ko‘tarilib olishi mumkin.

Unai Emeri Chempionlar ligasi o‘yinida jiddiy rotatsiyalarni amalga oshirdi va Ukrainaning «Vorskla» klubini 4:2 hisobida mag‘lub etdi. U o‘yindan oldin «Everton»ga qarshi o‘yinga ham ukrainlarga qarshi o‘ynagan tarkib tushirilishini aytdi. 2 kun oldin o‘ynagan O‘zil va Obameyang bugun ham maydonga tushirib, o‘zlarining gollar statistikasini yaxshilab olishi mumkin. Jamoaning asosiy hujumchisi bo‘lmish Per-Emerik Obameyangda ham, jamoa yetakchisi Mesut O‘zil ham o‘tgan o‘yinlarda faqat bittadan gol urishgan. Emeri gabonlik futbolchi o‘ziga ishonchni tiklashi uchun uni yana tushirishini tan olgan.

Bugungi o‘yin sobiq «kanonir» Teo Uolkott uchun ham alohida ahamiyatga egadir. Sal avvalroq ushbu futbolchi nihoyat «Everton»da «o‘zini topgani» haqida gapirgandi: «Oxirgi yillarda «Arsenal»da futboldan zavq olib o‘ynamadim. Men deyarli maydonga tushmasdim va doim xafa bo‘lardim. Ammo endi men yana yuzimda tabassum bilan to‘p tepmoqdaman».

Ushbu hujumchi sobiq jamoasiga gol ursa, golini nishonlamoqchi. U «Everton»da g‘alaba qozonish uchun imkoniyat yuqoriligini qayd etib o‘tgan: «Menimcha, biz yaxshiroq o‘ynaymiz. Murabbiyimiz bu jamoani «Arsenal»dan yuqoriroqqa olib chiqa oladi. Aynan shuning uchun bu jamoaga qo‘shilganman. Biz eng yuqori o‘rinlar uchun kurashamiz».

«Barselona» birinchi o‘rinni «Real»dan qaytarib oladimi?
22 sentabr kuni Ispaniya La Ligasi doirasida «Real» «Espanol»ni qabul qilib, kichik hisobda g‘alaba qozondi va ochkolari sonini 13taga yetkazib, turnir jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarildi. 5-tur o‘yinini bugun o‘tkazadigan «Barselona»da hozirda 12 ochko bor.

Bugun «Barselona» o‘z uchrashuvini «Jirona»ga qarshi o‘tkazadi. Kataloniya derbisi maqomidagi ushbu bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 23:45da boshlanadi.

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid