Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Il-20 voqeasiga javoban. Rossiya Suriyani S-300 bilan qurollantiradi
Rossiya Suriyaga S-300 zenit-raketa majmualari yetkazib berishni boshlashga qaror qildi. Bu haqda 24 sentabr kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu majmua Suriya Havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlaydi. Shoygu suriyalik harbiylar ushbu harbiy texnikani 2 hafta ichida qabul qilib olishini qo‘shimcha qildi.
«Suriyalik harbiylarga ikki hafta ichida zamonaviy S-300 zenit-raketa majmualari yetkazib beriladi. Bu tizim 250 km masofadan yo‘llanayotgan raketani bartaraf etishga, bir vaqtning o‘zida bir nechta nishonni yo‘q qilishga qodir», degan Shoygu.
Shoygu Suriya harbiylari bu tizim orqali rossiyalik harbiylarning samolyotlarini oson aniqlay olishini ma'lum qildi.
Foto: Vadim Savitskiy / RIA Novosti
Bu qaror Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin tomonidan tasdiqlangan. «Putin samolyot halokati uchun mas'uliyatni Isroil zimmasiga yukladi va prezidentga (Bashar Asad) Rossiya Suriya Havo hujumidan mudofaa tizimini rivojlantirishda yordam ko‘rsatishini ma'lum qildi. Saudiya Arabistoniga ham S-300 yetkazib beriladi», deyilgan Suriya prezidenti matbuot xizmati xabarida.
Foto: SERGEI BOBYLEV/TASS
Qayd etish kerakki, Rossiya S-300 zenit-raketa majmualarini Suriyaga Lataqiyada suriyalik harbiylar ruslarning Il-20 rusumli harbiy samolyotini adashib urib tushirishi ortidan jo‘natmoqda. Rossiya Il-20 halokatida Isroilni ayblagandi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Isroilning F-16 qiruvchi samolyotlari Suriya zenit raketalaridan qochish maqsadida, Xmeymim aerodromiga qo‘nish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan Il-20 samolyoti orqasiga ataylab yashiringani haqida ma'lum qildi.
Rossiya tomoni bildirishicha, Isroil harbiy qo‘mondonligi ikki davlat o‘rtasida tuzilgan shartnomaga amal qilmasdan Suriyaning g‘arbiy qirg‘oqlariga uyushtirilayotgan havo hujumi haqida juda kech va chalg‘ituvchi xabar (avvaliga Isroil Suriya shimolida amaliyot o‘tkazishini xabar qilgandi) yuborgan. Buning oqibatida Rossiya harbiy kuchlari aynan o‘sha damda osmonda bo‘lgan razvedka samolyotini jangovar harakatlar zonasida olib chiqishga ulgurmay qolgan.
Isroil elchixonasi Rossiyaning qaroriga munosabat bildirmadi. «Biz bunga izoh bermaymiz», dedi jurnalistlarning Suriyaga S-300 yetkazib berilishi haqidagi qarorga munosabati so‘ralgan savolga javoban Isroilning Moskvadagi diplomatik missiyasi matbuot kotibi Aleks Gandler.
Rossiya Suriya ustida xavfsiz hudud yaratmoqchi. Harbiy ekspert, iste'fodagi general polkovnik Leonid Ivashovning fikr bildirishicha, Rossiya Suriya hamda O‘rta Yer dengizining Suriya qirg‘oqlaridagi qismi osmonida xavfsiz zona yaratishga qaror qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hududdagi parvozlar cheklanadi. Ekspertning qo‘shimcha qilishicha, bunday qaror «AQSh va Isroilning, shuningdek koalitsiya tarkibida Suriyada amaliyotlar o‘tkazayotgan bir qator Yevropa davlatlarining keskin qarshiligiga duch keladi».
Foto: Maksim Shemetov / Reuters
Rasmiy Moskva Suriyaga 2018 yilning bahorida ham S-300 yetkazib bermoqchi bo‘lgandi. Suriya hukumati shu yilning aprelida, Idlibdagi kimyoviy hujumga javoban AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya tomonidan raketa zarbalari yo‘llanishi ortidan Rossiyadan S-300 zenit raketa majmuasi so‘ragandi. O‘shanda Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Moskvada Damashqqa qurol yetkazib berish majburiyati yo‘qligini aytgandi.
Suriyaning Moskvadagi elchisi Riyoz Haddod o‘shanda Rossiyaning S-300 havo hujumidan mudofaa tizimi Suriya hududida mavjud ekani haqida ma'lum qilgandi. Ikki kun o‘tib harbiy-diplomatik manbalar bu ma'lumotni rad etishgandi.
Isroil Suriyaning S-300 tizimini yo‘q qilishga tayyor. Isroil Mudofaa vaziri Avigdor Liberman 2018 yilning aprelida agar S-300 Isroil samolyotlariga qarshi qo‘llansa, Isroil uni yo‘q qilishini aytib o‘tgandi: «Biz uchun ruslar suriyaliklarga yetkazib beradigan mudofaa qurollari bizga qarshi qo‘llanmasligi muhim». Liberman aks hol yuz beradigan bo‘lsa, Isroil javob qaytarishini aytgandi: «Agar kimdir bizning samolyotlarga o‘t ochsa, biz uni yo‘q qilamiz», — deya izoh bergandi u Suriyaga rossiyaliklarning havo hujumidan mudofaa tizimi yetkazilishi haqidagi xabarlarga javoban.
Suriya S-300 olgani haqida ma'lum qilmaydi. Iyun oyida Suriya prezidenti Bashar Asad Rossiyadan S-300 zenit raketa komplekslari yetkazib berilishi haqida xabar bermasligini ma'lum qilgandi. «Ushbu komplekslar taqdim etilishi yoki etilmasligi haqida biz hech kimga xabar bermaymiz. Bu qurol, u haqida qachon qo‘llanilsa, shunda bilib olishadi», - deya izoh bergandi o‘shanda u.
2013 yilda Suriyaga S-300 yetkazib berilishi Isroilning iltimosi bilan to‘xtatilgandi. 2010 yili Rossiya va Suriya S-300 tizimi bo‘yicha shartnoma tuzgandi. Bu haqdagi xabarlar Isroil va AQSh tomonidan g‘azab bilan qarshi olingandi. AQShning o‘sha vaqtdagi Davlat kotibi Jon Kerri Rossiyani Bashar Asad rejimini qo‘llamaslikka chaqirgandi. Ikki mamlakat ham bu kelishuvning amalga oshishiga qarshilik ko‘rsatgan, yakunda qurolni yetkazib berish rejasi bekor bo‘lgandi.
Buni bugun Rossiya Mudofaa vaziri eslab o‘tdi: «2013 yilda Isroil tomoni iltimosiga ko‘ra biz Suriyaga S-300 majmualari yetkazib berishni to‘xtatgandik. O‘shanda suriyaliklar qurolni qabul qilib olishga tayyorgarlik ko‘rishgandi. Bugun vaziyat o‘zgardi. Bizning aybimiz bilan emas».
Mavzuga oid
14:56 / 26.05.2025
Suriya rasmiylari: Asad davrida 8 mln kishi kuzatuv ostida bo‘lgan
16:19 / 24.05.2025
AQSh Moliya vazirligi Suriyaga qarshi sanksiyalar yumshatilganini e’lon qildi
15:40 / 22.05.2025
Suriya Isroil bilan murosa qiladimi?
23:00 / 20.05.2025