O‘zbekiston | 18:30 / 25.09.2018
37627
3 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar ittifoqi yetakchilariga «paxta solig‘i» solingani haqidagi xabar o‘rganildi

O‘tgan haftada internetda Andijon viloyati, Qo‘rg‘ontepa tumani Yoshlar Ittifoqi kengashi yetakchisi Nazarbek Mirzaqobulov tumandagi 59ta maktab yetakchilariga paxtaga odam chiqarish bo‘yicha xat yo‘llagani haqida xabar tarqalgandi.

Telegram orqali yo‘llangan xat skrinshotida, tuman yetakchisi barcha maktab yetakchilariga paxta terimiga bir nafardan terimchi jalb etish, agar odam topolmasa, 100 ming so‘mdan olib kelish bo‘yicha topshiriq bergani, topshiriqni bajarmaganlar darhol lavozimdan ozod etilishi, bu hokimning buyrug‘i ekanidan ogohlantirgani yozilgandi.

«Kun.uz»ga ma'lum bo‘lishicha, aynan shu skrinshot bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tumani prokuraturasi va Andijon viloyat Bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat huquq inspeksiyasi mutaxassislari ishtirokida surishtiruv olib borilgan.

O‘rganish davomida ma'lum bo‘lishicha, Yoshlar ittifoqi yetakchilari tuman kengashi N.Mirzaqobulov tomonidan maktab yetakchilariga paxta terimi uchun bir nafardan odam jalb etish bo‘yicha topshiriq berilgani, ammo bu topshiriq telegram orqali emas, telefon qo‘ng‘irog‘i orqali yetkazilganini aytishgan. Ular odam o‘rniga 100 ming so‘mdan mablag‘ yig‘ilishi haqidagi ma'lumotni tasdiqlashmagan. Ular SMS-xabar tarzida topshiriq olishmagani, keyinchalik ularga terimchilarni targ‘ibot tadbirlari orqali jalb qilish kerakligi tushuntirilganini bayon qilishgan.

Mirzaqobulovning o‘zi ham 19 sentabr kuni maktab yetakchilariga paxta terimiga Yoshlar ittifoqi tuman kengashi otryadi tashkil qilish maqsadida qo‘ng‘iroq qilib, bir nafardan terimchi jalb etish bo‘yicha topshiriq berganini tan olgan. Ammo u odam o‘rniga 100 ming so‘mdan pul yig‘ilishi haqidagi gaplarni inkor etgan. U topshiriqni telegram orqali berganini ham tan olmagan.

Uning kompyuter va uyali aloqa qurilmalari mutaxassislar ishtirokida tekshirilgan, u telegram orqali topshiriq yuborgani aniqlanmagan. Shu bilan birga, u 20 sentabr kuni qabriston tozalash uchun jalb qilish bo‘yicha yetakchilarga yuborgan xabar mavjudligi aniqlangan.

Endilikda, aniqlangan holatlarda (telefon qo‘ng‘irog‘i orqali paxtaga bir nafardan odam jalb qilish bo‘yicha topshiriq va qabriston tozalash uchun yetakchilarni jalb qilish bo‘yicha topshiriq)  Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasida (mehnatga ma'muriy tarzda majburlov) ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi sababli Andijon viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspeksiyasining qarori bilan ma'muriy javobgarlikka tortilishi ta'minlangan.

Mavzuga oid