Poyezdda Toshkent - Andijon safari. Ikkinchi sayohat
Yodingizda bo‘lsa, shu oy boshida Andijon-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha poyezdda yo‘lga chiqib, sayohat davomida yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar haqida maqola yozgan edim.
Qarangki, bu safar butun dunyo ahli eng ko‘p foydalaniladigan jamoat transportida Toshkentdan Andijon tomon safar qilishga to‘g‘ri keldi.
Maslahatim, agar ishlaringiz reja asosida ketayotgan bo‘lsa, shoshilmayotgan bo‘lsangiz, poytaxtdan vodiy tarafga poyezdda yo‘lga chiqqaningiz ma'qul. Agar avtomashinada ketishni ixtiyor etsangiz, Qo‘yliq tomon borib, bir to‘p “Menga chiqing, menga chiqing!”, deydigan taksichilar qurshoviga dosh berib, besh soat harakatlanmay o‘tirgancha Andijonga yetib olasiz. Mashinada ketishning ham o‘ziga xos ijobiy va salbiy tomonlari bor. Tezroq borasiz, biroq tor joyda siqilib ketishga majbursiz.
Poyezd endi boshqacha... Aniq jadval asosida ish yuritadi. Yo‘l davomida bemalol vagon ichida harakatlanishingiz mumkin. Xavfsizlik choralari mavjud. Uning qulayliklari haqida uzoq gapirish mumkin. Shuning uchun O‘zbekistonni kezish uchun kelgan chet ellik sayyohlar ham ko‘proq poyezdni tanlaydi.
Chipta sotib olish..
Vodiy tomonga poyezdlar Janubiy vokzaldan qatnaydi. Chipta olish uchun bir kun oldin oqshom payti kassaga yaqinlashdik. Hech qanday muammosiz navbatga turib, o‘n daqiqaga ham qolmay chipta qo‘limizga tegdi. “Yo‘l hujjati”ni naqd pul yoki plastik kartaga olasiz.
60/59-sonli yo‘nalishdagi poyezdning ertalabki soat 08:07da yo‘lga chiquvchi “Yeconom”, xalq tili bilan aytganda “umumiy” vagoniga chipta narxi 57 ming so‘m ekan.
Vokzaldagi sharoitlar va vagonga chiqish..
Tong sahar yetti. “Janubiy” vokzalda odam gavjum. Vokzalga kelganimizdan bir-ikki daqiqa o‘tib, maskan suxandoni: “ Diqqat qiling! Birinchi yo‘lga Toshkent – Andijon poyezdi qo‘yilmoqda”, deya e'lon qildi.
“Janubiy” vokzalda yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar alohida mavzu. So‘nggi arxitektura me'yorlari asosida, sharqona chizgilar bilan bunyod etilgan vokzalda barcha qulayliklar bor. Keng, yorug‘ kutish zallari, pokizalik hammasi joy-joyida. Sovg‘alar sotib olish uchun do‘kon, telefonni quvvatlovchi uskunalar, bularning bari aytish mumkin bo‘lgan sharoitning yuzdan biri bo‘lsa kerak.
Yo‘lovchilar orasida vodiy tomon ketayotgan chet ellik sayyohlar ko‘p edi. Vagon yonida fransiyalik yoshi ulug‘, er-xotin ajnabiy yo‘lovchilar bilan bitta “selfi” qilish imkoniyati ham tug‘ildi.
Pishqirib turgan poyezdning 10-vagoniga chiqib, joylashdik.
Qulayliklar
Vagon ichida uch qator, har bir yo‘lovchi uchun alohida o‘rindiqlar bor. Bir tomonda juft va bir tomonda yakkalik kreslolar. Har bir yo‘lovchi uchun alohida kiyim ilgich, telefon quvvatlovchi moslama. Pokizalikka yaxshi e'tibor qaratilgan. Yo‘l kuzatuvchilari, ulus tili bilan aytgan “provodnik”lar xushmuomala. O‘rindiqlar va uning atrofida birorta chang yo‘q.
“Yeconom” vagonning o‘rtasiga ikki tomonlama televizorlar qo‘yilgan. Unda “Tangalik bolalar” filmini tomosha qilib ketdik. Yo‘lga chiqqanimizdan o‘n-yigirma daqiqalar o‘tib, choy keltirib berishdi. Yengil tamaddi qilishni xohlaganlar uchun har yarim soatda chiroyli kiyinib, yeguliklar ko‘tarib olgan sotuvchi ham xizmatda.
O‘tgan safargi sayohat davomida vagonlardagi hojatxonada kamchiliklar ko‘zga tashlangan edi. “UZTEMIRYOʻL YOʻLOVCHI” tashkiloti tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqarib, barcha yo‘nalishdagi poyezdlarda katta ishlarni amalga oshiribdi. Barcha vagonlardagi hojatxonalarda yetarli shart-sharoitlar yaratilgani ko‘zni quvontirdi.
Poyezd boshlig‘i Bahromjon Yuldashev va VIP vagon kuzatuvchisi Zohida Zayniddinova bilan vagonlarni aylandik.
Sayyohlar fikri
3-vagonda Marg‘ilon, Qo‘qonga sayohat qilish uchun ketayotgan chet ellik sayyohlar bilan suhbatlashganimizda, ular poyezdda dunyo tamaddunida o‘ziga xos o‘rin tutgan “Buyuk ipak yo‘li” haqida ma'lumotlarga ega ekanliklarini bildik. Ularning Marg‘ilon va Qo‘qondagi hunarmandchilik, atlas to‘qish ham kulolchilik maktablari namunalarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish uchun uzoq safarga chiqqani bizni lol qoldirdi.
“Poyezd sarishta, vagon kuzatuvchilarining muomalasi juda yaxshi ekan. Servis xizmatlari ham boshqa davlatlarnikidan hech qolishadigan joyi yo‘q. Ayniqsa, choyni juda o‘zgacha tayyorlashar ekan”, - deydi ulardan biri.
Italiya, Angliya va Fransiyadan kelayotgan sayyoh yo‘lovchilarning temir yo‘lchilar haqidagi fikrlari ijobiy bo‘ldi.
Poyezddagi xodimlarning hammasi 20-25 yoshda bo‘lib, tanlov asosida ishga olingan. Chet elliklar bilan bemalol o‘zga tilda muloqot qila olishayotgani ham ijobiy holat.
Navbatdagi maqolam ham cho‘zilib ketdi. O‘quvchilarimiz voha tomonlarga qatnovchi poyezdlardan ham fotoreportaj qilishimizni so‘rabdi. Nasib qilsa, keyingi safar boshqa yo‘nalishlarda ko‘rishamiz...
Yo‘lovchi Elmurod Ermatov
Mavzuga oid
22:05 / 23.11.2024
DXX raisining ishdan olinishi, Andijonda Boburga “hujum” va tugagan saylov - hafta dayjesti
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51 / 23.11.2024