O‘zbekiston | 21:13 / 26.09.2018
22395
2 daqiqa o‘qiladi

Respublika bo‘yicha jami 1 millionga yaqin o‘zboshimcha qurilgan turar joy aniqlangan

Foto: Shutterstock

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha o‘tkazilayotgan bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida o‘tkazilgan xatlov natijasida respublika bo‘yicha jami 1 mln.ga yaqin o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylar aniqlangan.

Davlat xizmatlari markazlari ma'lumotiga ko‘ra, ushbu aksiya boshlangandan buyon markazga 38 mingga yaqin murojaat kelib tushdi. Bu esa xatlov natijasida aniqlangan imoratlarning atigi 3,8 foizini tashkil qilmoqda. Murojaatlar natijasi bo‘yicha shu vaqtga qadar 5 mingdan ortiq o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqi berildi. Biroq, komissiyaning ijobiy xulosalari mavjud bo‘lsada, tuman (shahar) hokimliklari tomonidan 2 360 ta murojaat yuzasidan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha tegishli qarorlar o‘z vaqtida qabul qilinmadi.

Ushbu holatlar bo‘yicha Agentlik tomonidan vakolatli organlarga nisbatan tegishli huquqiy ta'sir choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, 91 nafar aybdor shaxs ma'muriy javobgarlikka tortildi va ulardan 41 mln. so‘mdan ortiq jarima undirildi hamda 34 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.

Eslatib o‘tamizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 apreldagi farmoniga muvofiq, fuqarolarga o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini amal qilish muddati 2019 yilning 1 mayiga qadar etib belgilangan.

Mavzuga oid