Jamiyat | 18:20 / 27.09.2018
11758
8 daqiqa o‘qiladi

Yosh, vaqt, kun cheklovi va butkul taqiq – spirtli ichimliklar savdosiga qarshi qayerda qanday kurashiladi?

24 sentabr kuni Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikova agarda alkogolli ichimliklarni sotishda yosh chegarasini 18dan 21 yoshgacha oshirish bo‘yicha taklif berilsa, Duma uni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligining bildirishicha, alkogol sotib olish uchun minimal yoshning oshirilishi uning iste'mol darajasini kamaytirish uchun istiqbolli chora hisoblanadi va vazirlik bu borada taklif ishlab chiqmoqda.

Dunyo mamlakatlarida tartib qanday?

Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq, 18 yoshga to‘lmaganlarga alkogolli ichimliklar sotish taqiqlanadi. Alkogol bilan savdo qilish uchun litsenziya sotib olish shart, ammo o‘tkirlik darajasi 6 foizdan past bo‘lgan alkogolli ichimliklar sotish uchun litsenziya shart emas. Ta'lim, tibbiyot, sport inshootlari yaqinida, shahar va shaharlararo jamoat transportida, bozor, harbiy obektlarda, miting va namoyishlarda spirtli ichimliklarning distansion savdosi butkul taqiqlanadi.

Mamlakat hududida soat 23:00dan ertalabki soat 08:00gacha alkogol sotish taqiqlangan. Faqat kafe va restoranlardagina kechasi ham spirtli ichimlik sotish mumkin bo‘lib, bunda sotuvchi ichimlik idishini ochib berishi, xaridor esa ichimlikni o‘sha muassasa hududida ichishi shart.

Yosh cheklovi: qayerda qanday?

Jahonning qator davlatlarida alkogolli ichimliklar sotishda xaridorlarning yosh cheklovi turlicha bo‘lib, aksariyatida bu 18 yoshdan boshlanadi. Yevropadan boshlaydigan bo‘lsak, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Belgiya, Daniya, Italiya, Polsha, Islandiya, Chexiya, Portugaliya va Gretsiya kabi davlatlarda 18 yoshga to‘lmaganlarga alkogolli ichimliklar sotish taqiqlanadi.

Osiyo mamlakatlarida yosh cheklovi 18dan 25 yoshgachani tashkil qiladi. Masalan, Hindistonning ayrim shtatlarida alkogolli ichimliklar 18 yoshdan oshgan shaxslarga sotilsa, yana ayrim shtatlarida yoshi 25dan oshganlargina spirtli ichimlik sotib olishga haqli hisoblanadi. Indoneziyada 21 yoshdan oshganlar alkogol iste'mol qilishlari mumkin. Xitoyda 18, Koreyada 19, Yaponiyada esa 20 yoshdan kattalar spirtli ichimlik sotib olishlariga ruxsat etilgan.

Lotin Amerikasi mamlakatlarida, xususan Argentina, Braziliya, Meksikada ham 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga alkogol mahsulotlari sotish taqiqlanadi. Paragvayda 20, Kubada 16ga to‘lmaganlar spirtli ichimlik sotib olishi mumkin emas.

AQShda esa barcha shtatlarda faqatgina 21 yoshga to‘lganlarga alkogolli ichimliklar sotilishi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, xaridor shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi shart.  

Sotuvchini jarima yoki qamoq kutadi.

Ayrim mamlakatlarda alkogol sotishda qonunga rioya qilmagan sotuvchilarga nisbatan keskin jazo choralari belgilangan. Masalan, Fransiyada 18 yoshga to‘lmaganlarga alkogolli ichimlik sotgan sotuvchi 7500 yevro jarimaga tortiladi.

Italiyada bunday qonunbuzarlik uchun sotuvchi 1000 yevrogacha jarima to‘lashi belgilangan bo‘lib, 16 yoshga to‘lmagan shaxsga ichkilik sotgan sotuvchi 1 yilgacha qamoq jazosini olishi mumkin.

Shveytsariyada esa jazo yanada qat'iy – qoidani buzgan sotuvchi uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etiladi.

Monopoliya va sotuv vaqtini belgilash – chora sifatida 

Jahon mamlakatlarida alkogolli mahsulotlar savdosiga qarshi kurashda yosh cheklovidan tashqari, monopoliya o‘rnatish, savdo vaqtini cheklash yoki alohida kunini belgilash kabi choralar ham qo‘llaniladi.

Daniya, Norvegiya va Shvetsiyada spirtli ichimliklarni sotish va ishlab chiqarishga davlat monopoliyasi o‘rnatilgan bo‘lib, uch davlatda ham qat'iy vaqt cheklovi o‘rnatilgan: Shvetsiyada spirtli ichimlik faqat ertalab soat 10dan soat 18gacha, shanba kunlari esa soat 15gacha sotiladi. Yakshanba hushyorlik kuni bo‘lib, barcha alkogolli ichimliklar sotuvchi do‘konlar yopiq bo‘ladi.

Finlyandiyada alkogolni ertalab soat 10dan soat 17gacha, shanba kunlari soat 14gacha sotib olish mumkin. Qat'iy davlat nazorati va narxlar yuqoriligi sababli Skandinaviya davlatlari spirtli ichimlik eng kam iste'mol qilinadigan mamlakatlar sirasiga kiradi.

Ayrim davlatlarda alkogolli ichimliklar faqatgina maxsus do‘konlarda sotiladi. Bu ayniqsa AQShda keng tarqalgan. Texas, Kanzas, Nyu-York va boshqa qator shtatlarda o‘tkir ichimliklarni Liquor store yozuvi bor va tegishli litsenziyaga ega magazinlardan sotib olish mumkin.

Shvetsiyada ham alkogol savdosi bilan Systembolaget kompaniyasi shug‘ullanadi. Quvvati 3,5 foizdan baland bo‘lgan ichimliklar faqatgina mana shu tarmoq magazinlarida sotiladi. Finlyandiya, Norvegiya, Turkiya, Kanadada ham alkogolli ichimliklar savdosiga davlat monopoliyasi o‘rnatilgan.

Italiyada jamoat joylarida, bar va klublarda tungi soat 3:00dan ertalab 6:00gacha alkogol savdosi taqiqlangan. Magazinlar esa yarim tundan tonggacha spirtli ichimlik sota olmaydi.

Hindistonda esa «quruq kunlar» joriy etilgan bo‘lib, ma'lum bir shtatda haftaning belgilangan kunida alkogolli mahsulotlar umuman sotilmaydi. 

Dunyoda alkogolli ichimliklar sotilishi butunlay taqiqlangan davlatlar ham bor. Bular Sudan, Mavritaniya, Somali, Saudiya Arabistoni, Eron, Qatar, Pokiston, BAA, Afg‘oniston, Kuvayt, Yaman, Bangladesh, Maldiv orollari, Ummon va Bruney sultonligidir. Bu mamlakatlarda alkogolni nafaqat sotish, balki iste'mol qilish ham taqiqlangan. Pokiston, Maldiv va BAAda esa bu taqiq sayyohlar va musulmon bo‘lmagan aholigi nisbatan amal qilmaydi.

O‘zbekistonda tartib qanaqa?

O‘zbekistonda belgilangan qonunchilikka ko‘ra, alkogolli mahsulotni sotayotgan sotuvchi ko‘rinishi yigirma yoshdan kichik ko‘ringan xaridordan uning yoshini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishni talab qilishi, hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda esa sotishni rad etishi shart.

Shuningdek, alkogolli mahsulotlar 20 yoshga to‘lmagan shaxslarga sotilmasligi hamda alkogolli va tamaki mahsulotlarining inson organizmiga salbiy ta'siri haqidagi ogohlantiruvchi yozuvlar mavjud bo‘lmagan savdo nuqtalarida sotish taqiqlanadi.

Alkogolli mahsulot idishida uni iste'mol qilishning inson organizmiga salbiy ta'siri to‘g‘risidagi matn va (yoki) surat shaklidagi tibbiy ogohlantirish mavjud bo‘lmagan taqdirda ham ularni savdoga chiqarish mumkin emas.

Umumiy ovqatlanish joylarida alkogol mahsulotlarini olib chiqib ketish uchun sotish ham taqiqlanadi.

Shu yilning 23 avgustida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilishni tartibga solishga yo‘naltirilgan hukumat qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirilgandi.

Muhokamasi 7 sentabr kuni nihoyasiga yetgan mazkur qaror loyihasiga ko‘ra, savdo obektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarida soat 21:00dan soat 9:00ga qadar alkogolli mahsulotlarni sotishga yo‘l qo‘ymaslik ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, alkogolli mahsulotlarni quyib savdo qilishni faqat umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasi asosida amalga oshirish taklif qilingan.

Bu haqdagi normativ-huquqiy hujjat 2018 yil 15 oktabrgacha qabul qilinishi mo‘ljallangan.

Dilshod Asqarov

Kun.uz jurnalisti

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid