O‘zbekiston | 16:15 / 27.09.2018
14327
8 daqiqa o‘qiladi

Optimal energetik muvozanat: Atom elektr stansiyasi va elektr energiyaning boshqa manbalari

7 sentabr kuni O‘zbekiston va Rossiya Bosh vazirlari Abdulla Aripov va Dmitriy Medvedev tomonidan imzolangan O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi (AES)ni qurishga doir hukumatlararo hujjat tomonlarning mamlakatda birinchi AESni loyihalashtirish, qurish, ishga tushirish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarini rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi. Mamlakatning atom energetikasini rivojlantirishga doir sa'y-harakatlariga qaramay, energetik kompleksni rivojlantirishda ko‘proq qayta tiklanuvchi energiya manbalari, xususan quyosh energetikasiga ko‘proq urg‘u berish kerakligiga doir fikr-mulohazalar yetarlicha. Bunday yondashuv tarafdorlari eng avvalo O‘zbekistonning serquyosh o‘lka ekanligi va bundan foydalanib qolish kerakligini sabab sifatida keltirishadi. 

Foto: Rossiya Federatsiyasi hukumati axborot xizmati

Aslida esa quyosh va atom energetikasini bir-biriga qarshi qo‘yish to‘g‘ri emas. Ular bir-biriga raqib emas, uglerodsiz energiya muvozanatining bir-birini to‘ldirib turuvchi elementlaridir. Biz shunday muvozanat sari harakat qilishimiz kerak, zero 2017 yilning aprelida O‘zbekiston iqlim bo‘yicha Parij shartnomasini imzolagan va endi atmosferaga chiquvchi CO2 chiqindilarini kamaytirish yo‘nalishida ish olib borishi tabiiy. Quyosh energetikasi ham, AES ham "yashil" energiya hisoblanadi - ularni rivojlantirish orqali global isishga qarshi samarali kurashish mumkin. Quyosh generatsiyasiga oid ma'lumotlar u qadar ko‘p emas, zero elektr energiya olishning bu usuli hali rivojlanish bosqichida. AES ekspluatatsiyasiga doir tajriba esa yetarlicha - Yevropadagi atom stansiyalari har yili 700 million tonna CO2 emissiyasini chetlab o‘tish imkonini beradi, Yaponiyada esa bu ko‘rsatkich 270 million tonna CO2'ni tashkil qiladi. RFdagi AESlar yiliga 210 million tonna karbonad angidridning atmosferaga chiqishi oldini oladi va mamlakat bu ko‘rsatkich bo‘yicha jahonda to‘rtinchi o‘rinda turadi. 

Foto: Dreamstime

Quyosh energiyasining qayta tiklanishdan tashqari boshqa ko‘plab ijobiy tomonlari ham bor - yurtimizda quyoshli kunlarning ko‘pligi, shovqin yo‘qligi, tejamkorlik va ekspluatatsion xarajatlarning yuqori emasligi. Biroq xarajatlarning tejamli ekanini his qilish uchun dastlab uyni quyosh panellari bilan jihozlash kerak, bu esa ushbu bosqichda muayyan chiqimlarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun quyosh energetikasi faol rivojlantirilayotgan mamlakatlarning aksariyatida, masalan, Germaniyada davlatning quyosh generatsiyasiga o‘tayotganlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan maxsus dotatsion dasturlari mavjud. Darhaqiqat, quyosh nurini elektr tokiga aylantiruvchi quyosh batareyalari va gelioqurilmalar, ya'ni quyosh panellari komplektlari sekin-asta arzonlashib bormoqda. Bu butun dunyo bo‘ylab quyosh energetikasini rivojlantirishga doir ilmiy-texnik tadqiqotlarni moliyalashtirish kuzatilayotgani va narxni pasaytirish ustida yuzlab olim va muhandislarning ish olib borayotgani bilan izohlanadi. Umuman olganda, so‘nggi 45 yilda uning bahosi pasaygan, masalan, quyosh batareyalari yordamida ishlab chiqariluvchi 1 kVt.s energiyaning tannarxi 1970-yillarda taxminan 60 dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2015 yilda uning narxi 0,2-0,3 dollarni tashkil qildi. 

Endi inobatga olish kerak bo‘lgan salbiy jihatlar haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, quyosh energiyasi eng avvalo bugungi kunda sanoat uchun zarur bo‘lgan uzluksiz elektr energiyasini yetkazib bera olmaydi, chunki quyosh yil bo‘yi uzluksiz nur sochib turmaydi. Albatta, olimlar tomonidan allaqachon quyosh energiyasini to‘plovchi va uni olishdagi beqarorlikni qisman bartaraf etuvchi akkumulyator batareyalari ixtiro qilingan, biroq ularning narxi baland ekanini unutmaslik kerak.

Foto: Pixabay

O‘zbekistonda elektr energiya iste'moli barqaror o‘sib bormoqda, bu iqtisodiyot va sanoatning rivojlanayotgani, shuningdek elektr energiya va issiqlik mamlakatning chekka hududlariga ham yetkazilishi kerakligi bilan bog‘liq, albatta. Ma'lumotlarga ko‘ra, 2006 yilda respublikaning elektr energiyasiga bo‘lgan talabi 49,3 milliard kVt.s'ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2017 yilda bu ko‘rsatkich deyarli 20 foizga -  60,7 kVt.s'ga o‘sgan, bu esa 2030 yilga borib 117 milliard kVt.s'ga yetishi mumkin degani.

Agar O‘zbekiston iqtisodiyoti, xususan sanoat, qishloq va uy-joy kommunal xo‘jaligining ayni damdagi rivojlanish suratlari saqlanib qoladigan bo‘lsa, u holda elektr energiya iste'moli o‘sishda davom etadi. Ta'kidlash joizki, quyosh generatsiyasini keng ko‘lamda targ‘ib qilish imkoniyatlari nafaqat ularni o‘rnatish narxi, balki bo‘sh maydonlar tomonidan ham cheklangan. Quyosh nurlaridan 1 kVs elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun salmoqli darajadagi quyosh panellari maydoni talab etiladi, qancha ko‘p quyosh paneli o‘rnatilsa, shuncha kuchli quyosh elektr stansiyasiga ega bo‘lasiz. 

Quyosh energiyasi qo‘llanuvchi tarmoqlar yetarlicha ekaniga qaramay, u hozircha ko‘proq qandaydir mahalliy vazifalarni bajarishda ko‘mak bermoqda. Masalan, alohida binolar yoki markaziy elektr energiya ta'minotiga ulanmagan kichik aholi punktlari quyosh panellari bilan ta'minlanadi.

Shunday ekan, mamlakat iqtisodiyoti va sanoatini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan bazaviy energotizimni quyosh generatsiyasi bilangina ta'minlab bo‘lmaydi, ayniqsa,  bugun O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarni amalga oshirayotgan bir davrda. 

Atom elektr stansiyalari esa bu borada aniq ustunlikka ega - bu barqaror, ishonchli va narx jihatidan hamyonbop energiya manbai. U yoqilg‘i narxiga kuchli tobe' bo‘lmaydi, zero atom generatsiyasida uranning tannarxi ulushi atigi 4-5 foizni tashkil qiladi, shunday ekan, uran narxining o‘zgarishi oxir-oqibat elektr energiyaning narxiga deyarli ta'sir ko‘rsatmaydi. Hozirgi bosqichda elektr energiyani muqobil energiya manbalaridan ko‘ra atom stansiyalarida ishlab chiqarish ancha arzonga tushadi. Quyosh generatsiyasi orqali olingan elektr energiyasi narxi kelgusida qanday bo‘lishini esa taxmin qilish qiyin. Uglerod generatsiyasi narxini ham prognoz qilish murakkab, chunki taxminan 10 yildan keyin tabiiy gaz bahosi qancha bo‘lishini hech kim bilmaydi. AES esa ko‘p yillar davomida arzon va barqaror elektr energiyasini kafolatlaydi. Bu esa milliy sanoat barqaror rivojining muhim shartlaridan biridir.

Shunday ekan, atom va quyosh energetikasi o‘rtasidagi tanlov muammosi bo‘lishining o‘zi noto‘g‘ri. Ko‘plab mamlakatlar energiya tizimi transformatsiyasi buni tasdiqlaydi. Xususan, O‘zbekiston kabi quyosh energetikasini rivojlantirish salohiyati yuqori bo‘lgan BAA, Misr, Saudiya Arabistoni, Iordaniya kabi qator mamlakatlar tobora ko‘proq yadroviy energetika rivojiga e'tibor qaratishmoqda. Hatto dunyoning eng yirik iqtisodiyotlaridan biri hisoblangan va nafaqat qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirayotgan, balki quyosh panellarini ham ishlab chiqaruvchi Xitoy ham atom energetikasini faol rivojlantirmoqda.

Lola Raxmanbayeva

Mavzuga oid