Sport | 11:50 / 27.09.2018
18756
7 daqiqa o‘qiladi

Pogba va Mourino yana janjallashmoqda: sardorlik bog‘ichi olinishi va mashg‘ulotlar vaqtidagi video

«Manchester Yunayted» Angliya Ligasi kubogida chempionship vakili, Frenk Lempard boshqaruvidagi «Derbi Kaunti»ga yutqazib, turnirni tark etgach, jamoa ichki muhiti OAV diqqat markazida turibdi. Ayniqsa, Joze Mourino va Pol Pogba o‘rtasidagi qilichbozlikni kuzatish qiziq bo‘lmoqda.

Murabbiy fransiyalik futbolchidan ochiqchasiga shikoyat qildi: «Yagona haqiqat shuki, men u bundan buyog‘iga jamoa vitse-sardori bo‘lmasligi to‘g‘risida qaror qabul qildim. Ammo hech qanday tortishuv yo‘q, muammo mavjud emas. Men – murabbiyman va shunday qaror qabul qilishim mumkin. O‘rtamizda muammo yo‘q, bu shunchaki men izohlashim shart bo‘lmagan qaror xolos».

Ko‘rinishidan Joze Pogbaning yakshanba kungi intervyusidan qattiq darg‘azab bo‘lgan. Chempioantning 6-turida «Vulverhempton» bilan o‘yinda qayd etilgan durangdan keyin fransiyalik futbolchi jamoa o‘yin uslubini tanqid qilgandi. Natijada, Mourino uni «Derbi Kaunti»ga qarshi o‘yin qaydnomasiga ham kiritmadi, keyingi kuni mashg‘ulotlar vaqtida esa futbolchi murabbiyning oldidan o‘tgach, uning aytgan so‘zlaridan keyin yuzini ochiqchasiga tirishtirdi.

The Guardian xabariga ko‘ra, Mourinoning oxirgi so‘zi shunday bo‘lgan: «Yo‘qol». Klub esa, portugaliyalik murabbiy tilidan bu so‘z chiqqanini inkor etmoqda.

Sky Sports ham bu muloqotni ochiqlashga harakat qildi; aytishlaricha, Joze press-attashega murojaat qilgan: «Pol buni instagramga qachon qo‘ygandi?». U bu bilan fransiyalik futbolchi «Vulverhempton»ga qarshi o‘yinda zayavkaga kiritilmaganidan keyin tribunada o‘tirib, zayavka qilinmagan jamoadoshlari bilan kulib o‘tirgani aks etgan tasvirini nazarda tutgani taxmin qilinmoqda.

Foto: Squawka

Qayd etish kerakki, Joze va Pol munosabatlari o‘tgan mavsum yarmida, futbolchining o‘yini pasayishi tufayli boshlangandi.

Pogba qishda erinchoq bo‘lib qolgan va himoyaga yordam bermay qo‘ygandi. Natijada, murabbiy fevral-mart oyida uni asosiy tarkibdan chiqardi. Ayniqsa, YeChL 1/8 finalida «Sevilya»ga qarshi o‘yinlar buni ko‘rsatib qo‘ydi: ikki o‘yinda ham Pol faqat zaxiradan o‘yinga qo‘shildi. O‘yinlarda fransuz futbolchisi o‘rnini yosh Skott Maktomini egallay boshladi va Joze uni doimiy ravishda maqtab turdi.

YeChLni erta tark etganiga qaramasdan, «MYu» o‘tgan mavsumda APLda Fergyuson ketganidan buyon eng yaxshi natijani qayd etdi (2-o‘rin) – bu esa barchani xotirjam qildi va murabbiy-futbolchi mojarosi unutildi.

Keyin Pogba jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etdi, finaldan keyin ta'tilga chiqib ketdi – avvaliga Los-Anjyelesda, keyin Frantsuz Polineziyasida. Joze yozgi transferlar yo‘qligidan asabiylasha boshladi va rahbariyat bilan ziddiyatga bordi. U yaxshi futbolchilar sotib olinmaganiga yarasha, jamoa mavsumoldi yig‘inini to‘liq tarkibda o‘tkazishini talab qildi. 

Pol murabbiyning irodasini bajo keltirmadi va ta'tilni oxirigacha ado etdi. U ta'tilda yallo qilib yurganida Mourino uning goh «Yuventus»ga, goh «Barselona»ga o‘tishi haqidagi xabarlarni o‘qib, chandon asabiylashardi.

Foto: REUTERS/Phil Noble

Vaziyatga klub rahbariyati aralashishga majbur bo‘ldi: Pogba sotilmaydi! Bu Mourino uchun ham signal edi, u Pol bilan birga ishlashda davom etishini tushunib oldi.

Joze taktikani o‘zgartirdi: Pogbani jamoa sardori Antonio Valensiyaning o‘rinbosari etib tayinladi. U futbolchini yana maqtay boshladi:  «Pogba monstr», «men Pogbadan har qachongidan ko‘ra ko‘proq roziman», «Pogba klubimizda baxtiyor» – u fransiyalik futbolchini hatto penaltini aniq ijro eta olmaganidan keyin ham maqtashda davom etdi. 

Foto: REUTERS/Phil Noble

Bu esa yordam berdi. Pol uch o‘yinda jamoani sardor sifatida maydonga boshlab tushdi, 4 gol urib, 2 golga assistentlik qildi. U «MYu»ning haqiqiy yetakchisiga aylangandi. Ammo Pogbaning o‘zi OAVni kelajagi borasidagi noaniqlik bilan chalg‘itishda davom etardi.

Ko‘rinishidan Pogbaning kayfiyatiga agenti Mino Rayola ta'sir ko‘rsatmoqda. Bu aynan niderlandiyalik agentning imzosi: u kichik cho‘g‘ni katta olovga aylantira oladi, futbolchini boshqa klubga transfer qilishga ko‘ndiradi, u bu orqali transferdan komission ulush ishlab olishni ko‘zlaydi.

Ayni vaqtda Polga ko‘plab top-klublardan qiziqish mavjud, qolaversa, endilikda YeChLda birinchi davrada boshqa jamoa uchun o‘ynagan futbolchilarni ikkinchi davra o‘yinlariga zayavka qilish mumkin bo‘ladi.

Ammo Pogbaning sotuvi «MYu»ning imijiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi tayin. Pol Manchesterga ikki yil muqaddam kelgandi – inglizlar «Yuventus»ga 105 million yevro to‘lagan va futbolchi bilan 2021 yilgacha shartnoma tuzgan. Italiya nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, kelishuv doirasida klublar maxsus bandni qo‘shishgan: Pol «Yuve»ga 60 million yevro evaziga qaytishi mumkin bo‘ladi. Boshqa da'vogarlar uchun qancha narx belgilangani ma'lum emas.

Pogba va Mourino ziddiytini «Barselona» diqqat bilan kuzatib bormoqda: ma'lum bo‘lishicha kataloniyaliklar  yozda «MYu»ga futbolchi uchun 50 mln yevro taklif etishgan; endi ular yanvar uchun yangi taklifni tayyorlashmoqda.

Mavzuga oid