Sport | 13:14 / 28.09.2018
8750
9 daqiqa o‘qiladi

Oyoqqa turayotgan «Inter», rekordchi «Yuventus» va omadsiz «Milan» - Italiyada tur voqealari

Italiya chempionatida haftaning o‘rtasida 6-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda e'tiborga molik bir qancha voqealar yuz berdi.

Tur o‘yinida «Inter» o‘z maydonida «Fiorentina»ni yengdi

«Inter» asta-sekin oyoqqa turib bormoqda. Jamoa mavsumni muvaffaqiyatsiz boshlagan edi. Ammo so‘nggi ikki turda ikki marta g‘alaba qozondi. «Fiorentina»ga qarshi o‘yinda «Inter» biroz ustunlikka erishdi. 45-daqiqada Ikardi penaltini aniq amalga oshirib, hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda «Fiorentina» jonlanib qoldi va 53-daqiqada Shkrinyarning avtogoli evaziga hisobni tenglashtirdi. Shundan so‘ng, katta kuch bilan oldinga intilgan «ko‘k-qoralar» 77-daqiqada  D'Ambrozio goli evaziga g‘alabani ilib ketishdi. Bu natijadan so‘ng, «Inter» 10 ochko bilan 6-o‘ringa chiqib oldi.

Inter – Fiorentina 2:1 (1:0, 1:1)
25 sentabr, «Juzeppe Meatstsa (San-Siro)» stadioni
Gollar: 1:0 – 45, penalti Ikardi, 1:1 – 53, avtogol Shkrinyar, 2:1 – 77 D`Ambrozio. 
Inter – Xandanovich, D`Ambrozio, de Vrey, Shkrinyar, Asamoa, Vesino (Keyta Balde, 68), Brozovich, Kandreva (Politano, 58), Nainggolan, Perishich (Galyardini, 88), Ikardi.
Fiorentina – Lafon, Milenkovich, Petstselya, Vitor Ugo, Biragi, Benassi (Vlaxovich, 84), Veretu, Fernandesh (Jyerson, 64), Keza, Simeone (Pyatsa, 55), Miralyas.
Ogohlantirishlar: Keza (19), Fernandesh (45), Asamoa (72), Miralyas (84).

«Yuventus» yo‘qotishsiz bormoqda

«Yuventus» o‘z maydonida «Bolonya»ni qabul qilib, ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Turinliklarga ikkita tezkor gol uch ochkoni qo‘lga kiritish uchun kifoya qildi. 10-daqiqada Dibala hisobni ochdi va 6ta o‘yindan beri davom etayotgan golsiz seriyasiga barham berdi. Oradan 6 daqiqa o‘tgach Matyuidi o‘z goli bilan uni mustahkamladi. 

Hujumchi Krishtianu Ronaldu o‘yinda 90 daqiqa harakat qilsa-da, raqib darvozasini ishg‘ol etolmadi. O‘yindan so‘ng, bosh murabbiy Massimiliano Allegri uni maqtab qo‘ydi. 

«Ronalduni ikkinchi bo‘limda almashtirib, unga dam bermoqchi edim. Ammo u gol urish ishtiyoqida maydonni tark etishni istamadi. Italiyada futbol murakkab bo‘lsa-da, Krishtianu o‘yinidan mamnunman. U to‘pni nazorat qilishda o‘zgacha texnikaga ega - bu narsa uni chempion qiladi», - deb Allegri so‘zlarini keltirdi Football Italia.

Bu natijadan so‘ng, «Yuventus» 18 ochko bilan yakka peshqadam bo‘lib turibdi.

Yuventus – Bolonya 2:0 (2:0, 0:0)
Gollar: 1:0 – 11 Dibala, 2:0 – 16 Matyuidi. 

«Napoli»ning yirik g‘alabasi

«Napoli» o‘z maydonida musobaqa debyutanti «Parma»ni qabul qildi. Neapolliklar bu bahsda 3:0 hisobidagi yirik g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Polshalik hujumchi Arkadiush Milik 2ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Yana bir golga Lorentso Insine mualliflik qildi. Bu natijadan so‘ng, «Napoli» 15 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda.

O‘yindan keyin, «Napoli» bosh murabbiyi Karlo Anchelotti g‘alabadan xursand ekanini yashirmadi: «Jamoamning o‘yinidan mamnunman. Futbolchilarim o‘z oldiga yuqori vazifani qo‘yib, uni hal etmoqdalar, bu menga yoqadi. Jamoa rivojlanishga qodir ekanini ko‘rmoqdaman».

Napoli – Parma 3:0 (1:0, 2:0)
Gollar: 1:0 – 4 Insine, 2:0 – 47 Milik, 3:0 – 84 Milik. 

«Roma» muvaffaqiyatsiz seriyaga barham berdi

«Roma» o‘z maydonida yaqqol autsayder «Frozinone» bilan bellashib, 4:0 hisobidagi yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi. Natijada, rimliklar 4ta o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyaga barham berishdi. Gollar Under, Pastore, El-Shaaravi va Kolarov hisobiga yozildi. Bu natijadan so‘ng, «Roma» 8 ochko bilan 10-o‘ringa ko‘tarildi.

O‘yindan keyin «Roma» bosh murabbiyi Eusebio di Franchesko bu g‘alabaga quyidagicha izoh berdi: «O‘yindan oldin yigitlarga mavsum endi boshlanayotgandek tasavvur qilishlarini aytdim. Biz o‘yinni hech narsaga chalg‘imasdan o‘tkazishimiz lozim edi. Raqib «Yuventus»ga qarshi yaxshi o‘ynagandi, uni mag‘lub etish oson bo‘lmadi. Jamoamiz sog‘lom, biz o‘yindan o‘yinga yaxshilanib borishimiz shart».

Roma – Frozinone 4:0 (3:0, 1:0)
Gollar: 1:0 – 2 Under, 2:0 – 28 Pastore, 3:0 – 35 El-Shaaravi, 4:0 – 87 Kolarov. 

«Milan» inqiroz ko‘chasidan chiqolmayapti

«Milan» safarda «Empoli» bilan bellashdi va 1:1 hisobidagi durangga erishdi. 10-daqiqada Lukas Bilya zarbasidan so‘ng, mezbonlar himoyachisi Kapetstsi o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi. Shundan so‘ng, «qizil-qoralarda» ko‘plab vaziyatlar bo‘ldi, ammo ulardan hech bir futbolchi foydalana olmadi. Ikkinchi bo‘limda «Empoli» penaltidan hisobni tenglashtirdi. O‘yin oxiriga qadar bu hisob o‘zgarmay qoldi. Natijada, «Milan» qatorasiga 3ta o‘yinni durang bilan yakunladi. Bu natijadan so‘ng, «Milan» 5 ochko bilan 14-o‘rinda bormoqda.

O‘yindan keyin, bosh murabbiy Jyennaro Gattuzo muvaffaqiyatsizlik sabablarini quyidagicha tushuntirdi: «Har ikkala bo‘limda ko‘plab vaziyatlardan foydalana olmadik. Keyin qimmatga tushgan xatoga yo‘l qo‘ydik. Muammo shundaki, biz o‘yinni mantiqiy yakuniga yetkazolmayapmiz. Natijaga erishish uchun bizga omad yetishmayapti. Agar ko‘plab xatoga yo‘l qo‘ysang, ishonchsizlik paydo bo‘ladi. Biz e'tiborliroq bo‘lishimiz lozim».

Italiya chempionati
6-turning barcha natijalari

27 sentabr
SPAL – Sassuolo 0:2 (0:0, 0:2)
Gollar: 0:1 – 59 Ajapong, 0:2 – 90 Matri. 

Empoli – Milan 1:1 (0:1, 1:0)
Gollar: 0:1 – 10, avtogol Kapetstsi, 1:1 – 71, penalti Kaputo. 

26 sentabr
Udineze – Latsio 1:2 (0:0, 1:2)
Gollar: 0:1 – 61 Acherbi, 0:2 – 66 Korrea, 1:2 – 80, avtogol Badel. 

Napoli – Parma 3:0 (1:0, 2:0)
Gollar: 1:0 – 4 Insine, 2:0 – 47 Milik, 3:0 – 84 Milik. 

Roma – Frozinone 4:0 (3:0, 1:0)
Gollar: 1:0 – 2 Under, 2:0 – 28 Pastore, 3:0 – 35 El-Shaaravi, 4:0 – 87 Kolarov. 

Yuventus – Bolonya 2:0 (2:0, 0:0)
Gollar: 1:0 – 11 Dibala, 2:0 – 16 Matyuidi. 

Jyenoa – Kevo 2:0 (1:0, 1:0)
Gollar: 1:0 – 42 Pyontek, 2:0 – 54 Pandev. 

Kalyari – Sampdoriya 0:0 

Atalanta – Torino 0:0 

25 sentabr
Inter – Fiorentina 2:1 (1:0, 1:1)
Gollar: 1:0 – 45, penalti Ikardi, 1:1 – 53, avtogol Shkrinyar, 2:1 – 77 D`Ambrozio. 

A Seriya 6-turidan so‘ng, musobaqa jadvali

A Seriya to‘purarlari ro‘yxati:

6 - Kshishtof Pyontek (Jyenoa)
5 - Lorentso Insine (Napoli)
4 - Rodrigo De Paul (Udineze), Gregore Defrel (Sampdoriya)

6-turning ramziy terma jamoasi

Tur raqami - 1000

«Yuventus» klubi Italiyada birinchi bo‘lib o‘z maydonida 1000-g‘alabani qo‘lga kiritdi. A Seriya 6-turidan o‘rin olgan «Bolonya»ga (2:0) qarshi o‘yinda turinliklar tarixiy ko‘rsatkichga erishdilar, deb xabar beradi Opta. Top-5 Yevropa chempionatlari klublari orasida «Yuventus» bu ko‘rsatkich bo‘yicha «Liverpul» (1230 g‘alaba), «Everton» (1224), «Arsenal» (1187) «Manchester Yunayted» (1122), «Aston Villa» (1106), «Real» (1078) va «Barselona»dan (1067) keyin 8-o‘rinda bormoqda.

Mavzuga oid