Toshkent shahrida prezident farmoni ijrosi nega ta'minlanmayapti?
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida» 2018 yil 20 apreldagi PF–5421-son farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 21 iyundagi 461-son qarori qabul qilingan.
Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida ko‘chmas mulklarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish uchun Toshkent shahri bo‘yicha 2 600 dan ortiq arizalar kelib tushgan bo‘lib, shundan faqat 79 ta murojaat bo‘yicha mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha tuman hokimligining qarori chiqarilgan bo‘lsa, 2500 dan ortiq arizalar ijrosi ta'minlanmasdan qolmoqda.
Poytaxtning Bektemir, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida shu kunga qadar birorta ham noqonuniy qurilgan yakka tartibdagi uy-joylarga nisbatan tuman hokimligi qarori qabul qilinmagan. Mirzo Ulug‘bek tumanida 16 ta (murojaatlar soni 250 ta), Mirobod tumanida 21 ta (murojaatlar soni 170 ta), Yunusobod tumanida 41 ta (murojaatlar soni 900 ta) va Yashnobod tumanida 1 ta noqonuniy uy-joyga nisbatan (murojaatlar soni 350 ta) mulk huquqi e'tirof etish haqida hokim qarori qabul qilingan, xolos.
Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan mazkur davlat xizmatini ko‘rsatishda ishtirok etuvchi vakolatli davlat organlari mutasaddi xodimlarga nisbatan intizomiy ta'sir choralari ko‘rilishiga, shuningdek, MJtKning 2155-moddasiga ko‘ra 31 nafar mansabdor shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortilganligiga qaramasdan, yuqorida ko‘rsatilgan Farmon va qarorning ijrosi ta'minlanmasdan qolmoqda. Bu esa o‘z navbatida fuqarolarning noroziligiga va yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga, shuningdek, davlat organlariga bo‘lgan ishonchi pasayib borishiga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur Qarorning 5-bandida ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e'tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalarining ishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish ishlari «respublika — viloyat — tuman (shahar)» uch pog‘onali prinsip bo‘yicha amalga oshirilishi, shuningdek 10-bandida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari ushbu qarorda nazarda tutilgan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob berishlari belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5421-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 461-son Qarori ijrosi mutasaddi tashkilotlar tomonidan tez kunlarda ta'minlanadi va fuqarolarning ovoragarchiligiga chek qo‘yiladi, deb umid qilamiz.
Mavzuga oid
12:06
“Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri zavod bilan ishlaymiz”: Toshkentda 16 kunlik firma odamlarni “halol lizing”ga mashina olib berishga ishontirmoqda
16:21 / 11.11.2024
Toshkent shahri havosini eng yomon deb ko‘rsatgan stansiya buzilib qoldi
14:14 / 24.10.2024
Poytaxt drenaj tizimini yaxshilash uchun 6 mlrd so‘m ajratildi
13:30 / 20.08.2024