Jamiyat | 16:25 / 01.10.2018
28111
4 daqiqa o‘qiladi

“Eng katta kelib aytib ketdi...”: Farg‘onada tadbirkorlarning do‘koni tushuntirishlarsiz buzib tashlandi

KUN.UZ tahririyatiga o‘z huquqlari buzilgan va buning oqibatida tushunarsiz, mavhum vaziyatga tushib qolgan bir guruh tadbirkorlar nomidan murojaat kelib tushdi. Ijodiy guruhimiz bilan mazkur masalaga atroflicha va xolis yondoshish maqsadida Farg‘ona shahriga yo‘l oldik.

“Ziyoli, teran fikrlovchi, o‘z kelajagiga befarq bo‘lmagan inson yaqin bir yillik, besh yillik va uzoq muddatli rejalarga ega bo‘ladi. Biroq hozir bu yerda hech kim ertaga nima bo‘lishini bilmaydi. Bugun tadbirkorlik uchun rejalaring bilan ish boshlaysan, hokim qaror bilan sharoit qilib beradi. Boshida ishlar o‘z joyida ketayotgandek bo‘ladi, go‘yo. Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish arafasida sizga “tegishli tashkilot”dan “odam” keladi va qisqa fursatda joningizni jabborga berib qilgan imoratingiz-u yo‘lga qo‘ygan tadbirkorligingizni buzish boshlanadi. Shu sababli bu yerdagi odamlarning ham hafsalasi pir bo‘lib, ishtiyoqlari ham so‘nib bo‘ldi”, deydi ismini sir saqlanishini qattiq turib talab qilgan suhbatdoshimiz.

Gap shundaki, Farg‘ona shahri, Bozor yo‘li va K. Dodhox ko‘chalari kesishmasidagi bo‘sh yer maydonida Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qaroriga asosan oldingi buzilgan savdo do‘konlari buzilishi sababli ularning o‘rniga yer ajratib berilgan. 2016 yil oktabr oyida chiqarilgan hokim qarorlari buning ayni isboti.

Tadbirkorlar davlat amaldorlariga ishonib qurilishni boshlashgan, biroq ushbu sentabr oyining 22-23 kunlari kutilmagan va sovuq xabar yetib keldi. Bu do‘konlar buzilmoqda ekan. Hamma hayron, hammani aqli shoshgan, biroq hech kim og‘iz juftlashga jur'ati yetmaydi.

KUN.UZ saytiga ushbu holatdan aziyat chekayotgan tadbirkorlar murojaat qilishgan. Holatni o‘rganish davomida barcha jabr ko‘rgan tadbirkorlar bilan uchrashdik. Ular hatto suhbatlashayotganimizni suratga olishimizga ham ro‘yxushlik berishmadi. Sababi aniq. Qo‘rquv. “Agar biz e'tiroz bilan chiqqanimizni viloyat hokimi va boshqa hokimlar bilib qolsa, boshqa ishlarimizdan ham ayblar topib, ularga hujum boshlanishini ta'kidlashdi”.

Joyni borib ko‘zdan kechirganimizda do‘konlar deyarli buzib tashlangan edi. O‘rniga tuproq ham to‘kish boshlangan. Shu joyda tadbirkorlar tomonidan yangi qurilayotgan do‘konlarga tayinlangan qorovul bilan suhbatlashganimizda quyidagilarni so‘zlab berdi. “Kechga yaqin 1-2 ta mansabdor shaxs kelib qurilish joylarini buzishni aytishdi. Menga shu joy ishonib topshirilganligi sababli darrov borib ishchilar bilan tortishib ketdim. Keyin sekin shivirlab aytib qolishdi: Anavi insonni taniyapsizmi? Viloyat hokimi bo‘ladi deyishdi” deydi qorovul aka.

Shundan so‘ng, holatga aniqlik kiritish va xolislik tamoyiliga tayanib izoh so‘rash maqsadida Farg‘ona shahar hokimiyatiga bordik. Bu yerda qurilish masalalari bo‘yicha mas'ul shaxs Dilshod Omonov ekanligini aytishdi. Bu insonni oz emas, ko‘p emas uch soat kutdik. Bosh vazir selektor o‘tkazadi ungacha keladi, deyishdi. Biroq bu insondan darak bo‘lmadi. 

Jabrdiyda tadbirkorlar bu ish bo‘yicha prokuraturaga murojaat qilishgan. Bundan tashqari, yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha fuqarolik sudiga ham ariza berishgan. Huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari mazkur muammoga yechim topishda qonuniy hamda vijdonan yondashishadi, deb umid qilamiz. KUN.UZ tahririyati voqealar rivojini kuzatishda davom etadi va bu masalaga yana qaytadi.

Bahodir Ahmedov
KUN.UZ muxbiri

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid