Jahon | 00:34 / 01.10.2018
14984
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyada halok bo‘lgan rossiyaliklar haqida ma'lumot berildi

Foto: Dmitriy Vinogradov/ RIA "Novosti"

Suriyada Rossiya 3 yildan beri olib borayotgan harbiy amaliyot vaqtida 112 rossiyalik harbiy halok bo‘lgan. Bu haqda Rossiya federatsiya kengashining mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Viktor Bondarev ma'lum qildi.

“Bugungi kunga kelib qurolli kuchlarimizning Suriyadagi yo‘qotishlari 112 kishini tashkil qiladi, ulardan yarmi An-26 fojiasi va Il-20’ning urib tushirilishiga to‘g‘ri keladi. Texnikadan 8 ta samolyot, 7 ta vertolyot va ehtimol 1-2 ta BTR va zirhli avtomobil yo‘qotilgan”, deb aytgan Bondarev.  

Bondarev yo‘qotishlar haqida gapirarkan, Afg‘onistondagi urushni eslab o‘tgan. Uning ta'kidlashicha, o‘shanda 3 yil ichida 4,8 ming kishi halok bo‘lgan. 

An-26 harbiy-transport samolyoti Suriyada 6 mart kuni halokatga uchragan. U Hmaymim bazasiga qo‘nish vaqtida polosagacha 500 metr qolganda qulab tushgan. Samolyot bortida 39 kishi bo‘lgan.

Il-20 esa 18 sentabrda O‘rta yer dengizi yaqinida urib tushirilgan. Fojia oqibatida 15 harbiy halok bo‘lgan.  

Rossiya Suriyada 2015 yil sentabrdan harbiy amaliyot olib boradi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid