Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Yuventus» «Napoli»ni mag‘lub etishi, Ronalduning qahramonligi, polshalik to‘purar rekordi - Italiyada tur voqealari
Italiya chempionatida 7-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda e'tiborga molik bo‘lgan bir necha muhim voqealar yuz berdi.
«Yuventus» turning markaziy o‘yinida «Napoli»ni yengdi, Ronaldu jamoasining uchta golida ishtirok etdi
«Yuventus» o‘z maydonida «Napoli»ni qabul qildi. Chempionlik uchun bevosita kurash olib borayotgan bu ikki jamoaning o‘yini nafaqat turning, balki turnirning ham markaziy o‘yinlaridan biri bo‘ldi.

10-daqiqadayoq mehmonlar raqib xatosidan foydalanib, hisobni ochishdi. Mertens yaqin masofadan darvozani qiyinchiliksiz ishg‘ol etdi. Shundan so‘ng, sahnaga Krishtianu Ronaldu chiqdi. Bu bahsda u darvozaga to‘p kiritolmagan bo‘lsa-da, jamoasining barcha gollarida ishtirok etib, o‘yin qahramoni bo‘ldi. 26-daqiqada uning to‘p oshirishidan so‘ng, Manjukich boshi bilan darvozani ishg‘ol etdi. 49-daqiqada Ronaldu uzoq masofadan zarba yo‘llaganida, to‘p darvoza ustuniga tegib qaytdi. Manjukich esa uni bo‘sh qolgan darvozaga aniq yo‘lladi. 76-daqiqada burchakdan oshirilgan to‘pni Ronaldu boshi bilan darvoza tomon yo‘naltirdi. Himoyachilardan ildamroq harakat qilgan Bonuchchi uni bo‘sh qolgan darvozaga kiritib yubordi.
«Yuventus» 3:1 hisobida irodali va ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritib, 100% natija bilan chempionat jadvalini boshqarib kelmoqda. Jamoa eng yaqin ta'qibchisi «Napoli»dan 6 ochko ilgarilab ketdi.

«Yuventus» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri o‘yindan so‘ng, jamoasining g‘alabasiga izoh berib, shunday dedi: «O‘yinning boshida qiyin bo‘ldi, biz to‘pni nazorat qilolmadik va gol o‘tkazib yubordik. Ronaldu yaxshi ishladi, u bir necha xavfli vaziyatlarni yarata oldi. «Napoli» bir futbolchi kam bo‘lib qolgach, o‘yinni tashlab qo‘ydik va bu menga yoqmadi. Ular hisobni tenglashtirishi mumkin edi».
«Napoli» ustozi Karlo Anchelotti mag‘lubiyat sabablariga to‘xtalib o‘tib, shunday dedi: «Jamoadan mamnun emasman, o‘yinni zo‘r boshladik, gol urdik. Shundan so‘ng, «Yuventus»ga muvozanatni tiklab olishga imkon berdik. Umuman olganda, biz yaxshi o‘yin namoyish qildik. Endi iroda va barqarorlik ustida ishlashimiz shart».
Yuventus – Napoli 3:1 (1:1, 2:0)
29 sentabr «Alyants Stedium»
Gollar: 0:1 – 10 Mertens, 1:1 – 26 Manjukich, 2:1 – 49 Manjukich, 3:1 – 76 Bonuchchi.
Yuventus – Shchensni, Joau Kanselu, Bonuchchi, Kellini, Aleks Sandro, Jan (Bentankur, 62), Pyanich, Matyuidi, Dibala (Bernardeski, 64), Manjukich (Kuadrado, 84), Ronaldu.
Napoli – Ospina, Xyusay, Albiol, Kulibali, Mariu Ruy, Allan, Gamshik (Fabian Ruis, 70), Zelinski (Malkyui, 61), Kalexon, Mertens (Milik, 61), Insine.
Ogohlantirishlar: Mariu Ruy (24), Kulibali (40), Xyusay (55), Bonuchchi (60), Insine (60), Joau Kanselu (69), Aleks Sandro (85).
Chetlatish: Mariu Ruy (58).
«Roma» Rim derbisida zafar quchdi
Rim derbisida «Roma» va «Latsio» bellashdi. O‘yin teng kurashlar ostida o‘tgan bo‘lsa-da, «bo‘rilar» o‘z imkoniyatlaridan unumliroq foydalanishdi. 1-bo‘lim oxirida Pellegrini mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. 2-bo‘lim o‘rtasida Immobile uni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq, «Roma» tezda Kolarov yordamida 2-golni urib, mehmonlar shashtini pasaytirdi. O‘yin oxirida esa Fasio yakuniy hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi. Natijada, «Roma» qatorasiga 2-o‘yinda g‘alaba qozonib, 11 ochko bilan 8-o‘ringa chiqib oldi. «Latsio» 12 ochko bilan 6-o‘ringa tushdi.

O‘yindan so‘ng, «Roma» bosh murabbiyi Eusebio Di Franchesko g‘alabadan mamnun ekanini yashirmadi: «Biz muvaffaqiyatsiz startga erkaklarcha munosabat bildirdik. Bugun jamoa men talab qilgandek o‘ynadi. O‘tgan mavsumdagi «Roma»ni ko‘rishdan xursandman».
Roma – Latsio 3:1 (1:0, 2:1)
Gollar: 1:0 – 45 Pellegrini, 1:1 – 67 Immobile, 2:1 – 71 Kolarov, 3:1 – 86 Fasio.
«Inter» kuchli to‘rtlikka qaytdi
«Inter» o‘z maydonida «Kalyari» bilan bellashdi va 2:0 hisobidagi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. O‘yin «ko‘k-qoralar»ning tashabbusi ostida o‘tdi va ular har bir taymda bittadan gol urishga muvaffaq bo‘ldilar. 12-daqiqada «Inter»ning yangi a'zosi Lautaro Martines hisobni ochgan bo‘lsa, 89-daqiqada Politano 2-to‘pni darvozaga yo‘lladi. Bu natijadan so‘ng, «Inter» 13 ochko bilan 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

O‘yindan so‘ng «Inter» ustozi Luchano Spalletti quyidagi fikrlarini aytib o‘tdi: «G‘alaba qozonsak, har doim mamnun bo‘laman. Ayniqsa, yosh Lautaro Martinesdan xursandman. Menimcha, u Ikardidan ko‘p narsani o‘rganib oladi va yaxshi hujumchi bo‘lib yetishadi».
Inter – Kalyari 2:0 (1:0, 1:0)
Gollar: 1:0 – 12 Martines, 2:0 – 89 Politano.
«Milan» muvaffaqiyatsiz seriyaga barham berdi
Qatorasiga 3ta o‘yindan beri g‘alaba qozonolmayotgan «Milan» safarda «Sassuolo» bilan bellashdi. «Qizil-qoralar» bahsdan oldin jiddiy muammoga duch kelib, o‘yinda birorta hujumchini maydonga tushira olmadilar. Biroq, yakuniy natija kutilganidan ham ortiq bo‘ldi. «Milan» raqib darvozasiga 4ta to‘p yo‘lladi. Gollar Kessie, Suso (2) va Kastilexo hisobiga yozildi. «Sassuolo» Jurichichning yagona goli bilan javob qaytardi. Bu natijadan so‘ng, «Milan» 9 ochko bilan 12-o‘rinda, «Sassuolo» esa 13 ochko bilan 3-o‘rinda bormoqda.

O‘yindan keyin «Milan» bosh murabbiyi Jyennaro Gattuzo g‘alabaga quyidagicha izoh berdi: «So‘nggi bahslarda o‘yinimizdagi izchillik kamayib bormoqda. Birinchi bo‘limda yaxshi o‘ynadik, ammo ikkinchi taymni yomon o‘tkazdik. «Empoli»ga qarshi kechgan oldingi o‘yinda ham 4:1 hisobida g‘olib chiqishimiz mumkin edi, ammo yakunda durang qayd etgandik. Bu safar o‘yinimiz yaxshi chiqdi. Natija bizga ishonch baxsh etishiga umid qilaman. Biz to‘g‘ri yo‘ldan ketyapmiz».
Sassuolo – Milan 1:4 (0:1, 1:3)
Gollar: 0:1 – 39 Kessie, 0:2 – 50 Suso, 0:3 – 60 Kastilexo, 1:3 – 68 Jurichich, 1:4 – 90 Suso.
Italiya chempionati 7-turining barcha natijalari
29 sentabr
Roma – Latsio 3:1 (1:0, 2:1)
Gollar: 1:0 – 45 Pellegrini, 1:1 – 67 Immobile, 2:1 – 71 Kolarov, 3:1 – 86 Fasio.
Yuventus – Napoli 3:1 (1:1, 2:0)
Gollar: 0:1 – 10 Mertens, 1:1 – 26 Mandjukich, 2:1 – 49 Mandjukich, 3:1 – 76 Bonuchchi.
Inter – Kalyari 2:0 (1:0, 1:0)
Gollar: 1:0 – 12 Martines, 2:0 – 89 Politano.
30 sentabr
Bolonya – Udineze 2:1 (1:1, 1:0)
Gollar: 0:1 – 32 Pussetto, 1:1 – 42 Santander, 2:1 – 82 Orsolini.
Frozinone – Jyenoa 1:2 (1:2, 0:0)
Gollar: 0:1 – 33 Pyontek, 0:2 – 36 Pyontek, 1:2 – 41, penalti Chiano.
Fiorentina – Atalanta 2:0 (0:0, 2:0)
Gollar: 1:0 – 62, penalti Veretu, 2:0 – 90 Biragi.
Kevo – Torino 0:1 (0:0, 0:1)
Gol: 0:1 – 88 Dzadza.
Parma – Empoli 1:0 (1:0, 0:0)
Gol: 1:0 – 33 Jyervino.
Sassuolo – Milan 1:4 (0:1, 1:3)
Gollar: 0:1 – 39 Kessie, 0:2 – 50 Suso, 0:3 – 60 Kastilexo, 1:3 – 68 Jurichich, 1:4 – 90 Suso.
1 oktabr
Sampdoriya – SPAL
Italiya chempionati jadvali

A Seriya to‘purarlari:
8 - Kshishtof Pyontek (Jyenoa)
5 - Lorentso Insine (Napoli)
4 - Rodrigo De Paul (Udineze, 1), Chiro Immobile (Latsio), Mario Manjukich (Yuventus), Gregore Defrel (Sampdoriya)
Tur qahramoni - Kshishtof Pyontek (Jyenoa)
«Jyenoa» hujumchisi Kshishtof Pyontek «Frozinone»ga (2:1) qarshi o‘yinda jamoasining har ikkala goliga mualliflik qildi.

23 yoshli polshalik ilk 6ta o‘yinida 8ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi va 1949/50 mavsumida «Atalanta» hujumchisi Karl Oge Hansen tomonidan o‘rnatilgan ko‘rsatkichni takrorladi. Pyontek ajoyib samaradorlikni ham namoyish qilmoqda - u 8ta golni urish uchun jami 14ta zarba yo‘llagan.
Hafta voqeasi - Berluskoni futbolga qaytdi
«Milan»ning sobiq xo‘jayini, italiyalik siyosatchi Silvio Berluskoni «Montsa» klubini sotib oldi. Bitim haqida Italiyaning sobiq bosh vaziri 82 yoshni qarshi olgan kun – 29 sentabrda e'lon qilindi. «Montsa» rahbariyati tarkibidan kutilganidek, «Milan»ning sobiq vitse-prezidenti, 74 yoshli Adriano Galliani ham o‘rin oldi.
«Montsa» ayni paytda Italiya S seriyasida (3-divizion) ishtirok etmoqda. Klub oxirgi marta 2000 yili V Seriyada o‘ynagan.
Eslatib o‘tamiz, Silvio Berluskoni 2017 yil bahorida «Milan» klubini «Rossoneri Sport Investment Lux» kompaniyasiga 830 million yevroga sotgan edi. U 31 yil davomida «qizil-qoralar» xo‘jayini bo‘lgan.
Hafta sensatsiyasi - Ronaldu og‘ir jinoyatda ayblandi
Amerikalik ayol Ketrin Mayorga «Yuventus» hujumchisi Krishtianu Ronalduni zo‘rlashda aybladi. Bu haqda Germaniyaning Spiegel jurnali maqola chop etdi.
Voqea 2009 yili Las-Vegasda yuz bergan, Ronaldu mojaroni yopish uchun ayolga 375 ming dollar to‘lagan. Ayni paytda, Mayorga advokatlari Nevada shtati fuqarolik sudiga Ronalduga qarshi ariza topshirishgan.
Krishtianu Ronaldu bu ayblovni inkor qilib: «Bu yolg‘on. U mening nomim orqasidan mashhur bo‘lmoqchi. Bunday holatlar - faoliyatimning bir qismi», - deb yozdi instagram sahifasida. Endi portugaliyalik bu haqda xabar bergan Spiegel nashri bilan sudlashmoqchi.
Tur antirekordchisi - «Frozinone» 48 yillik ko‘rsatkichni yomonlashtirdi
«Frozinone» A Seriya joriy mavsumidagi ilk golini faqat 7-turda urishga muvaffaq bo‘ldi. Jamoa buni «Jyenoa»ga (1:2) qarshi bahsning 41-daqiqasida amalga oshirdi va chempionat tarixidagi antirekordni yangiladi. Avvalgi ko‘rsatkich «Kataniya»ga tegishli bo‘lib, klub 1970/71 mavsumining 7-o‘yini 2-daqiqasida ilk golini urgan edi. «Frozinone» bu ko‘rsatkichni 39 daqiqaga yomonlashtirdi.
Mavzuga oid
01:39 / 20.08.2018
A Seriya. "Roma" "Torino"ni mag‘lub etdi, "Inter" "Sassuolo"dan yengildi
18:00 / 04.03.2018
Futbolchi vafoti sababli Italiyadagi barcha o‘yinlar qoldirildi. Milan derbisi ham
23:24 / 01.10.2017
Italiya A seriyasi. Markaziy uchrashuvda «Milan» yana mag‘lubiyatga uchradi
00:20 / 24.09.2017