Sport | 17:46 / 02.10.2018
3534
3 daqiqa o‘qiladi

O‘smirlar Olimpiadasida O‘zbekiston sharafini himoya qiluvchi sportchilarni kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi

6-18 oktabr kunlari Argentina poytaxti Buenos-Ayres shahrida III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Musobaqada 37 nafar yosh atlet sportning 16 turi bo‘yicha bahslarda O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.

Bugun, 2 oktabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi binosida o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan sportchilarni rasmiy kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Qo‘mita matbuot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Axmadjonov hamda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyevlar ishtirok etishdi.

Tadbir davomida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov so‘zga chiqib, musobaqaga yo‘l olayotgan o‘zbekistonlik yosh sportchilarga omad tiladi.

«Yaqindagina Jakartada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli qatnashgan sportchilarimizni katta tantanalar bilan kutib olgandik. Endi esa navbat sizga keldi. O‘smirlar Olimpiya o‘yinlari - sportchi va murabbiylar uchun o‘z imkoniyatini namoyish etib, Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rish uchun ajoyib imkoniyatdir», - deya ta'kidladi Aziz Abduhakimov.

«Avvalgi Olimpiya o‘yinlarida o‘smirlarimiz 10 ta medal qo‘lga kiritishgandi. Sizlar ushbu natijani yaxshilashning uddasidan chiqa olasizlar. Yaqinlashib kelayotgan musobaqada sportchilarimizga muvaffaqiyatlar tilaymiz. Umid qilamizki, sizlarni medallar shodasi va yangi rekordlar bilan kutib olamiz», – dedi Bosh vazir o‘rinbosari.

So‘ngra, Aziz Abduhakimov musobaqada O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdori bo‘ladigan erkin kurashchi Muhammadrasul Rahimovga davlat bayrog‘ini topshirdi.

Delegatsiyaning asosiy qismi 4 oktabr kuni tunda Toshkentdan Buenos-Ayresga jo‘nab ketadi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, shuningdek, O‘zbekiston paralimpiya delegatsiyasi Paraosiyo o‘yinlarida ishtirok etish uchun Indoneziya poytaxtiga yetib borgan edi.

Mavzuga oid