O‘zbekiston | 11:09 / 02.10.2018
8123
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Medanta va Pratiksha klinikalari filiali ochiladi

Foto: Bookimed

Hindiston so‘nggi 10-15 yil ichida tibbiyotda taraqqiy etgan davlatlar qatoriga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatda tibbiyot turizmini ham jadal rivojlantirib yubordi. Sohadagi tezkor yuksalishlar dunyoning yuzdan ortiq davlatidan har yili bir necha millionlab insonlarni o‘z dardlariga davo topish maqsadida Hindistonga kelishlariga sabab bo‘lmoqda. Bu yerdagi shifokorlarning bir gapi bor: “Biz insonlarning oyoq-barmog‘idan sochining tolasiga qadar bo‘lgan dardni davolaymiz”. Bu gaplar mubolag‘a emas, chunki Hindiston tibbiyotidagi zamonaviy texnologiyalar eng ilg‘or davlatlarda davolash imkoni bo‘lmagan kasalliklarni davolash imkonini beradi.

O‘zbekistondan har yili 25-30 ming nafar fuqaro ushbu mamlakatdagi klinikaga murojaat qilishadi. Biroq bunga har kimning ham imkoni yetmaydi. Kimdir mablag‘ yetishmasligi, yana kimdir esa vaqt masalasida bu imkonga ega bo‘lmaydi. Ammo bu masalada O‘zbekiston tomoni har tomonlama islohotlar olib bormoqda. Masalan, Hindistonning eng oldi klinikalari O‘zbekistonda o‘z filiallarini ochishni rejalashtirmoqda. Quvonarlisi, bu tashabbus har ikki davlat soha xodimlari va sarmoyadorlarini qiziqtirmoqda.

Ana shunday klinikalardan biri Medanta klinikasidir. AQSh va Singapurda o‘z filiallariga ega ushbu klinikani dunyo bo‘ylab yuz minglab odamlar biladi. Ular orasida o‘zbekistonlik bemorlar ham bor. Medanta klinikasida kardiologiya, travmatologiya, onkologiya va va boshqa kasalliklar davolanadi. Hozirgi kunda mazkur klinikaning filialini O‘zbekistonda ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishilmoqda. Yangi loyihaga 15 million dollar mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

- Mamlakatingizda ochilishi rejalashtirilgan Medanta klinikasi haqda to‘xtalsak, biz O‘zbekiston tomonining taklifini to‘laligicha qabul qildik, - deydi klinika rahbari Naresh Trexan. – Klinika Hindistondagidan qolishmaydigan tarzda poydevoridan boshlab bunyod etiladi. U eng zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan jihozlanadi. Tan olishim kerak, sizdagi xirurglar juda kuchli, faqatgina ular zamonaviy texnologiyalardan juda kam foydalanishadi. Shu bois filial ishga tushganda dastlab hindistonlik shifokorlar ish olib borishadi va o‘z tajribalarini o‘zbekistonlik shifokorlar bilan o‘rtoqlashishadi. Bu nafaqat O‘zbekiston fuqarolari uchun yaxshi, balki bu klinika qo‘shni davlat fuqarolariga ham xizmat ko‘rsatuvchi yirik markazga aylanadi.

O‘zbekiston bilan hamkorlik qilaman degan klinikalar soni bugunga kelib juda ko‘paygan. Ana shunday klinikalardan yana biri, 25 yillik tajribaga ega “Pratiksha hospital Group” kompaniyasidir. U birinchilardan bo‘lib xorijdagi faoliyatini O‘zbekistonda boshlamoqchi. Toshkent shahrida joylashadigan uning filialida kardiologiya, yurak jarrohligi, nevrojarrohlik va boshqa yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatiladi. Mazkur loyihaga 10 million dollar investitsiya kiritish rejalashtirilgan.

- To‘g‘risini aytish kerak, prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan xorijiy investorlar uchun mamlakatda yaratayotgan shart-sharoitlari quvonarli hol, dedi “Pratiksha hospital Group” ijrochi direktori Megha Vats. – Sababi qulay muhit bo‘lgan joyda investor hech ikkilanmasdan biror bir ishga pul tikishi mumkin. Shu boisdan ham xorijdagi ilk klinikamizni sizning davlatingizda ochmoqchimiz.

Bu ishlarga O‘zbekistondagi mas'ul idoralar tomonidan ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan.

- Ishchi guruhimiz kelib, Hindistonning eng ilg‘or klinikalarida bu yerdagi tajriba o‘rganildi, - dedi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Alisher Shodmonov. – Olib borilgan muzokaralar natijalarga ko‘ra, hindistonlik shifokorlar O‘zbekistonga kelib o‘z klinikalarining filialini O‘zbekistonda ochishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid