Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Lirika» va tramadol sotuvchilari javobgarlikka tortiladi
O‘zbekistonda tramadol va pregabalin («lirika») singari psixofaol dori vositalari savdosi uchun javobgarlikka tortish boshlanadi. Oliy Majlis Senati qonunchilikka kiritilayotgan jamoatchilik xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan o‘zgartishlarni ma'qulladi, deb yozmoqda Gazeta.uz.
Parlament yuqori palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitasida doimiy asosda faoliyat olib boruvchi senator Shuhrat Cho‘lliyev IIV ma'lumotlariga tayanib, 2015 yildan 2018 yil iyuliga qadar sakkiz turdagi shu kabi sintetik kannabinoidlar aniqlanganini ma'lum qildi. Ular O‘zbekistonda aylanishi taqiqlangan yoki cheklangan narkotik va psixotrop vositalar ro‘yxatiga kiritilmagan.
Shuhrat Cho‘lliyev jismoniy shaxslar dorixonalardan tashqarida dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanayotgani holatlari borligini qayd etib o‘tdi. Ko‘chalardagi «farmatsevtik bozorlar"da ro‘yxatga kiritilmagan, yaroqlilik muddati o‘tgan psixofaol dori vositalari sotilmoqda. «Iste'mol qilinganda «eyforiya"ni keltirib chiqaruvchi preparatlar ham aniqlandi», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyat fuqarolar salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. 2017 yilda 67ta shunday huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lsa, joriy yilning yetti oyi davomida 84taga yetdi.
Dori vositalari va farmatsevtik faoliyat to‘g‘risidagi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, dori vositalari faqatgina dorixona muassasalari va ularning filiallarida sotilishi mumkin. Biroq qonunchilikda mazkur moddani buzganlik uchun ma'muriy yoki jinoiy javobgarlik belgilanmagan.
Huquqni muhofaza qilish organlaridan ma'lum qilinishicha, tramadol, pregabalin («lirika»), zopiklon («sonnat») kabilar narkotik va psixofaol dori vositalari ro‘yxatida bo‘lmagani sababli dori vositalari sotuvchilarini javobgarlikka tortish imkoniyati yo‘q edi.
«Avvallari ko‘pi bilan ular militsiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagani uchun javobgarlikka tortilar, aksariyat hollarda ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan. Endilikda ularga qarshi kurashda qonuniy dastak mavjud», — degan Gazeta.uz suhbatdoshi.
U tramadol va pregabalin ushbu ro‘yxatga kiritilishi aniq ekanini aytib o‘tgan.
Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga narkotik moddalar va prekursorlarning noqonuniy savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi o‘zgartishlar kiritiladi.
Mavzuga oid
18:08 / 17.03.2025
Avtobus yo‘lagida harakatlanganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
19:28 / 06.03.2025
Sud faoliyatiga aralashganlar uchun javobgarlik qattiq bo‘ladi
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
16:43 / 21.12.2024