Sport | 17:33 / 05.10.2018
6781
3 daqiqa o‘qiladi

Kamondan otish federatsiyasiga yangi rais saylandi. Sobiq rahbar hurmat bilan kuzatib qo‘yildi

Bugun, 5 oktabr kuni Toshkentdagi «Milliy» stadionining anjumanlar zalida O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, kamondan otish federatsiyasi xodimlari, viloyatning federatsiya bo‘limi vakillari, sportchi va murabbiylar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi, deb xabar beradi MOQ matbuot xizmati.

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Yig‘ilishni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti maslahatchisi Komiljon Xudoyberganov olib bordi. Konferentsiya davomida bungacha erishilgan yutuqlar, qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar uchun federatsiyaning avvalgi raisi Jamoliddin Boboxonovning xizmatlari alohida qayd etildi va minnatdorchilik ramzi sifatida unga zarbof chopon kiydirildi.

Jamoliddin Boboxonov (chapda)
Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Shundan so‘ng Otabek Sobitjonovich Imomov nomzodi O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi raisi lavozimiga taklif qilindi. Konferentsiya ishtirokchilari bir ovozdan ushbu nomodni qo‘llab-quvvatladilar. Shu tariqa O.Imomov O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasining raisi lavozimiga saylandi.

Otabek Imomov
Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi
Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Sir emaski, kamondan otish bo‘yicha O‘zbekiston jahonda yetakchi mamlakatlar qatorida e'tirof etilmaydi. Ammo, yangi rahbariyat kelajakda sportning ushbu turini rivojlantirish va ommalashtirishni maqsad qilgan.

“Asosiy maqsadimiz davlatimiz rahbari tomonidan sport yo‘nalishi bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni bajarishdir. Kelajakda yangidan-yangi marralarni zabt etamiz. Nasib qilsa, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga nafakat litsenziya qo‘lga kiritamiz, balki unda medallar uchun ham harakat qilamiz”, – dedi federatsiyaning yangi raisi Otabek Imomov.

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasiga, kecha esa O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasiga yangi rahbarlar saylangan edi. Bugungi saylovlardan farqli o‘laroq, ular haqida berilgan rasmiy ma'lumotlarda sobiq rahbar nomi tilga olinmagan edi.

Mavzuga oid