Jamiyat | 16:49 / 06.10.2018
68217
5 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda IIB xodimlari vakolat doirasidan chetga chiqmoqda: fuqarolarning qo‘y-echkilari sudsiz musodara qilinmoqda

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining internetdagi rasmiy veb-sayti orqali «Paxtani payhon qilish holatlarini aniqlash borasidagi tadbirlar natijalari» sarlavhali xabar e'lon qilindi.

Xabarga ko‘ra, viloyatning Peshku tumanida 2018 yil 1 oktabr kuni soat 7:00larda tumanning «Xurram» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1965 yilda tug‘ilgan fuqaro Tavakkal To‘yyev hamda shu manzilda yashovchi Nodir Yuldashevlar o‘zlariga tegishli bo‘lgan 6 bosh qo‘y va echkilarini qarovsiz qoldirganliklari oqibatida, ushbu chorva mollari «Nodirbek Dilnura» fermer xo‘jaligiga qarashli paxta dalasini payhon qilganligi aniqlangan. 1 bosh qo‘y va 1 bosh echki so‘yilib, hududdagi kam ta'minlangan oilalarga tarqatilgan.

Shuningdek, 2018 yil 4 oktabr kuni Buxoro tumanida «Talaliyon» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan fuqaro Shavkat Tursunov o‘ziga tegishli bo‘lgan 1 bosh yirik shoxli qoramoli va 1 bosh qo‘yini «Yurinpoyon yeri» fermer xo‘jaligiga qarashli paxta dalasida boqib, payhon qilganligi aniqlangan. 1 bosh qo‘y so‘yilib, uning go‘shti hududdagi 38-son maktabgacha ta'lim muassasasiga topshirilgan.

Ikkala holat yuzasidan ham O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 104-moddasiga asosan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan, deyiladi Buxoro viloyat IIB rasmiy saytidagi xabarda.

O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning «Ekinzorlarni payhon qilish, qishloq xo‘jalik ekinlarining dalada to‘plab qo‘yilgan hosiliga zarar yetkazish yoki uni yo‘q qilib yuborish, ko‘chatlarga shikast yetkazish» deb nomlangan 104-moddasiga ko‘z yugurtiramiz:

Chorva mollar yoki parrandalarning xo‘jalik ekinzorlarini payhon qilishi, qishloq xo‘jalik ekinlarining dalada to‘plab qo‘yilgan hosiliga zarar yetkazishi yoki uni yo‘q qilib yuborishi, ko‘chatlarga shikast yetkazishi — fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qonun talabiga ko‘ra, bunday huquqbuzarliklarga nisbatan jazo qo‘llash uchun ma'muriy sudyalarning belgilangan tartibda chiqargan qarori (MJtKning 245-moddasi) talab etiladi.

Eng qizig‘i, amaldagi qonun hujjatlarida payhon uchun chorva mollari musodara qilinishi yoki go‘shti kam ta'minlangan oilalar va boshqa muassasalarga tekin berilishi haqida qoida belgilanmagan.

Tan olish kerak, paxta dalasini payhon qilinishiga yo‘l qo‘ygan fuqaro belgilangan tartibda jarimaga tortilishi shart, biroq fuqaroning mulki hisoblangan mol yoki qo‘y o‘zboshimchalik bilan so‘yib yuborilishi va go‘shti o‘zga shaxslarga tarqatib yuborilishini qonunlarga zid harakatlar majmui, deb baholash mumkin. Chunki O‘zbekiston Respublikasida mulk daxlsizdir va qonun bilan qo‘riqlanadi.

Qonun ustuvorligi ta'minlanadigan fuqarolik jamiyatida yashaymiz. IIB xodimlarining mazkur harakatlari na bir qonun va na bir tartib amal qiladigan Afrika qit'asining qoloq mamlakatlarini esga soladi.

Aslida, bu holat yuzasidan sud jarayoni bo‘lishi, unda hosili nobud qilingan fermer ishtirok etib, yetkazilgan zarar haqida ma'lum qilishi, o‘z da'vosini ilgari surish kerak edi. Shundan so‘ng, qonunda ko‘rsatilgan tartibda jazo belgilanishi lozim edi.

Kun.uz tomonidan mazkur maqola e'lon qilingandan so‘ng so‘yilgan qo‘y va echki egalarining ularni so‘yib, go‘shti tekin tarqatilishi uchun rozilik berganligi haqidagi «tilxat»lari yoxud ushbu holatni ijobiy deb qabul qilish uchun asos bo‘ladigan boshqa «dalillar» ham paydo bo‘lib qolsa, ajab emas...

Aslida,  shu ishga tashabbus ko‘rsatgan IIB xodimlariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi, zarar yetkazgan shaxslar tomonidan fuqarolarga yetkazilgan zarar to‘lab berilishi, o‘z navbatida, fuqarolar qonunda belgilangan tartibda ma'muriy javobgarlikka tortilishi, ulardan undiriladigan jarimalar davlat byudjyetiga kirim qilinishi lozim.

Ko‘ramiz, Buxorodagi Ichki ishlar boshqarmasidagi mutasaddilar buning qay birini tanlashar ekan?..

Mavzuga oid