O‘zbekiston | 23:51 / 08.10.2018
29835
7 daqiqa o‘qiladi

Turkiya elchisi: "O‘zbekiston investitsiya kiritish va turizmni rivojlantirish borasida katta salohiyatga ega, biroq..."

O‘zbekistonga investitsiya kiritish va turizmni rivojlantirish yo‘lidagi eng katta to‘siq bu - havo yo‘llari, uni muayyan texnik talablarni bajaruvchi barcha mamlakatlar uchun ochish kerak. Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Bashar Shen KUN.UZ muxbiriga shu haqida intervyu berdi.

"Turkiya turizm sohasida ilg‘or mamlakatlar qatorida ekanini hamma yaxshi biladi. Mamlakat faqatgina turizmning o‘zidan 30 milliard dollar daromad ko‘radi. Turkiya eng ko‘p sayyoh qabul qiluvchi top davlatlar beshtaligidan o‘rin olgan. Shu sababli o‘zbek qardoshlarimiz bu sohani rivojlantirish borasida Turkiya tajribasini o‘rganish tarafdori, zero O‘zbekistonning turizm borasidagi salohiyati juda katta", - deydi elchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning salohiyati ayniqsa ziyorat turizmi, tabiiy turizm va umuman ixtisoslashgan turizm turlari bo‘yicha yuqori. Turkiya esa bu yo‘nalishlarda katta tajribaga ega. Ahmad Bashar Shenning ma'lum qilishicha, o‘zbekistonlik mutaxassislar Turkiyaga borib, u yerdagi muzeylar faoliyatini o‘rganishmoqda, ikki mamlakat bir necha marta delegatsiyalar bilan almashgan.

"Bundan tashqari, O‘zbekistonda turizm infratuzilmasini rivojlantirish kerak. Bu yo‘nalishda infratuzilmani butunlay qamrab oluvchi yagona dastur tuzib olish lozim. Turkiya tomon bu ish bo‘yicha o‘z mutaxassisi Sodiq Badakni O‘zbekistonga taklif etdi. Turizm sohasida yana bir mutaxassisimiz uch oy "O‘zbekiston havo yo‘llari"da ishladi. U tizimni takomillashtirish ustida ish olib bordi. Bular bari tizimli masalalar", - qo‘shimcha qiladi u.

Elchining ta'kidlashicha, Turkiyada O‘zbekistonga turizm sohasiga investitsiya olib kirish haqida e'lon qilingan. Bugunga kelib O‘zbekistonda, jumladan Samarqand va Buxoro shaharlarida  mehmonxona qurishni boshlagan turkiyalik ishbilarmonlar bilan birga mehmonxona qurish istagidagi yana boshqa kishilar ham bor.

"O‘zbekistonga kelib, investitsiya kiritish, uning rivojiga hissa qo‘shish istagidagi ishbilarmonlar talaygina, biroq bu yo‘lda bir muammo bor - O‘zbekiston o‘zining havo yo‘llari tizimini ochishi kerak. Masalan, Turkiyaga dunyoning turli burchaklaridan parvozlar amalga oshiriladi, xohlagan odam xohlagan shahriga kelib ketaveradi. Eng ko‘p sayyoh Rossiyadan, ya'ni uning turli shaharlaridan keladi - 2018  yilning ilk sakkiz oyidayoq 6 million rossiyalik Turkiyaga sayohat qilgan. Turkiyaga parvozlarning texnik shartlari bor, masalan, bu yerga keluvchi samolyotlarning ishlab chiqarilganiga 50 yildan ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lishi kerak. Shu kabi texnik jihatlar muvofiq kelsa, hech qanday to‘siq yo‘q. O‘zbekiston esa bu borada ancha rivojlanishi lozim - bu yerga barcha respublikalardan samolyotlar parvoz qilishi muhim. Shunda o‘z-o‘zidan O‘zbekistonga sarmoya olib kiruvchi investorlar soni ko‘payadi, tabiiyki turizm shiddat bilan rivojlanadi", - deya ta'kidlaydi Bashar Shen.

Shu o‘rinda elchi mamlakatga tashrif buyurgan investor, masalan, mehmonxonalarning yillik o‘rtacha qancha sayyoh bilan to‘lishi, qanchalik o‘zini oqlashini o‘rganishini ta'kidladi. Agar mehmonxona to‘lmasa, u holda bu yerda mehmonxona qurishdan foyda yo‘q, chunki xorijiy sarmoyador uchun doimiy daromad bo‘lmaydi, qurilish o‘zini oqlamaydi. Samolyotlarning xorijiy mamlakatlardan haftada bir martagina parvoz qilishi juda kam. Investitsiya kiritilishi va turizm rivojlanishi uchun O‘zbekiston havo yo‘llari ochilishi kerak.

Ipak yo‘lida turizm" XXIV Toshkent Xalqaro turizm yarmarkasida Turkiya elchixonasi 49 kvadrat metr maydonni band qilib qatnashdi. Turkiya Respublikasi elchixonasining madaniyat va turizm masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyesim Chelebi ko‘rgazmaning O‘zbekiston turizmini rivojlantirish uchun e'tibor qaratishi kerak bo‘lgan yana bir jihatiga diqqatni jalb qildi.

"O‘zbekistonda turizm rivojlanishi uchun bunday yarmarkalarga xususiy sektor va turistik firmalarning  tashrifi juda muhim. Bu yerda xususiy firmalarining qatnashmayotgani - kamchilik. Bunga sabab - yarmarkadagi stendlarning ijara narxlari juda qimmat. Bu masalani  zudlik bilan o‘rganib chiqib, narxlarni pasaytirish yo‘llarini izlash kerak, xususiy sektorga ham imkon berish lozim. Xususiy firmalar yarmarka doirasida bir-biri bilan tanishib, fikr almashib, O‘zbekistonga yangidan yangi turistlarni jalb qilishi kerak. Men nafaqat Turkiya, balki O‘zbekistonni ham tanitishni, mamlakatda turizmni rivojlantirishni hamda yuqori marralarni zabt etishiga tilakdoshman", - deya ta'kidladi Chelebi.

Bundan to‘qqiz oy ilgari KUN.UZ'da "O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga nimalar to‘sqinlik qilmoqda? Turkiyalik ekspertlar fikri" nomli maqola taqdim etilgan edi. O‘tgan oylar davomida maqolada keltirilgan barcha bandlar bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi -  kerakli qonunlar ishlab chiqildi, sayyohlar uchun hojatxonalar qurila boshlandi, yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatilmoqda, tezyurar poyezdlar xizmat qilmoqda, diqqatga sazovor joylarda bepul Wi-Fi xizmati joriy qilinmoqda va bu borada tadbirkorlarga imtiyozlar berilmoqda, mehmonxonalar yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolar hal qilinmoqda, mehmon uylari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, bank shoxobchalari xizmat ko‘rsatmoqda va h.k. Bularning bari haqida saytda muntazam ravishda maqolalar taqdim etib borildi. Endi esa turkiyalik  ekspertlar havo yo‘llari ochilishi kerakligiga, xususiy kompaniyalarning o‘zaro fikr almashuviga sharoit yaratilishi lozimligiga e'tibor qaratishmoqda. O‘ylaymizki, sohani rivojlantirish va mamlakatga investitsiya kiritishga to‘sqinlik qilayotgan bu kabi muammolarga tegishli tashkilotlar tomonidan e'tibor qaratiladi.

Lola Raxmanbayeva

Mavzuga oid