Jahon | 08:15 / 09.10.2018
8328
2 daqiqa o‘qiladi

2020 yilgi AQSh prezidentligiga saylovlar uchun birinchi debatlar qachon o‘tkazilishi ma'lum

Foto: REUTERS

Amerika Qo‘shma Shtatlari Demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzodlarning birinchi debatlari kelgusi yilning bahorida, saylovlar kunidan bir yarim yil oldin o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda dushanba kuni 2020 Elections Central internet-portali Demokratik partiya a'zosi, AQSh sobiq prezidenti Barak Obamaning sobiq maslahatchisi Devid Akselrodga asoslanib xabar berdi.

«Bahor boshida debatlar bo‘lib o‘tadi, - deya qayd etib o‘tdi u. - Menimcha, kelgusi yilning birinchi choragi eng to‘g‘ri variant. Demokratik partiyada bu masalani kechiktirilmaslik lozimligi haqida o‘ylashmoqda. Bundan tashqari, ehtimoliy nomzodlar orasida ham xuddi shunday fikrlar mavjud».

2020 Elections Central xabariga ko‘ra, AQSh prezidentligiga Demokratik partiyadan Qo‘shma Shtatlar sobiq vitse-prezidenti Jo Bayden, 2016 yilda Demokratik partiyadan prezidentlikka rasmiy nomzod bo‘lish uchun kurashda Xillari Klintonga imkoniyatni boy bergan, Vermont shtatidan senatori Berni Sanders, shuningdek, Massachusets shtatidan senator Elizabet Uorren o‘z nomzodini ilgari surishi mumkin. Ehtimol, o‘ndan ortiq demokrat-nomzodlar saylovlarda ishtirok etish rejalari haqida e'lon qilishadi.

2020 yilgi prezidentlik saylovlariga nomzod rasman ilgari suriladigan Demokratik partiyaning qurultoyi 2020 yil 13-16 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Uni Mayami-Bich (Florida), Miluoki (Viskonsin) va Xyuston (Texas) o‘zida qabul qilishi mumkin. Respublikachilar o‘z qurultoylari qachon va qayerda o‘tkazilishini aniqlab bo‘lishgan: u 2020 yil 24-27 avgust kunlari Sharlott (Shimoliy Karolina shtati) shahrida bo‘lib o‘tadi. Qo‘shma Shtatlar prezidentligiga saylovlar 2020 yil 3 noyabr, seshanba kuni bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid