Jahon | 22:51 / 09.10.2018
5185
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyadagi zilzila qurbonlari soni oshishda davom etmoqda

Indoneziyadagi zilzila va undan keyin yuz bergan sunami oqibatida halok bo‘lganlar soni 2002 kishiga yetdi. Mahalliy hukumatning ma'lum qilishicha, 1068 nafar qurbon jasadi uchta ommaviy qabrda ko‘milgan, 934 jasad dafn qilish uchun yaqinlariga topshirilgan.

Jabrlanganlar soni 4084 kishigacha ko‘paygan. Palu, Dongala va Sirida 67 mingdan ko‘proq binoga ziyon yetgan.

Avvalroq qurbonlar soni 1944 kishiga yetgani ma'lum qilingandi.

Mamlakatning tabiiy ofatlarga qarshi kurashish agentligi vakili Sutopo Purvo Nugroxo 5 mingdan ko‘proq kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanayotganidan tashvish bildirgan.

Indoneziya meteorologiya, iqlimshunoslik va geofizika agentligi Paludan 5 km uzoqlikda 5,2 magnitudali navbatdagi yer silkinishi qayd qilingani ma'lum qilgan. Nugroxo odamlarni ijtimoiy tarmoqlarda oxirgi yer silkinishi oqibatida yangi qurbonlar bo‘lgani haqida tarqalgan lavhalar va ma'lumotlarga ishonmaslikka chaqirgan. Uning aytishicha, bu lavhalar 28 sentabrda Sulavesi orolidagi zilziladan keyin suratga olingan.

Jabrlangan hududlarga gumanitar yordam yetkazish davom etmoqda, biroq aholi ichimlik suvi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishmasligini his qilmoqda.

28 sentabr kuni Indoneziyada 7,4 magnitudali zilzila ro‘y berdi, so‘ngra yana 360ta takroriy yer silkinishi qayd etildi. Ular sunami kelib chiqishiga sabab bo‘ldi, uning to‘lqinlari balandligi 5-7 metrni tashkil etdi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid