Sport | 10:36 / 10.10.2018
3136
2 daqiqa o‘qiladi

Paraosiyo o‘yinlari. Yengil atletika va dzyudoda bittadan oltin, yana ikkita kumush naqd

10 oktabr tongida yengil atletika va dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi vakillari Paraosiyo o‘yinlaridagi navbatdagi medallarni qo‘lga kiritishdi.

Musobaqaning to‘rtinchi kunidagi ilk medal ham oltin bo‘ldi. Temur Giyazov balandlikka saklashda barcha raqiblaridan yaxshiroq natijaga erishib, chempionga aylandi. U Riodagi Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Toru Suzukini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. Yaponiyalik atlet kumush medal bilan cheklandi.

Ma'lum bo‘lishicha, Giyazovning medali balandlikka sakrash bahslarida Paraosiyo o‘yinlaridagi O‘zbekistonning ilk oltini bo‘lgan.

Roziya Ergasheva, Temur Giyazov
Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

Biroz o‘tib, ayollar o‘rtasida 100 metrga yugurishda startga chiqqan Sabina Suxanova marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi va 13:65 natija bilan bronza medali sohibasiga aylandi. U dushanba kuni 200 metrga yugurishda ham bronza medaliga sazovor bo‘lgan edi.

Chorshanba tongidagi dzyudo bo‘yicha bahslar ham muvaffaqiyatli boshlandi. -70 kg vazn toifasidagi O‘zbekiston vakili Vasila Aliboyeva finalda hindistonlik raqibini mag‘lubiyatga uchratib, yigirmanchi oltin medalni delegatsiya hisobiga qo‘shib qo‘ydi.

Vasila Aliboyeva - oltin medal sohibasi
Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

Erkaklar o‘rtasidagi dzyudo bahslarida Shuhrat Boboyev va Shirin Sharipov finalga yo‘l olgan bo‘lsa, Sharif Halilov va Feruza Yusupova bronza uchun jangda gilamga ko‘tariladigan bo‘ldi.

Yengil atletika va dzyudodan tashqari bugun O‘zbekiston vakillari 100 metrga brass usulida suzish bahslarida ham startga chiqadi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid