Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
54 sportchidan 77 ta medal va 6-o‘rin. Jakartada Paraosiyo o‘yinlari nihoyasiga yetdi (sarhisob)
6 oktabr kuni Indoneziyaning Jakarta shahrida start olgan III yozgi Paraosiyo o‘yinlari bugun o‘z nihoyasiga yetdi. So‘nggi kunga belgilangan to‘rtta sport turi bo‘yicha bahslar yakunlandi va ayni paytda yopilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi musobaqada 54 nafar sportchi bilan ishtirok etib, 77 ta medal (35 ta oltin, 24 ta kumush va 18 ta bronza) jamg‘ardi va musobaqa tarixidagi eng yaxshi natijasiga erishdi.
O‘zbekiston paraatletlarining xalqaro maydondagi natijalari:
- I Paraosiyo o‘yinlari, Guanchjou-2010: 21 sportchidan 6 ta medal (1+2+3)
- XIV Paralimpiya o‘yinlari, London-2012: 10 sportchidan 1 ta medal (kumush)
- II Paraosiyo o‘yinlari, Incheon-2014: 27 sportchidan 31 ta medal (22+5+4)
- XV Paralimpiya o‘yinlari, Rio-2016: 32 sportchidan 31 ta medal (8+6+17)
- III Paraosiyo o‘yinlari, Jakarta-2018: 54 sportchidan 77 ta medal (35+24+18)
Qayd etish joiz, O‘zbekiston delegatsiyasini Jakarta-2018ning eng sermahsul jamoasi bo‘ldi, deyish mumkin. Negaki, musobaqada kuchli o‘nlikka kirgan mamlakatlar orasida aynan O‘zbekiston terma jamoasi eng kam sportchi bilan ishtirok etdi. Xususan, Xitoy – 232, Janubiy Koreya – 201, Eron – 210, Yaponiya – 303, O‘zbekiston – 54, Indoneziya – 295, Tailand – 237, Malayziya – 139, Hindiston – 193, Hongkong – 100 nafar atlet bilan tashrif buyurgan edi.
O‘zbekiston terma jamoasi vakillari beshta sport turida musobaqalarda qatnashib, ularning to‘rttasida (suzish, yengil atletika, dzyudo, pauerlifting) medallar jamg‘arishdi. Faqat o‘q otish bo‘yicha bahslar bundan mustasno. Eng ko‘p sovrin suzish bo‘yicha bahslarda qo‘lga kiritildi.

Suzish terma jamoasining ikki vakilasi - Fotima Omilova va Shohsanamxon Toshpo‘latova musobaqada o‘zlari ishtirok etgan 7 ta yo‘nalishdagi bahslarning barchasida sovrindorlar safidan joy olishdi. Bu ikki sportchi birgalikda 7 ta oltin, 6 ta kumush, 1 ta bronza bilan umumiy jamg‘armaga salmoqli hissa qo‘shdi.
Suzuvchilardan, shuningdek, Dmitriy Xorlin va Islom Aslanov beshtadan medalga sazovor bo‘ldi. Yana qator sportchilar bir necha martadan shohsupaga ko‘tarilishning uddasidan chiqishdi.
Chapdan o‘ngga: Islom Aslanov, Shohsanamxon Toshpo‘latova, Fotima Omilova, Dmitriy Xorlin
Foto: Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi
O‘zbekiston sportchilari Paraosiyo o‘yinlari davomida ko‘plab rekordlar (39 ta) muallifi bo‘lishdi. Xususan, suzishda 2 marta jahon rekordi, 12 marta qit'a va 13 marta Paraosiyo o‘yinlari rekordlari o‘zbekistonlik atletlar tomonidan yangilandi. Yengil atletikada 1 marta jahon, 2 marta Osiyo, 9 marta Paraosiyo o‘yinlari rekordlari yangilandi. Riodagi Paralimpiya o‘yinlarida ikkita oltin medal sohibasi bo‘lgan Fotima Omilova Jakartada ikkita yo‘nalishda dunyo rekordini qayd etishga muvaffaq bo‘ldi. E'tiborlisi, 19 yoshli atlet brass usulida 100 metrga suzish bo‘yicha Rioda o‘zi o‘rnatgan jahon rekordini yangiladi.
Dunyoning eng yaxshi natijasini ko‘rsatgan terma jamoaning yana bir a'zosi – Husniddin Norbekov. O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdori o‘zi uchun yangi yo‘nalish – yadro uloqtirishda 10 yil davomida o‘zgarmay kelgan jahon rekordini yangiladi. Norbekov 2016 yili Rio-de-Janeyroda disk uloqtirish bo‘yicha dunyo rekordini o‘rnatgan edi.
Musobaqa davomida suzish bo‘yicha terma jamoa a'zolari sharofati bilan 4 marotaba shohsupa faqat O‘zbekiston bayroqlariga ataldi.
O‘zbekiston terma jamoasi medallar reytingida musobaqaning 1-3-kunlarida ikkinchi, 4-kunda to‘rtinchi va 5-6-kunlarda beshinchi o‘rinlarni egallab turgan edi. Ammo so‘nggi – 7-kunga kelib mezbon Indoneziya badminton bo‘yicha bahslar natijasiga ko‘ra kuchli beshlikka kirib oldi. Shu tariqa, O‘zbekiston III Paraosiyo o‘yinlarini 6-o‘rinda yakunladi.

Ma'lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 oktabrdagi «Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilari va ularning trenerlarini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 878-sonli qaroriga muvofiq, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindor sportchilarni tayyorlagan trenerlar quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirish belgilangan:
Oltin medal — 2.500 AQSh dollari;
Kumush medal — 1.500 AQSh dollari;
Bronza medal uchun — 1.000 AQSh dollari.
Mavzuga oid
09:59 / 26.10.2023
Bobur Omonov Paraosiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatib oltin medalga sazovor bo‘ldi, veloshosseda bronza
09:51 / 23.10.2023
Paraosiyo o‘yinlari. O‘zbekiston birinchi kunni 3ta oltin medal bilan boshladi
14:00 / 06.05.2022
2022 yilgi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari noma’lum muddatga qoldirildi
01:38 / 21.12.2018