Sport | 18:24 / 13.10.2018
8090
2 daqiqa o‘qiladi

«Navbahor»da yana bir rossiyalik murabbiy ish boshlaydi

O‘tgan hafta Namanganning “Navbahor” klubida rossiyalik mutaxassis Andrey Kanchelskis bosh murabbiy sifatida ish boshlagandi.

Klub rasmiy saytining ma'lum qilishicha, 15 oktabr kuni yana bir rossiyalik mutaxassis Aleksey Ilich Belenkov Namanganga keladi. Belenkov parvoz qilgan samolyot shu kuni ertalabki soat 6:30da Namangan aeroportiga qo‘nadi. Mazkur mutaxassisni “Navbahor” PFK vakillari va muxlislarning kutib olishlari rejalashtirilmoqda.

Aleksey Belenkov 1957 yilning 26 martida Rossiyaning Moskva viloyatida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyati davomida “Torpedo” (Moskva, 1974-1977), TsSKA (Moskva, 1978-1980), “Lokomotiv” (Moskva, 1981-1982) klublarida to‘p surgan. Shuningdek, sobiq ittifoq U-19, sobiq ittifoq U-21 terma jamoalarida ham o‘ynagan.

Murabbiylik faoliyatida davomida esa Rossiyaning “Pele” (1992), “Torpedo - MKB” (1993), “Titan” (1994-1995, 1997-1998), “Shinnik” (1996), “Saturn-2” (2000), “Saturn- Ren-TV” (2001-2002), “Sokol” (2003), “Ximki” (2004, 2012-2013), “Saturn” (2005-2006), TsSKA (o‘rinbosarlar, 2008), “Alaniya” (2009), “Torpedo - ZIL” (2010), “Ufa” (2011), “Dinamo” (Bryansk, 2012), “Torpedo” (Moskva, 2014-2015), “Solyaris” (2016) va Qozog‘istonning “Shaxtyor” (Qarag‘anda, 2004) klublarida ishlagan. 2016 yildan buyon ayni paytgacha Rossiyaning “Tom” (Tomsk) jamoasida faoliyat olib borayotgandi.

Kelasi haftadan esa Aleksey Belenkov “Navbahor”da yordamchi murabbiy sifatida ish boshlaydi.

Ayni paytda “Navbahor”ning murabbiylar shtabidan Andrey Kanchelskis, Shavkat Abduxo‘jayev, Durbek Umaraliyev, Mustafo Bayramov va A'zam Rajabbayev o‘rin olishgan.

Mavzuga oid