Sport | 11:00 / 14.10.2018
12520
13 daqiqa o‘qiladi

«Chempion hikoyalari». Edin Jyeko Manchester va Rimdagi tirilish, bolalik xotiralari va Shevchenko haqida

Biz tamom bo‘ldik! Zaxira o‘rindig‘ida o‘yinni kuzatib o‘tirar ekanman, xayolimdan faqat shu fikrlar kechayotgandi.

Uchrashuvdan oldin hammamiz «Manchester Siti»ni chempion «qilib qo‘ygandik». «KPR» ligadan tushib ketmaslik uchun kurashayotganidan xabarimiz bor, ammo biz kuchliroq ekanimizni bilib turardik. Maydonga tushib, g‘alaba qozonsak bo‘ldi – biz Premer Liga chempionlarimiz. Biz sovrinni qo‘ldan chiqarishimiz mumkinligiga hech kim ishonmasdi.

O‘yin boshlandi. Hammasi sokin. 39-daqiqada hisob ochildi. Biz oldindamiz. Chempionlik deyarli cho‘ntakda. 

Lekin ikkinchi bo‘lim boshidayoq ular hisobni tenglashtirishdi. Keyin raqib tarkibidan bir futbolchi maydondan chetlatildi va biz bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynay boshladik. Durang aslo bizni qoniqtirmas,«Manchester Yunayted»ni chempionga aylantirardi. Kutilmaganda, ular ikkinchi golni ham urishdi. Hammasi 18 daqiqa ichida sodir bo‘ldi. Dahshat!..

Esimda, ikkinchi goldan keyin Roberto Manchini maydon chetida turib, jahl otiga mingan, hech kim bilan gaplashmay, faqat so‘kinardi. Hammasi tamom bo‘ldi, deb o‘ylay boshladim. Biz ajoyib mavsum o‘tkazdik, lekin so‘nggi o‘yindagi bosimni yenga olmadik. Endi esa, hammasini bir necha daqiqada boy berib qo‘yishimiz mumkin, tushunyapsizmi?

Nihoyat Manchini meni oldiga chaqirdi va maydonga tushishimni aytdi. Butun jamoa bo‘lib, harakat qilishni boshladik. Juda ko‘p hujumlar uyushtirar, ammo to‘p hech raqib darvozasiga bormasdi. Ba'zida shunaqasi ham bo‘lib turadi. 88-daqiqa, 90-daqiqa... tamom bo‘ldik biz! Vaqt tugadi. Adashmasam, besh daqiqa qo‘shib berildi. Agar PlayStation o‘ynab yurgan bo‘lsangiz, bilasiz, agar 91-daqiqada yutqazib turgan bo‘lsangiz, g‘alaba qozonishning umuman iloji yo‘q. Biz esa, maydondamiz va boshqa imkoniyatimiz yo‘q.

Burchak to‘pi belgilandi. David Silva to‘pni uzatdi. Men boshim bilan darvozani aniq nishonga olganimda soat millari o‘yinning 91:20 soniyasini ko‘rsatib turardi. «Qani, yigitlar, qani» – men maydon markazi tomon yugurdim. Bizda o‘ynash uchun, g‘alaba qozonish uchun yana ikki-uch daqiqa qolgandi. Balki hammasi tamom emasdir?

Keyin nima bo‘lganini bilasiz. Bilmayman, bu qanday bo‘lganini ochig‘i. Go‘yoki, qandaydir ko‘rinmas kimdir bizga imkoniyat taqdim etgandek edi. Mendan o‘sha paytdagi hissiyotlarimni so‘rashadi. Menimcha, o‘shanda eng kuchli hissiyot, o‘zimni juda yengil sezgandim. Agueroning zarbasi golga aylanganda naqadar quvonganimni tasvirlab bera olmayman. Biz mana shu ajoyib jamoa bilan bir yil mehnat qildik, yaxshi natijalar ko‘rsatdik, ammo qaysidir soniyalarda biz hammasini boy berishimiz ham mumkin edi.

«Shaharliklar» uchun bu 44 yildagi ilk sovrin edi, shundaymi? Bu o‘yin menga futbolda ham, hayotda ham doim imkoniyat bo‘lishini, vaqt bor ekan harakatdan to‘xtamaslik kerakligini o‘rgatdi. Agar taslim bo‘lsang – sen o‘lding.  

O‘sha g‘alaba menga sheriklarim – Aguero, Silva, Yaya Ture, Kompani va albatta, Mario Balotellini yodga soladi. Shuningdek, omadim kelgan, u yerda men bilan birga Kolarov va Savich ham bor edi. Xuddi men kabi, Bolqonda tug‘ilib, katta bo‘lgan yigitlar. Biz o‘sha yerlardan kelib, Angliyada chempion bo‘lganimiz alohida g‘urur tuyg‘usini paydo qiladi. 80-yillarda Sarayevoda tug‘ilganim sizlarga ko‘p narsani tushuntira olsa kerak deb o‘ylayman.

Urush o‘chog‘ida edik. Ko‘chada futbol o‘ynab yurgan biz bolakaylar sirena ovozi eshitilishi bilan o‘yinni to‘xtatar va endi, qayergadir yashirinishimiz lozim bo‘lardi. Yosh bolamiz, ba'zida xavfni to‘liq his qilmasdik. Olti yoshimda nimalar bo‘layotganini albatta, tushunib turar, lekin bu haqida kam o‘ylardim. Ota-onam esa bu urush haqida biror daqiqa bo‘lmasin, o‘ylashni to‘xtatishmasdi. Ularning yelkasida mas'uliyat bor, bizga, kelajakka nisbatan xavotir bor, buni tushunsa bo‘ladi. Ularsiz men hayotim qanday bo‘lishi mumkinligini tasavvur ham qila olmayman.

To‘rt yil o‘tib, urush tugagach, hammasi buzilib ketgandi. Birorta ham shahar qolmadi. Esimda. Otam meni Jyeleznichardagi ilk mashg‘ulotimga olib borish uchun ikkita avtobus va tramvayga minishimizga to‘g‘ri kelgandi. Yo‘l uchun bir soatdan oshiq vaqt ketar, klub stadioni urushda buzilib ketgani uchun maktabdagi maydonda shug‘ullanishga majbur edik. Otam ishlashiga qaramay, har kuni meni mashg‘ulotlarga olib borar, tugagach, har doim banan olib berardi. Eng yomon davrlarda ham ota-onam menga va singlimga hamma narsani berishga harakat qilishgan.

Hammada ham orzu bo‘ladi. Ammo mamlakat endi tiklanayotgan paytda katta narsalar haqida o‘ylamaysan ham. Shunchaki, sirena tovushidan qo‘rqmasdan, hech qanday xavotirsiz ko‘chada futbol o‘ynashning o‘zi bilan ham baxtli edik. Xavotir yo‘q. Faqat futbol haqida o‘ylaysan. Ajoyib. Eng zo‘r tushlarimizda ham faqat«Jyeleznichar»ning asosiy tarkibida o‘ynashimiz mumkin xolos. Bu otamni ham baxtli qilishi mumkin bo‘lgan asosiy maqsad edi. Chunki u doim futbol o‘ynasa-da, professional ravishda futbol bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘lmagan.

Esimda, 17 yoshimda, bir kuni u bilan birga do‘konda nimadir xarid qilayotgandik. Odatiy kun. Kutilmaganda, murabbiylarimdan biri menga telefon qilib qoldi va ertaga birinchi jamoa bilan mavsumoldi yig‘inlariga borishim kerakligini aytdi. Buni otamga aytganimda, o‘zini tuta olmay qolgandi. «Nima? Kim? Qachon? Kim bilan????»

Bu quvonchli xabarni aynan uning oldida eshitish va ilk onlarni u bilan yashash men uchun juda ajoyib edi. Axir hayotimdagi dastlabki qadamlarimdan beri u yonimda. Urushdan keyingi har bir qadamni birgalikda bosdik.

Men u paytlarda Germaniya, Angliya yoki ayniqsa Italiyada to‘p surishim mumkinligini xayolimga ham keltirmasdim. O‘sha kunlarda «A Seriya» men uchun oxirgi cho‘qqi tuyulardi. 90-yillarda Italiyada juda ajoyib futbolchilar to‘p surgan, ayniqsa, Shevchenkoni juda yaxshi ko‘rardim. Yoshligimda murabbiylarimdan biri meni «Shevchenko» deb chaqirardi. Yuzimni Shevchenkoga o‘xshatib yuborardi. Ukrainalik futbolchi men uchun qahramon edi.

Hech qachon unutmasam kerak, nihoyat, 2008 yilda Shevchenkoga qarshi maydonga o‘ynash nasib qildi. Men«Volfsburg» safida to‘p surardim va biz «San Siro»da mehmon bo‘ldik. Ishonging kelmaydi. O‘yindan oldin tunnelda men uning oldiga bordim va uchrashuv tugagach, futbolkalarni almashtirishni iltimos qildim.

«Albatta, bemalol», – dedi u.

Menimcha, mening unga bo‘lgan hurmatimni qayerdandir eshitgan. Chunki o‘yin tugashiniyam kutmay, tanaffusga chiqib ketayotganimizda, Shevchenko oldimga keldi va futbolkasini uzatdi. Bunday daqiqalarni unutish mumkin emas. 

Qizig‘i, men juda ko‘p mamlakatlarda to‘p surdim, ammo faqat Rimda o‘zimni uydagidek his qila boshladim. Bosniya va Sarayevo, albatta, qalbimda eng asosiy o‘rin egallaydi, lekin Rim ham yaxshi davr. Men uchun futboldan boshqa muammolarni o‘ylamasam, oilam baxtli bo‘lsa, o‘zimni yaxshi his qilaman.

Ko‘pchilik mendan Italiya va Angliya futbolini solishtirishimni so‘rashadi. Angliya – tezlik, tezlik, tezlik. Bu yerda esa, taktika, taktika, taktika. Italiyadagi uch yilda juda ko‘p narsani o‘rgandim. Murabbiylar shu qadar mayda detallargacha e'tibor berishadiki, hayron qolasan. Lekin eng zo‘ri, men haqiqiy afsona – Franchesko Tottini do‘stim deya olaman. Ba'zida, «Roma»ga sal ertaroq kelsam bo‘larkan, deyman, ana shunda Tottining yordamida yanada ko‘proq gol urgan bo‘lardim. U bilan birga mening o‘yinim ko‘p tomonlama o‘sdi.

Rimda ham menda o‘ziga xos «KPR» bo‘lgandi. O‘tgan yilgi Chempionlar Ligasida «Barselona» bilan chorak finalni nazarda tutyapman. Bu shunday o‘yinki, qachondir bolalarimga ko‘rsatishim va «qaranglar, bu o‘yinni ko‘ringlar va hech qachon taslim bo‘lmaslik kerakligini o‘rganinglar» deya olaman. Birinchi o‘yinda 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradik. Bunday natijadan keyin hammasi tamom bo‘lganini tan olish osonroq.

Ammo keyin, javob o‘yinida men juda tezkor gol urdim. Muxlislar bizga ishona boshlashdi. Ikkinchi bo‘limda hakam penalti belgilagach, De Rossi uni aniq amalga oshirdi. Atrofdan qon hidi kela boshladi – eplay olamizmi? Eplaymiz!

Biz charchoq nima bilmay, xayvonlarga o‘xshab yugura boshladik. Bu o‘sha 2012 yildagi o‘yinni eslatib yuborardi. 82-daqiqalarga borib Manolas uchinchi golni urdi. Ishonish qiyin!

Ertasiga men televizorda o‘yini qaytadan tomosha qilib, yana bir necha gol urishimiz mumkin bo‘lganini angladim. «Barselona»ga qarshi o‘yinda bunday o‘ylash g‘alati, ammo qanaqadir mo‘'jiza sodir bo‘lgandi. Rostan ham ular hech narsa qila olmasdilar o‘sha oqshom. Biz uchun bu eng muhim o‘yin edi. Taktik jihatdan mukammal edik. Biz go‘yoki o‘lgandik, ammo hayotga qaytdik. Manchesterda ham, Rimda ham xuddi shuni his qildim. Bu futbol. Bunday voqealar har qanday o‘yinda sodir bo‘lishi mumkin. Hayotda ham.

Men hozir 32 yoshdaman va ertaga nima bo‘lishini bilmayman. Bosniya terma jamoasi bilan birga yana bir marta katta musobaqada o‘ynashni orzu qilaman. 2014 yilda xalqimga quvonch olib kelish, mundialda qatnashish nasib qilgandi, shu ishni takrorlashni istayman. Tasavvur qiling, Bosniya o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatida qatnashmoqda, «Marakana»da Argentinaga qarshi maydonga saflandi. Bu xuddi ushalgan orzularni eslatardi. Endi Messini ushlab qolsak, yetarli.

O‘sha chempionatdan so‘ng, o‘ylashimcha, vatanimda ko‘p narsa o‘zgardi. Biz yoshligimizda, bolalarning sevimli futbolchilari asosan chet ellik yulduzlar bo‘lardi. Hozir Sarayevoga borsam, bolalar ko‘proq mahalliy futbolchilar, masalan Miralim Pyanich haqida gapirmoqdalar. Men bundan albatta, xursand bo‘laman.

Biz, urushdan keyingi avlodning orzulari juda oddiy bo‘lgan. Biz shunchaki, xotirjam, sirenalarsiz futbol o‘ynashni istardik xolos. Endi esa, men futbolga ham, xotirjamlikka ham erishdim. Bu mening hayotim. Jiddiy ravishda ko‘proq futbol o‘ynash, ko‘proq futbol tomosha qilgim keladi. Ba'zida rafiqamga televizorda «A Seriya» yoki Premer Ligani tomosha qilib o‘tirishim yoqmagandek bo‘ladi va so‘raydi».

«Futboldan zerikmadingmi?»

Men kulib qo‘yaman. Menimcha, u javobimni biladi. Yo‘q, albatta, hech qachon.

 

Edin Jyeko

ThePlayersTribune dan olindi

Mavzuga oid