Jahon | 20:52 / 14.10.2018
3236
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki Indoneziyaga tabiiy ofatlardan keyin tiklanish uchun 1 mlrd dollar ajratadi

Foto: REUTERS/Jorge Silva

Jahon banki Indoneziyaga zilzila va sunami oqibatlari bilan kurashish uchun 1 mlrd dollar taqdim qilishga tayyor. Bu haqda bank bergan bayonotda aytilgan.

Bank vakillari ajratiladigan mablag‘lar tabiiy ofatlardan erta ogohlantirish tizimlarini takomillashtirish, infratuzilma va muhim obektlarni tiklash uchun ishlatilishi mumkinligini ma'lum qilishgan. 

Bundan tashqari, moliyaviy yordam eng nochor 150 ming oilaga 6 oydan bir yilgacha pul o‘tkazmalari amalga oshirilishini ko‘zda tutadi. Bu chora tiklanish vaqtida aholining bandligini qo‘llab-quvvatlashga imkon beradi.

Mablag‘lar, shuningdek, iyul oxiri–avgust boshida zilzilalardan jabr ko‘rgan Lombok orolini tiklashga ham mo‘ljallangan. O‘sha zilzila vaqtida 500 dan ko‘proq odam halok bo‘lgan va bir necha ming kishi jarohat olgan. Yuz minglab kishi o‘z uyini tashlab, vaqtinchalik boshpanalarda joylashishiga to‘g‘ri kelgan. 

Jahon bankining ma'lum qilishicha, ushbu mablag‘lar Indoneziya rahbariyatining tegishli so‘rovidan keyin taqdim qilinadi. Bankning hisob-kitobiga ko‘ra, Markaziy Sulavesi viloyatida tabiiy ofatlardan ko‘rilgan iqtisodiy ziyon 531 mln dollarga yaqinni tashkil qilgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu zilziladan keyin yuzaga kelgan sunami oqibatida 2090 dan ko‘proq odam halok bo‘lgan, yaralanganlar 10,6 mingdan oshib ketgan. 

28 sentabrda Indoneziyada 7,1 va 7,4 magnitudali ikkita zilzila yuz bergan. Shundan bir necha soat o‘tib hududga sunami yopirilgan.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid